SAIDKOMIL UMAROV: JINOYAT VIJDONGA XIYONAT
Ushbu rukndagi turkum suhbatlarda taniqli shaxslar, olimlar, san’atkorlar, yozuvchi va shoirlarning olam va odam muammolari borasidagi mulohazalari bilan tanishish asnosida ularning qalb oynasi bilan oshno bo‘lasiz degan umiddamiz. Bu galgi suhbatdoshimiz taniqli san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Saidkomil Umarov.
- Saidkomil aka, bilib — bilmasdan qilingan ayb va aybdor haqida nima deysiz?
- Bilib — bilmasdan deymiz-u, unday holda insonga berilgan tafakkur, aql — idrok qaerda qoladi. Ongli inson har bir narsaning aql tarozisiga qo‘yib ko‘radi. Keyin o‘ylab qadam bosadi. SHuning uchun ham tangri unga anglash tuyg‘usini ato etgan. Albatta, shaytonning qutqusi, nafs balosi degan narsalar ham bor. Uni inkor eta olmaymiz. Kishining tezlik, jaholat, o‘zni yo‘qotish degan narsalar oldida ojiz qolishi ham bor. Xalqda shunday bir naql bor: Gadoylik bir eshikka kirguncha deydi, ikkinchi, uchinchi eshikka kirgandan keyin unda o‘rganish, ko‘nikma hosil bo‘ladi. Nafs tizginini jilovlay bilmaslik, ko‘proq mol — dunyoga ega bo‘lish ilinji o‘zi sezmagan holda uning hayotini izdan chiqaradi. Bu dunyoda to‘g‘ri va halol bo‘lib qonunlarni buzmasdan yashash insondan katta matonat va iroda talab etadi. Inson o‘z oriyati, vijdoni oldida ham mas’ul bo‘lishi kerak. SHu ish menga lozimmi deb chuqurroq o‘ylab ko‘rishi kerak. O‘zgalarga ziyon etkazadigan, yomonlik keltiradigan narsalardan chetda turish kerak. Nazarimda, shukronalik tuyg‘usi bo‘lmagan qalbga shayton in quradi. Piri murshid SHayx Orifni shoh huzuriga chaqirib, ziyofat beradi. So‘ngra undan amiru umaro, vaziru vuzaroga bir mav’iza qilib berishlarini so‘raydi. Odamzotning boqiylik va foniylikka daxldor ishlarga bo‘lgan munosabati borasida va’z o‘qiydi. Suhbatdan mutaassir bo‘lgan shoh minnatdorlik bildirib shunday deydi: biz dunyoni moddiyat ko‘zi bilan anglab ma’naviyat borasida ko‘p narsani bilmas ekanmiz. Xizmatingiz evaziga ganjinamning eshigi siz uchun hamisha ochiq. Sizga qancha tillo – kumush, la’l – javohir kerak bo‘lsa, oling sizga izn beraman deganida, shayx miyig‘ida kulimsirab debdi: men qulimning qulining qo‘lidan narsa olmayman. SHoh g‘azabnok ohangda debdi: Hammamiz ollohning qulimiz, qanaqasiga sizga qul bo‘lamiz. SHayx ohista gap boshlabdi. “Menga va’da qilayotgan tillo – kumush, la’l – javohirlarga mendan ko‘ra, o‘zingiz ko‘proq muhtojsiz. Aks holda, siz uni yig‘magan bo‘lardingiz. Ular menga ham begona emas, mening ketimdan yuradi. SHukronalik va qanoat hissi bilan kundalik yumushim uchun undan bir chimdim olib ishlataman, xolos. Siz esa ularning ketidan yurib yiqqansiz, ular esa mening ketimdan ergashishadi. SHu bois ular mening qulim, siz esa ularning. Qulimning qulining qo‘lidan narsa olmayman deganimning ma’nosi shudir. Meni avf etgaysiz.”
- Jinoyatchilikning oldini olinishiga sabab bo‘luvchi omillar haqida so‘zlashsak.
- Bu bir — birovimizga mas’ullik tuyg‘usi bilan bog‘liq. Xalqimizda “bir bolaga etti qo‘shni ota – ona”, “qo‘shning tinch — sen tinch” degan maqollar bejiz aytilmagan. Qo‘shnining bolasi noma’qul ishlarga aralashib, noto‘g‘ri qadam tashlayotganini sezsangiz-u, birovnng bolasi bilan nima ishim bor o‘zimning bolalarim tinch bo‘lsa bo‘ldi qabilida ish tutadigan bo‘lsak, yoxud “menga nima” degan loqaydlikni yashash tarzimizga aylantirsak biz tubsiz jar yoqasida turgan kishidekmiz nazarimda. Mahalla ko‘y, qo‘ni — qo‘shni, qarindosh — urug‘ bir — birining holidan xabar olib turishi, yaxshi — yomon kunida doimo yonida bo‘lishi azaliy qadriyatlarimizdan. To‘g‘ri, o‘zingni bolalaring uchun qayg‘ur, biz bilan ishing bo‘lmasin, o‘z ishimizni bilib qilamiz deb yuzingizga sapchib, sizni dilingizni og‘ritsa ham baribir ogohlantirishni qo‘shnichilik burchi deb bilishingiz kerak, deb o‘ylayman. Hech bo‘lmasa kech bo‘lsa ham sizning oldingizda o‘z aybiga keyinroq iqror bo‘lishi tayin. O‘zini asraganni yaratganning o‘zi asraydi, deyishadi. Demak, o‘z uyimizni, o‘z mahallamizni asrash vatanimizni asrab — avaylashdir. Befarqlik, loqaydlik ildiz otgan joyda hamma narsa o‘lda — jo‘lda qolishi aniq.
Odatda, biz bir guruh san’atkor, olimu shoirlar targ‘ibot guruhi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining tashabbusi bilan tez — tez viloyatlarda safarda bo‘lamiz. Poezdda ketayotgandik, bir provodnik meni tanidi shekilli, choy-poy keltirgan bo‘lib tez — tez yonimga kelib turdi. Keyin biroz suhbatlashib o‘tirgach, o‘zi so‘z ochdi. “Saidkomil aka, dardim ichimda, — dedi u xo‘rsinib, men ba’zan bir necha kunlab kasb taqozosi bilan ishda bo‘laman. Bolalarimdan tez — tez xabar ololmay qolaman. Farzandlarimdan bittasi diniy oqimlardan birining ta’siriga tushib qolibdi. So‘zlari, yurish -turishlaridagi o‘zgarishlar meni taajjubga soldi, xavfsirab qoldim. Qo‘y, bu narsalarni yig‘ishtir, deb necha bor urishdim. Gapimga quloq solmadi. Oxir — oqibat uni yo‘ldan urganlarning o‘zlari qidiruvda, o‘zi esa jazo muddatini o‘tayapti. Bu tomonda onasi kasallikka chalindi, aka — ukalari iztirobda. Holi qanday ekan, deb onasi har kuni so‘raydi. Mendan bekitib tinmay unsiz yig‘laydi.” Provodnik yigitga ko‘ngil bergan bo‘lsam da ko‘zlarida yosh qalqdi.
Bir — birimizga mas’ullik deganda, xuddi shu narsani nazarda tutgandimda. Agar e’tiborli bo‘lsak, to‘g‘ri yo‘l — yo‘riq va maslahat bersak, gumrohlik girdobiga tushishi mumkin bo‘lgan kishilarning soni kamayarmidi? Qaerdadir o‘qiganim bor. Elektr kursisida o‘ldirishga hukm qilingan aybdor odamdan oxirgi so‘zi bor yo‘qligini so‘rashadi. O‘limga mahkum etilgan kishi, atrofidagi gazetachilarga, rasmchilarga, qo‘riqchi va kasalxona xodimlariga qarab olgach, achchiq va mahzun ovoz bilan shunday degan ekan: Agar bolaligimda menga shunchalik e’tibor berilganda edi, bugun men mana bu jazo stolida o‘tirmagan bo‘lar edim.
- Teatr san’atining bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida nima deysiz?
- Teatr o‘zining olijanob maqsadini, ma’naviyat — ma’rifat dargoh sifatida insoniylik, xalqchillik va vatanparvarlik g‘oyalarini omma ongiga singdirishdek vazifani sobitqadamlik bilan ado etib kelmoqda. Teatr xodimlari ham ana shu xayrli ma’rifiy maqsadning amalga oshishida doimo kamarbasta. Adashganlar qismati, giyohvandlik, nafs va beboshlik balosining asoratlari sabab taqdir sinovlariga duchor bo‘lgan zamondoshlarimizning o‘y kechinmalari, fojiasi teatr sahnasida gavdalantiriladi. O‘ylaymanki, teatrga bolalarini etaklab kelib spektakllarni tomosha qilgan kishining oilasida qing‘ir ishlar, buzg‘unchiliklar bo‘lmaydi. Unday oila mustahkam va hamma havas qiladigan ibratli oila bo‘lishi haq. Bir paytlari muxlislar teatrni qalbiga, dardiga malham bilib el ardog‘idagi aktyorlarning oldiga kelib o‘z sirlarini, ichki kechinmalarini aytishganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Sora opa Eshonto‘raeva, Ikromova, Manzura Hamidova singari taniqli aktyorlarning yoniga kelib, ayrim xotin — qizlarning “onajon, qiynalib ketayapman o‘zimni o‘ldirishgacha, yoqishgacha borib etayapman, nima deysiz, — deb maslahatga kelishganini eshitganman. Onaxon aktyorlarimiz yotig‘i bilan, aql — idrok bilan ularni ana shu yo‘ldan qaytarib onalarcha mehr bilan yo‘l — yo‘riqlar berib ularni yana hayotga qaytarishgan. Oradan yillar o‘tib ularning o‘zlari kelib o‘shanda bergan maslahatlaringizga amal qilib hayotim tubdan o‘zgardi, sevikli farzandlarimning onasiman deb minnatdorliklar bildirishgan. Aytmoqchimanki, teatr bilan aloqaning yanada mustahkam bo‘lishi ko‘plab jinoyatlarning oldini olinishiga asos bo‘ladi. Ulug‘larning poyqadami etgan Milliy teatrimizning dovrug‘i baland. Bu erda xizmat qilishning o‘zi baxt. Har kuni ertalab uydan chiqadigan bo‘lsam, dastavval o‘ng poy tuflimni kiyarkanman, ikkita narsani niyat qilaman. Biri halolidan bergin, desam, ikkinchisi birovni dilini og‘ritadigan noxush holatga duchor qilma, deyman.
- Suhbatimiz yakunidagi tilaklaringiz?
- Umid umrni uzaytiradi deyishadi. O‘zini qilgan qilmishiga yarasha jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga barcha yaqinlari baxtiga omon bo‘lishini, tez kunlarda o‘z oilalari bag‘riga qaytishini, farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berishlariga orzumandman. Ular shuni unutmasliklarini istardimki, har qanday jinoyat vijdonga xiyonatdir.