Avloniy avlodlari
O‘z uquvini, malakasini oshirish sohaga daxldor yangi bilimlarni egallash va yangi yo‘l-yo‘riqlar bilan oshno bo‘lish demakdir. Malaka oshirish institutlarida bu masalalarga alohida e’tibor bilan qarashadi. CHunki o‘qiganlarni o‘qitish katta mas’uliyat talab etadi. Malaka oshirish institutining mohiyati fanga daxldor bo‘lgan yangi ma’lumotlarni berish bilan cheklansa, maqsad to‘laligicha namoyon bo‘lmaydi. Uni boshqa ta’lim “ustaxonalari”dan ham olish mumkin. Nima, qachon, qaerda, qanaqa savollariga javob olish bu bilim. Nega, nima sababdan, nima uchun, nima maqsadda kabi savollariga javob izlash orqali faoliyat ko‘rsatish esa bu ilmdir. Ilm bilimdan oziq oladi. Kitob bilim manbai bo‘lsa, bilim esa ilm manbaidir. Ta’bir joiz bo‘lsa, bilim bu mashinaning o‘zi bo‘lsa, ilm uning harakati, boshqarilishidir. Metod, metodologiya, texnologiya esa malaka oshirish institutlarining ta’lim, tarbiya, tadris, tahlil va tadqiqqa tegishli usul va uslublarining jamlanmasidir. Bu erda nazariy ma’lumotlardan ko‘ra, ko‘proq amaliy mashg‘ulotlar bilan ish tutishni o‘rgatish muhimdir. Demak, ot, sifat, son, fe’l kabi so‘z turkumlarining savollariga nisbatan malaka oshirish institutlarida ravish holining so‘rog‘i, ya’ni qanday qilib, qay holda kabi savollarga javob topishga moyillik bo‘lishi kerak. O‘rgatishni o‘rgatish esa tabiiyki, qay tarzda, qanday qilib degan savollar orqali yuzaga chiqadi. Metodologiya zamirida qanday usulda degan savol echimi asosiy masala sifatida ko‘ndalang turadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarimizda mavjud bo‘lgan malaka oshirish institutlarining pedagoglar jamoasi galma-gal poytaxtda o‘z malakalarini oshirish uchun kelib turishadi. Ana shu niyatda may oyida bir guruh kasbdoshlar bilan Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish Markaziy institutida tahsil oldik. Saboq va tahsil olinadi, dars va saboq beriladi. Ishqilib hammasidan bahramand bo‘ldik. Savod esa chiqaziladi. Savodxon degan so‘zning qo‘llanilishi aslida, mantiqiy emas. Tildan tilga o‘tadigan ayrim so‘zlar asl va majoziy, ko‘chma ma’nolaridan tashqari boshqa til leksikoniga ma’no torayishi va kengayishi bilan kirib keladi. SHu jihatdan leksikadagi ayrim so‘zlarning asl lug‘aviy ma’nosi va istilohiy ma’nosi orasida tafovut paydo bo‘ladi. Savod arab tili orqali kirib kelgan so‘zlardan bo‘lib, u “qora” degan ma’noni bildiradi. Qorani ketkizish, zimistonni yoritish uchun ziyo, ta’lim zarur. “Hajar ul-asvad” qora tosh demakdir. Ka’bada joylashgan, haj ibodati bilan borgan musulmonlar ziyoratgohiga aylangan Qoratosh (meteroit) ham o‘zagi shundan. Savod chiqaziladi, ketkiziladi. SHu ma’noda savodxon deyilishi erish tuyuladi. Taniqli adib Tohir Malik ham qaysidir kitoblarida shu haqda yozgan edilar.
Guruhimizda tahsil olayotgan kasbdoshlarimiz o‘zlarining xarakteri, qiziqishi va dunyoqarashi bilan o‘ziga xos. Bir oy muddat ular bilan o‘tkazgan paytim menda iliq taassurot qoldirdi. Ular bir oy davomida nima qilarkanmiz, rosa zeriksak kerak degan andisha bilan kelishgan ekan. Bir oyni qanday o‘tganini o‘zlariyam bilmay qolishdi. Guruhimizdagilar bir-birlari bilan tezlikda til topishib ketishdi. Buni testlarga tayyorgarlik jarayonida ham, madaniy hordiq chiqarish paytlarida ham anglab olish qiyin emasdi. YOshi ulug‘i Abdisalim aka Kenjaboev, termizlik. Tirishqoq, izlanuvchan, ingliz tili fani mutaxassisi. Biron masalaning tub mohiyatiga etmaguncha qo‘ymaydi. Tezlikda savol berib javobini bilishga oshiqadilar. Ba’zi o‘qituvchilarga malol kelsada yoshlarini hurmat qilib lom-mim deyishmasdi. O‘zlari cho‘rtkesar, haqiqatparvar bo‘lgani uchun boshqalarniyam shunday bo‘lishlarini istaydi. Bu istak ularga pand bersa ham afsuslanmaydigan muallimlardan. Keyingi yil haj safariga o‘zini ruhan tayyorlashni boshlagan insonlardan. Farzandlari allaqachon ota uchun haj safari tadorikini ko‘rib qo‘yishgan. Surxonliklarga xos jaydarilik va samimiyat aks etgan Abdusalim akamda.
Andijon malaka oshirish instituti tomonidan tashrif buyurgan Barnoxon Rahmonova haqida alohida to‘xtalish zarur. U o‘z fanini sevishi bilan birga uni boshqalarga ibrat qilib ko‘rsata olish mahoratiga ham ega edi. Toshkent viloyat XTXQTMO institutida o‘tkazilgan ikkita tadbirda ishtirok etib, o‘z nutqi va ijodkorlik hamda ijrochilik mahorati bilan ko‘pchilikni lol qoldirdi. Birinchi tadbir shoir Muhammad YUsuf xotirasiga bag‘ishlangandi. O‘zbekiston xalq shoirining hamyurti sifatida u nutq irod qila turib, shoirning dilga yaqin, qo‘shiqlarga aylanib ketgan she’rlaridan ifodali tarzda o‘qib berdi. Ikkinchi tadbir esa “Ahli muhabbat, qaydasiz” nomi bilan O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir ijodiga bag‘ishlangandi. Barnoxon ushbu tadbirda ham shoir ijodining muxlislaridan biri sifatida o‘zining iliq fikrlarini bildirdi. Institut rektori R. CHoriev Barnoxonga “Dilbar, so‘zga chechan va ayni paytda mahoratlik pedagog ekan, qaniydi shunday muallimalarimiz ko‘p bo‘lsa” — deb ularga katta baho berdilar. Nasibaxonning “hang” degan so‘zlariga mahliyo bo‘lib “ag‘da-mag‘da turib, shetda, ashi” gaplarini aytib yurdilar. O‘quv kursining tugashiga “jichcha” qolganda test savollarini muvaffaqiyatli topshirib Andijon ketib qoldilar. Xayrlasha olmay ham qoldik.
Sirdaryo viloyat malakasini oshirish institutidan kelgan Azamat Urolov guruh sardori. U guruhdagilarning kayfiyatlarini chog‘ qilish uchun qo‘ldan kelgan barcha harakatlarni qildi. Dam olish uchun “mayovka” qilish, daryo bo‘yiga olib borish, toqqa chiqish, teatrlarga boshlab borish va hokazo. Lekin guruhdagilarning boshini bir joyga keltirish, uyushtirish oson kechmadi. Birining mayli bo‘lsa, ikkinchisining vaqti yo‘q. SHunday bo‘lsada, guruh sardori vazifasini a’lo darajada ado etdi. Axiyri, “Sizlarni Sirdaryoga taklif etaman, daryo bo‘yida maza qilib dam olamiz”- deb qutuldi. 909 rusumli “Neksiya” rusumli avtomobilida bir oy mobaynida elib yugurib xizmat qildi, ismiga monand yigit ekanligini tasdiq etdi.
YAkubjanova Muhayyoxon(Sirdaryo), Allamova Muhabbat(Xorazm), Salieva Perdaxon(Nukus)lar haqida ham xuddi shunday iliq fikrlarni aytish mumkin. Qoraqalpog‘istonlik to‘rtta kursdoshimiz o‘ziga xos xarakterga ega samimiy, sidqidil inson edilar. Matekev Seyitjon dushanba kunlari darsga kelganida horg‘in, ma’yus ko‘rinardi. YUzu ko‘zlari bir muncha qizargan holda bo‘lardi. Uyini sog‘inibdi, shekilli, deb qo‘yardim. Keyin bilsam, yakshanba dam olish kuni bo‘lganidan keyin haqiqiy dam olish kuniga o‘xshasin deb o‘rtoqlari bilan “Qoratov”ga sho‘ng‘ib kelisharkan. Qancha ichishsa ham qoraqalpoqchasiga “tubalashamizmi” deyishmasligi taajjubli edi. Uning yonida doim Ikrom-brek nomli bir yigit bor edi. Qoraqalpoqcha va o‘zbekcha she’rlarni qoyilmaqom qilib, maromiga etkazib o‘qir edi. Nemischa tartibni xush ko‘rardi. Tanaffus o‘z vaqtida bo‘lishi, dars o‘z vaqtida tugashi kabi yumushlarning nazoratini zimmasiga olgan kursimizning ajoyib, dilkash yigitlaridan biri edi u. So‘nggi haftalarda hech kim qo‘ng‘iroqqa e’tibor qilmay qo‘ydi. Hamma Ikrom Xolmuratovga qarardi. U tanaffus desa hamma o‘z o‘rnidan qo‘zg‘alardi. Aks holda, hech kim o‘z o‘rnidan jilmaydigan bo‘lib qolishgandi. YUldasheva Saodat samarqand MOIdan kelgan bo‘lib, bilimga qiziquvchanligi, harakatchan va tirishqoqligi bilan ajralib turardi. U aruz vazni qoidalari bo‘yicha mukammal bilimga ega edi. Kamtarlik qilib shu xususda mendan o‘rganmoqchiligini aytgandi. Men undan aruz va barmoq vazni, hijo va bo‘g‘inning o‘xshash va farqli jihatlarini “Venn diagrammasi” bo‘yicha ishlab berishini iltimos qildim. U iltimosimni so‘zsiz bajarib, ilmiy asoslangan va puxta holda diagrammani menga taqdim etdi. Uni dars jarayonida foydalanib kelaman. U kursdoshlarga keltirgan Samarqand nonining mazasi hamon og‘zimizda.
Baholash va baholanish nisbiy ekanligini o‘quv amaliyoti jarayonidan hammamiz bilamiz. Interfaol metodlar, innovatsion pedtexnologiyalar bo‘yicha bilimi va malakasi jihatidan hammamizdan kuchli bo‘lgan Aekeeva Guljahonning malakaviy ishda negadir bahosi pasayib qolganida uning qattiq xafa bo‘lib ko‘z yoshi qilganlari hamon ko‘z oldimdan ketmaydi.
Xotirada muhrlanishga mezon bo‘ladigan holatlardan biri Toshkent shahar MOI nomidan tashrif buyurgan Nazarova SHoiraning “uy egasi bizga hech narsa tortiq qilmadi deb xafa bo‘lmang”,- degan ma’noda keltirgan totli tortining ta’miga gap yo‘q. SHoiraxonning bu mulozamati uning shirinligini yanada shahdu shakarga aylantirganini aytmasam ham hamma biladi.
“Til bilgan dil bilar, dil bilgan el bilar”- degan hikmatni o‘z faoliyatida to‘la amalga oshirib kelayotgan Farg‘ona MOIdan kelgan To‘lqinjon Sodiqovga gap yo‘q. Ingliz tilini o‘rganish va o‘rgatish bo‘yicha olib borgan tajribalari asosidagi o‘quv qo‘llanmalari va slaydlarni barchamizga taqdim etishi boshimizni ko‘kka etkazdi. Ayniqsa, fokuslari bilan hammamizni lol qoldirdi. Menga sovg‘a qilganlari “Qiziqarli matematika” risolasi hamon ularni eslatadi. “Pechene patirning mazasiga gap yo‘q”- deb Nasibaxon ayniqsa, ishtaha bilan eya boshlagach, biz ham qo‘shilib paqqos tushirdik.
Namanganning olmasi-yu noni tillarda dostonligini bilardik yana bir bor bilinglar, degan mazmunda Namangan MOIdan kelgan Dilorom Islomova keltirgan kulcha nonlarga ham qoyil demasdan iloj yo‘q. Gap faqat taomdan bo‘layotgani uchun hamma menga taajjub bilan qaramasin. Badanning quvvati taom bilan ruhning quvvati kalom bilan degan naqlga e’tiborim kuchli bo‘lgach, nima qilay, axir? Diloromxon ruhiy quvvat bo‘ladigan bir kitobni ham bizga uzatibdilar. YAqinda qo‘limga kelib tegdi. Bu Mixail Kuzminning “Buyuk Iskandar zafarnomasi” nomli “Namangan” nashriyotida chop etilgan risola edi. O‘qib chiqdim. Xursand bo‘ldim. Ancha hikmatomuz fikrlar bor ekan. Tun kunning otasimi yoki aksincha degan savolga javob shunday: Tun bizning onamiz, hammamiz uning qo‘ynida uxlab orom olamiz, lekin yorug‘likka intilib.
O‘zlari asli xorazmlik bo‘lib, chaqirganlarga “labbay” deyish o‘rniga hang deb turadigan bir singiljonimiz ham o‘qidi. Ismlari negadir yodimda yo‘q. Ha, endi yodimga tushdi, Nasiba Ergashevna. Muhabbat bilan birga turishardi, birga yurishardi, birga o‘tirishardi. Bir oy muddat mobaynida o‘qishni ham joyiga qo‘ydi. Lekin o‘z vaqtida madaniy hordiq chiqarishni ham kanda qilmadi, xayolidan chiqazmadi. Bu borada birinchilardan bo‘ldi, hisobi. Poytaxtdagi bironta kinoteatr, sirk va istirohat bog‘lari qolmadi hisobi, istasa istamasa ham Muhabbat Allamovani etaklab olib borar, Toshkent oqshomlaridan ilhomlanib bahra olardi. Ayniqsa, bozorlarni hammasi uni olqishlagan bo‘lsa ajab emas. Nimadir xarid qilish -qilmasliklaridan qat’iy nazar, albatta bozorlarni aylanishni xush ko‘rar, sevimli qizalog‘ini xursand qilishga sabab bo‘luvchi biron narsani izlardi. Taajjubli holat shuki, bir oy uchun demak, o‘ttiz kun uchun o‘ttizta rango rang libos keltiribdilar. Har kuni darsga har xil libosda malikalardek bo‘lib, tovusdek tovlanib kelardilar. Xorazmdan kelishda uchta jomadon bilan, Toshkentdan esa oltita jomadon bilan qaytdilar desam, mubolag‘a qilayapsiz deb o‘ylamang. Ko‘pgina teatr va bozorlar qolib ketdi, keyingi daf’a kelganimda aylanarman,- deb o‘zlariga tasalli berganlarini eshitib qoldim. Lekin shuni aytish joizki, a’lochiligi, o‘z ishini nihoyatda noziktab’lik bilan bajarishi bilan kursdoshlarning ishonchini va mehrini qozondi. Testlarga tayyorlanishda uning kursdoshlar qatori kaminaga ko‘rsatgan yordamlarini ham aytib o‘tmasam insofdan bo‘lmas. U diyonatni e’zozlar, xiyonatni jinidan battar yomon ko‘radigan dilbar ayol bo‘lib xayoli, fikru zikri faqat oilasida, bolalarida edi.
Tayloqova SHahnoza biz ta’lim olayotgan ushbu Markaziy institutning xodimasi bo‘la turib o‘zimizga kursdosh edilar. Bizni markaz bilan bog‘lab turishda xizmati, hurmati va himati baland edi. Asli kim uchundir boshqa daryo, mening uchun Qashqadaryo edilar. Saboq bergan o‘qituvchilarimizdan SHukritdin Paxritdinov, Ravshan Ishmuhamedov, Anjim SHamshimetova, Erkin Sattorov, Gulnora Xudoyberdieva, Abdurahim Hasanov, Anvar Bahromov, Muhabbatxon, Bahrom aka, SHahnoza va boshqa pedagoglardan minnatdormiz.
Ro‘zai Ramazon paytida xotirotlarni qog‘oz yuziga tushirishga oshiqdim. Hali iftorlikkacha ancha vaqt bor ekan. Buni shaxsiy saytimga qo‘yishga ham bemalol fursat etadi, deb o‘ylayman. Ma’rifatparvar Avloniyning ma’naviyatchi avlodlari bo‘lmish kursdoshlarimga samimiy sog‘inchlik salomlarimni yo‘llab, oilasi, shogirdlari, barcha yaqinlari baxtiga doimo omon bo‘lsinar, doimo biz tomon bo‘lsinlar, deb qolaman.