9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

G’oyaviy omil

notiq.uz > Arxiv  > G’oyaviy omil

G’oyaviy omil

G‘oyaviy omil

Turli davrlarda, turli makonlarda xalqi qudrati va ulug‘vorligini o‘zida mujassam etadigan buyuk siymolari bo‘ladi. Ular o‘zi mansub bo‘lgan xalqning ramziga, davlatning timsoliga aylanishi muqarrar. “Bizning kuch qudratimizni bilmoqchi bo‘lsangiz, biz qurdirgan imoratlarga nazar soling” degan mazmunidagi bitiklari, markazlashgan davlat barpo etishdek buyuk xizmatlari bilan dong qozongan sohibqiron Amir Temur ana shunday shaxslardandir. Uning o‘z xalqi orzu-maqsadlari, ulug‘ va qutlug‘ g‘oyalar yo‘lidagi sobitqadamligi va kamarbastaligiga tarix shohid.

TVXTXQTMO institutida 2016 yil 4 aprel kuni Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi bilan hamkorlikda Amir Temur tavalludining 680 yilligiga bag‘ishlangan “Milliy g‘oya targ‘ibotida Amir Temur omili” mavzusida respublika amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu amaliy seminarda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov, Toshkent islom universiteti professori t.f.d. Ubaydulla Uvatov, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi rahbari t.f.n., dotsent Nozimjon Habibullaev, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori t.f.n., dotsent Xurshid Fayziyev, Temuriylar tarixi davlat muzeyi bo‘lim boshlig‘i t.f.n. dotsent Omonulla Bo‘riev, Institutimiz o‘quv-metodik ishlar bo‘yicha prorektori t.f.n. dotsent Abdulla Tohiriyon kabi tarixchi va temurshunos olimlar o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildilar. Ma’ruzalar tadbirda ishtirok etgan 12 nafar institut professor-o‘qituvchilari, 250 nafar tinglovchi-pedagoglarda katta taassurot qoldirdi. Jumladan, ma’ruzalarda quyidagi  ma’lumotlar ta’kidlandi.

Amir Temur va temuriylarning davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik, boshqa sohalardagi ulkan va boy merosini o‘rganishga qiziqish jahon miqyosida tobora ortib bormoqda. YUrtimizda va xorijda temuriylarning dunyo tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasiga oid ko‘plab asarlar yaratilmoqda, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Bular Sohibqiron shaxsiyati va uni shakllantirgan zamin, tarixiy shart-sharoitga doir yangi-yangi qirralarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kimki o‘zbek nomini, o‘zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo‘shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchni anglamoqchi bo‘lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak. Bobokolonimizning qudratli davlat, adolatli jamiyat barpo etish, o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, barqarorlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, xalq farovonligini ta’minlashga oid ezgu tamoyillari bugun Vatanimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotini asosiy mezoniga aylangan.

“Amir Temur davri bashar tarixi inkishofining eng oliy nuqtasidir. Dunyo yaratilgandan buyon Temurnikiday davlat barpo bo‘lmagan. Bobil va Eron hukmdorlari, hatto Iskandar ham bu buyuk jahongir qarshisida bir soya kabidir”. (Ibn Xaldun)

“Ovrupalik muarrixlar vahshiy, johil deb tasvirlagan bu zot aslida unday emas edi. Ovrupaliklar Temurning O‘rta Osiyoda davlat arbobi sifatidagi faoliyati bilan umuman tanishmasdan, uning hukmronligini o‘ta adolatsizlik bilan tasvirlaganlar. Axir, u xalqini taraqqiyotning yuqori bosqichiga olib chiqqan  davrning o‘ta madaniyatli vakili edi… Ovrupo konstitutsiya haqida oddiy tushunchaga ham ega bo‘lmagan kezlarda ana shu “vaxshiy”ning davlatida konstitutsiyaviy qonunlar majmuasi – tuzuklar mavjud bo‘lgan va amalda qo‘llanilgan”.  (Dmitriy Lagofet)

“Amir Temurni CHingiz ila bir safga qo‘yib, uni vahshiy, zolim, qaroqchi deb atagan kishilarning fikrlari ikki bor xatodir. U, avvalo, Osiyo sarkardasi edi. U g‘olib askarlari va qurollaridan zamonasining taomilicha foydalangan. (Herman Vamberi).

“Tarixda shunday insonlar bo‘ladiki, ular hali hayotligidayoq milliy doiradan chiqib, butun insoniyat e’tibori qaratilgan shaxsga aylanadilar. Buyuk  Amir Temur insoniyat tarixidagi ana shunday buyuk zotlardan biri edi” (Jan Pol Ru)

“… Agarki nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazmu-nasrni andoq xub mahalu mavqe’da o‘qubturlarkim, aningdek bir bayt o‘qug‘ani ming yaxshi bayt aytqoncha bor.” (Alisher Navoiy)

Mutafakkirlarning bu mulohazalari sohibqiron siymosi borasida muayyan tasavvurotning paydo bo‘lishida muhim omil bo‘lishi haq. Sohibqiron Amir Temur faoliyatidagi vatanparvarlik tuyg‘usining o‘ziyoq, g‘oya targ‘ibotida muhim faktor bo‘lishini inkor etib bo‘lmaydi. U kerak paytda qahrli va mehrli, kerak paytda muhabbatli va muruvvatli hukmdor sifatida tarixga xalqimiz qalbu ongiga muhrlangan siymodir.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.