Imlo va talaffuz — savodxonlikning ikki qanoti
Har bir fuqaro davlat tilida to‘g‘ri so‘zlab, to‘g‘ri yoza olsagina fuqarolik burchini his etgan, yurt qismatiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgan bo‘ladi. Qolaversa, bu millatparvarlik, ma’rifatparvarlik, yuksak ma’naviyatimizning muhim belgisi — savodxonlik darajamizga bog‘liq. Savodxonlik esa ikki asosga tayanadi. Bu og‘zaki va yozma nutq madaniyatiga to‘la va to‘g‘ri amal qilishdir. [/vc_column_text]
Xo‘sh, biz har ikkalasi yuzasidan savodxonmiz deya o‘z-o‘zimizga savol bersak, ijobiy javob berish mushkulligini ham bilamiz. Gap muammolarni e’tirof etishda emas, balki natija uchun kurashishda. Qanday qilsak, tom ma’noda savodxonlik darajamiz oshadi va ma’naviyatimiz yuksaladi? Qanday qilsak, kundalik muloqotlarimizdagi, internet orqali yozishmalarimizdagi qusurlardan, ko‘cha-ko‘ydagi bitik va peshlavhalardagi, oddiy diktant yozishdagi imloviy nuqsonlardan qutulamiz? Bu fikr har ikkala imloda — lotin va kirill alifbosidagi yozishmalarimizga ham bab-baravar taalluqli. Buni kitob va gazeta mutolaasiga e’tibor chorak asr mobaynida bir muncha susayib kelgani bilan izohlaymiz ham. Sinchiklab o‘qish, matn mazmunini uqish, so‘z va iboralarning to‘g‘ri yozilishiga e’tiborimiz pasayib ketganini bilamiz-u, unga chora izlashda esa o‘zimizni chekkaga olamiz. Tokaygacha eshitmaganday, ko‘rmaganday tutamiz o‘zimizni?
Insof yuzasidan aytish kerakki, bu borada dadil va qutlug‘ qadamlar tashlandi. Avvalambor, Prezidentimizning davlat tilini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari, qabul qilgan qaror va imzolagan farmonlari bo‘lsa, ikkinchi ijobiy harakat O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining tashabbusi bilan “TEZYOZ” saytini ishga tushirilishi bo‘ldi.
Tasavvur qiling. Mamlakatimiz aholisini deylik, oltmish foizini yoshlar tashkil etar ekan, lotin yoxud kirill alifbosi asosidagi yozuvda qanday yozishadi degan savolni ko‘ndalang turadi. Ba’zi idoralararo yozishmalarda ham lotin yozuvida xat jo‘natilsa, kirill alifbosida javob qaytarilayotgani ham sir emas. Demak, lotin yozuvi rasmiy alifbo sifatida qabul qilingan ekan, buning targ‘iboti va ommaviylashuviga jiddiy qarash kerak. Toki, kirill ham lotin yozuvida imlo qoidalarining qo‘pol buzilish holatlarining oldi olinsin.
Bu borada “TEZYOZ” platformasi ijodiy va ijroviy guruhining xizmatlari katta bo‘lishi, shubhasiz. Yuqorida qayd qilingan muammolarning echimi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yoshlarga oid 5 tashabbusi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yangi “TEZYOZ” loyihasi ishga tushirilishi ayni muddao bo‘ldi. Ushbu platformaning ommaviylashuvi savodxonlik darajamizning yuksalishida qo‘l kelishi aniq.
Sinov orqali bilim va xotira, tafakkur va sinchkovlik sinaladi. To‘g‘ri va tez yozish imkoniyatlariga ega qilish va shu asosda savodxonlikka erishish asosiy maqsadlardandir. Buning eng muhim jihati geymifikatsiya, ya’ni o‘yin asosiga qurilganidir. CHunki bu barchaning qiziqishini uyg‘otadi va undan barcha foydalanishi asosida o‘zining bilimi va savodini sinovdan o‘tkazishi mumkin. Muayyan matnni taqdim qilinishida nafaqat to‘g‘ri yozish, balki matn mazmunini bilish va uqishga intilish ham bor. Bu esa psixolingvistik metod sifatida qimmatlidir. Bu o‘zaro musobaqaga kirishish borasida ham ijodiy muloqotga chorlaydi. Xuddi onlayn tarzidagi shaxmat-shashka musobaqalari kabi kishini qiziqtirish orqali zavqlantiradi. Davlat tilining nufuzi va ijtimoiy mavqeini oshirish, sofligini saqlash, boyligi va nafosatini namoyish etishni maqsad qilgan ushbu platforma, albatta, keng ravishdagi tanlovlarga ham yo‘l ochadi.
“TEZYOZ” saytining bosh sahifasida sayt imkoniyatlari va uni istifoda etish shartlari keltirilgan bo‘lib unga asosan, foydalanuvchilar “Sinov rejimi”ni tanlab, ma’lum vaqt chegarasi davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri badiiy yoxud ilmiy-publitsistik matnni tez sur’atda yozib borishi talab etiladi. Vaqt sarfi esa matndagi so‘zlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yozilayotganini ko‘rsatib boradi. Belgilangan muddat nihoyasiga etgach, foydalanuvchining nechta so‘zni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri yozgani aniq bo‘ladi.
Yuqori o‘rindagi ishtirokchilarning ro‘yxati natijalarga qarab, yangilanib turishi va barcha uchun ochiq bo‘lishi uning davomli tarzda qiziquvchilarning sonini ortib borishiga imkon tug‘diradi. Tanlov muddati yakunida ro‘yxat peshqadamining e’lon qilinishi va rag‘batlantirilishi yanada ahamiyatli va istiqbolli g‘oya ekanini asoslaydi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi jamoasi “TEZYOZ” patformasining aynan fevral oyida adabiy merosimizning yirik darg‘alari, ikki buyuk daho Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlari arafasida tashkil etilgani ham ahamiyatlidir. Eski o‘zbek adabiy tili va yozuvining tolmas, jonkuyar targ‘ibotchilari bo‘lgan hazrat Navoiy va Bobur mirzoning izdoshlari safimizda deyishga asos bor.
Kezi kelganda, shuni aytish kerakki, bir paytlari internet orqali boshlaganimiz “Sirli sandiq“ sovrinli intellektual o‘yin ham ana shu maqsadga xizmat qilayotgani, u tafakkur, bilim va sinov zamiriga qurilgani bilan qimmatli ekanini ham ta’kidlash kaminaga faxr bag‘ishlaydi.
“TEZYOZ” platformasining ushbu xayrli va ma’rifiy harakati masalaning bir tomoni. Ya’ni, orfografik asosga, imloviy jihatdan to‘g‘ri va bexato yozishga qaratilgan. Har qanday tanganing ikkinchi tomoni ham bo‘lganidek, ona tilimizning orfoepik, ya’ni talaffuz tomoni ham muhim. Biz davlat tilida to‘g‘ri yozishimiz qay darajada ahamiyatli bo‘lsa, to‘g‘ri talaffuz qilib, adabiy til me’yorlariga rioya etib so‘zlashimiz ham shu darajada qiymatlidir.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va atamalar komissiyasi, kaminaning “NOTIQ.UZ“ sayti va «Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasini hamkorligi yo‘lga qo‘yilsa, harakatlarimiz mushtarakligi va integratsiyasi ma’nosida maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Rahimboy JUMANIYOZOV,
filologiya fanlari nomzodi, TIQXMMI matbuot xizmati rahbari,
«Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasining direktori