9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Defektolog talabalar bilan muloqot

notiq.uz > Arxiv  > Defektolog talabalar bilan muloqot

Defektolog talabalar bilan muloqot

Antik dunyoda Shoh Fillip saroyida ikki uch yashar bolalarga, jumladan dunyoga dong‘i ketgan jahongir shoh Adeksandr Makedonskiyga ham bolaligida talaffuz, nutq bo‘yicha saboq bergan Aristotel haqida eshitganmiz, o‘qiganmiz.  Demak, bolalarning nutqiy rivojlanishiga e’tibor juda yoshligidan boshlansa, kelajakda u logopedga ehtiyoj sezmaydi. Har bir tovushni va so‘zlarni aniq talaffuz qiladigan bo‘ladi. Hatto, oltmish yoshni qoralagan ayrim kishilarning ham “R” titroq tovushini talaffuz qilolmasligini bilasiz. Yoshlikdan qilingan e’tiborsizlik, ularning chuchuk tilli bo‘lib qolishiga sabab bo‘lgan. YUnon, Eron, Turonda ham nutqi ravon, chiroyli talaffuzi va mazmunli nutqi bilan ommaning hayratiga sabab bo‘lgan buyuk voizlar etishib chiqqan. Sitseron, Demosfen, Aristotel g‘arbda qanchalik mashhur bo‘lgan bo‘lsa, Navoiy, Bobur va Husayn voiz Koshifiylar ham el orasida shu qadar manzur va maqbul bo‘lishgan. Inson tabiatan o‘zining libosiga, tashqi tuzilishiga, aniqrog‘i suvratiga e’tibor bilan qaraydi, ko‘pgina hollarda nutqi, talaffuziga e’tibori sust. Nutqning aniqligi tafakkurning tiniqligidan, tafakkurning tiniqligi esa talaffuzning aniqligidan ekanini e’tibordan soqit qilish yaramaydi. Rus adibi A.P. CHexov ta’kidlaganidek, “Insonning nutqi ham, xulqi ham go‘zal bo‘lishi kerak.” Go‘zallik dunyoni qutqarar ekan, ma’naviyati go‘zal bo‘lgan inson ardoqli. Nutqning, talaffuzning chiroyli bo‘lishi tilning orfoepik xususiyatlarini bilish bilangina cheklanmaydi. Balki tinimsiz ravishda ya’ni, talaffuz va tafakkur mashqlarini qilish, takrorlash bilan izohlanadi. Tez aytish, maqol va alliteratsiya usuli bilan yaratilgan nazmiy parchalarni ovoz chiqarib qayta-qayta o‘qish va yod olib takrorlab yurish  zarurdir. SHunday ekan, go‘zal va ravon talaffuz nutqning effekti bo‘lsa, uning buzilishi esa deffektidir. YOshlikdan til go‘zalligi va boyligini his eta boshlasangiz,  ulg‘ayganingizda sizga katta imkoniyatlar eshigini ochishi, shubhasiz.

Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining “Defektologiya” fakultetida xuddi shu bo‘shliqni to‘ldirish uchun tajribali, o‘z sohasining etuk bilimdoni bo‘lgan pedagoglar faoliyat yuritishadi. Bu borada so‘z ketganda, fakultet dekani dotsent L. Nurmuxamedova, ma’naviy-axloqiy ishlar bo‘yicha dekan muovini, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Z. Axmedova, “Maxsus ta’lim metodikalari” kafedrasi o‘qituvchilari N. Abidova, I. Xamraevalarning alohida xizmatlari borligini e’tirof etish o‘rinlidir. Kuni kecha o‘sha fakultetning birinchi bosqich talabalari bilan “Ta’sirchan nutq manbai” mavzusida TVXTXQTMOI dotsenti, filologiya fanlari nomzodi, “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu davra suhbatida talabalarning ma’naviy ehtiyoji to‘la qondirilganini his etish mumkin. Notiq o‘z nutqida faqat insongagina berilgan oliy ne’mat so‘zlash va anglash tuyg‘usi borasida so‘z ochdi. Mahmud Koshg‘ariyning “Kishi so‘zlashu, yilqi yizlashu” degan naqlining ma’no mazmunini ochib berdi. Odamlar bir-biri bilan so‘zlashib tanishganlari kabi hayvonlar bir-birini hidlashib tanishadi. YUsuf Xos Hojibning “Ardam boshi til”, ya’ni odobning avvali til bilan ekanini ayta turib, Alisher Navoiyning nutq borasidagi mulohazalaridan misollar keltirib o‘tdi. Suhbat nihoyasida talabalarning aksariyati nutqi aniq, fikri va talaffuzi tiniq notiq bo‘lishlarini, bu borada barcha mashaqqatli jarayonlardan oshib o‘tishga tayyor ekanligini bildirishdi. SHuni aytish kerakki, ushbu ma’rifiy tadbir talabalarning qalbidagi ona tilimizga bo‘lgan mehr uchqunini alangalatibgina qolmay, balki mafkura, ma’naviyat va muloqot madaniyatining birligi bo‘lgan til va nutq masalasiga ularning e’tiborini yanada kuchaytirdi. Til xalq, millat, vatan taqdiri va tarixining oynasi ekanligini chuqur idrok etishdi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.