JURNALISTIKAGA QUDRATXO‘JAYEVDЕK YO‘LBARSLAR YETISHMAYAPTI…
Men Xalqaro press-klub raisi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosatshunoslik fanlari nomzodi, yaqinda 45 bahorni qarshilagan Sherzodxon Qudratxo‘jayevni qariyb 20 yildan buyon qaysidir ma’noda bilaman. Kasb bayrami munosabati bilan «Mehnat shuhrati» ordenini olganini eshitib, chin childan xursand bo‘ldim, sal avvalroq «Oltin qalam» mukofotiga loyiq ko‘rilgani ham munosib bir ish bo‘lgan edi.
Aslida, men uning yaqin qarindoshlaridan Fattohxo‘ja amakining Oqlondagi uyida 1986-87 yillarda oilam bilan ijarada turgan edim. Lekin Sherzodni tanimagan ekanman. Bir gal o‘zi bu faktni aytib qolgach, buni bildim.
Rahmatlik Fattohxo‘ja amaki zahmatkash, oqko‘ngil, dilkash bir inson edi. O‘sha yillari juda qiynalgan vaqtimda menga muruvvat qo‘lini cho‘zgan, Toshkentda qolishimga sababchilardan biri bo‘lgan, bag‘rikeng shaxs edi.
Qudratxo‘jayev bir qarashda uni tanimagan odamga havosi baland, kalondimog‘ va sirkasi suv ko‘tarmas kishiday tuyuladi. Ammo u bilan yaqindan suhbat qurar ekansiz, samimiyligi, qat’iyligiga, o‘z ishiga sidqidildan yondashishiga iqror bo‘lasiz.
Birinchidan, u professional mahorati, nuktadonligi va hozirjavobligi, so‘z san’atining ustasi, xolislik, tahliliy va tanqidiy, jamoaviy yondashuvi kuchli ekani bilan ajralib turadi.
Uning og‘zaki nutqi yuksak badiiy saviya bilan uyg‘unlashib ketgan. Bugun butun boshli milliy televideniyemizda bu kabi mahoratli, o‘ziga talabchan, nutqi ustida muttasil ishlaydigan jurnalistlar barmoq bilan sanarli darajada ozligi achinarlidir.
Xalqaro press-klubning ko‘rsatuvi ham muallifi didi va «plankasi»ga mos holda ko‘p sonli tomoshabinni jalb eta olgan, salohiyatli efir vaqtiga aylandi. Manas va Mo‘ynoqlardagi jazirama issiqni issiq demay, qahraton qishning ayovsiz sovug‘ini pisand qilmay uyushtirgan chiqishlari, bu erdagi g‘ayratli, mehnatkash va otashqalb insonlar qalbini ko‘targan, yangi asrimizda ulug‘ bir kompaniyaga — Orol tubini bo‘stonga aylantirishdek ezgu maqsadga ilhomlantirgan bo‘lsa, tomoshabinlarning ham mehrini jo‘shtirdi. Uning qatori-qavatida G‘ulomjon Samadov kabi yana bir jurnalist-yulduz porlab kelmoqda.
Ikkinchidan, uning noyob rahbarlik mahorati haqida so‘zlamoqchiman. U rektor bo‘lgancha ham osmondan tap etib tushib qolgani yo‘q. Jurnalistika fakultetini tugatgach, televideniyeda suyagi qotdi.
Davrimizning zabardast ijodkorlari va ekspertlari — Abdusaid Ko‘chimov, Farhod Ro‘ziyev, Bobur Alixonov, Komiljon Karimjonov, Muhammadjon Obidov, Gulnora Mahkamova, Sevara Tursunova, Sadriddin Suyarov, Ne’mat Boynazarov, Mirzohid Rahimov, Davron Zunnunov, Raxmatilla Mirzayev, Abdumo‘min O‘tbosarov, Muslimbek Yo‘ldoshev, Sherzod G‘ulomov, Najmiddin Komilov, Sayyora Xodjayeva, Rustam Jumayevlardan hayot saboqlarini oldi-o‘rgandi.
1994-1996 yillarda «O‘zbekiston» telekanalining muharriri va tarjimoni, 1998 yilda Xalqaro telekanalining direktori sifatida samarali faoliyat olib bordi. Markaziy Saylov Komissiyasi matbuot markazi rahbari (1998-2000 va 2004-2005), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati bosh konsultanti, bir muddat matbuot kotibi vazifasini bajaruvchisi (2000-2005), Bosh vazir matbuot kotibi (2005-2008) kabi lavozimlarda ishladi. 2017 yildan Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi vitse prezidenti, 2018 yildan Prezident huzuridagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatmokda.
Bugungi siyosat va jamoatchilik talabini juda yaxshi tushunadi, kezi kelganda, diplomatik silliqligi ham bor. “Professional parlament tizimini siyosiy institut sifatida shakllantirish va rivojlantirish istiqbollari” nomli nomzodlik dissertatsiyasida zamonaviy parlamentarizm, respublikamizdagi saylov jarayonlari, uni yoritishda jurnalistikaning ahamiyati-yu partiyalarning o‘rnini chuqur tahlil qildi.
2008-2017 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetining «Internet jurnalistika nazariyasi va amaliyoti» kafedrasi mudiri bo‘lib ishlagan kezlarida pedagogikaning qattiq nonida tishi charxlandi.
O‘tgan bir yarim yil ichida yangi ochilgan universitetning sobiq yuridik litseyi binosi ko‘chib kelishiyu, bu erda ulkan bunyodkorlik-ta’mirlash ishlari, yangi binolar qurish, qo‘yingki, yo‘q joydan bor qilgan ulkan yaratuvchanlik ishlariga havas qilmaslik mumkin emas. Hududdagi mo‘jazgina hovuzchada turli-tuman baliqlar xushhol o‘ynaydi, ajib bir did bilan yotqizilgan mayin va ko‘m-ko‘k maysazorda bahri dilingiz ochiladi, shinam va ozoda xonalar, nomiga mos ilg‘or kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan auditoriyalar biz talaba bo‘lganda bir umrlik orzumiz edi.
Pedagogik jamoada muhitning sog‘lomligiga, bilimli o‘qituvchi kadrlarni tanlash va saralashga, ustozlarning xorijiy mamlakatlarda tajriba almashuvini ko‘paytirishga, yuqori intellektual talabalarni tayyorlashga, jurnalistika uchun muvaffaqiyatning bosh garovi — nazariya va amaliyot uyg‘unligiga jiddiy urg‘u berib kelmoqda. Fayzulla Mo‘minov, Alisher Matyoqubov, Nazira Toshpo‘latova, Nozima Muratova Muqimjon Qirg‘izboyev, Akbar Nurmatov, kabi olimu olimalarni ham atrofida jam qilib, yangi marralar sari katta shitob bilan odimlamoqda.
Uningtashabbusi bilan bu yil ilk bora harbiy jurnalistika bo‘yicha kadrlar o‘qishga qabul qilinayapti. Dabdurustdan bu men uchun erish tuyulgan edi. Tinchlik zamonida yashayotgan bo‘lsak, jurnalist zoti doim osoyishtalik tarafida tursa, nega endi bu bo‘yicha alohida yo‘nalish ochish zaruriyati tug‘ildi, deya o‘ylardim. Jurnalist kezi kelsa harbiy, joyi kelsa kaskadyor, mavridiga qarab boshqa sohalar bo‘yicha ham ixtisoslashgan universal kasb sohibi emasmi, axir?
Ammo ularga og‘zaki va yozma nutq madaniyatidan dars o‘tish zimmamga tushar ekan, bizga bu yo‘nalishda ham albatta, malakali va ixtisoslashgan kadrlar kerakligi oydinlashmoqda. 2000 yillarda Uzun yoki Sariosiyodagi voqealarni bir eslaylik. Bu mudhish hodisalarni yoritishda qanchalik qiynalgan edik.
Biz allaqachon Afg‘oniston va Suriyadagi jang maydonlaridan lavhalar berishimiz kerak edi. Ammo buni kuzatayotganimiz yo‘q. Toki, urushlar taftini sezish uchun uning ichida yashash kerak emas, odamlarimiz Vatanimizdagi hozirgi barqarorlikni qadriga etishi, uning qiymatini tushunishi uchun ham o‘q-olovlardan qo‘rqmaydigan mard jurnalistlarimiz reportajlari doim kerak.
Uchinchidan, u ma’rifatparvar olill, ayniqsa kitobga mehri o‘rnak bo‘ladigan darajada. Rus, ingliz va turk tillarini aynan shu oshuftaligi sababli puxta o‘zlashtirib olgan, lekin o‘zbek tilining qadrini barchasidan ustun qo‘yib yashaydi.
O‘tgan yili ulug‘ millatchilik kasalligiga chalingan bir kasdan azbaroyi o‘zbek tilining himoyasi uchun kurashgani, ona zabonini himoya qilgani uchun «yeh-he» qancha-qancha malomatu bo‘htonlarga, o‘rinsiz ta’na-yu dashnomlarga qolib ketgan edi. Asli o‘zlari qallob va millatchi bo‘lgan bu kimsalar uniturli xorijiy internetsaytlarida nomini qoraga chiqarish maqsadida turkum maqolalar chop ettirdi, fisqo‘ fasodni avj oldirdi. Bosh prokuraturagacha paydar-pay ariza-yu xat yo‘llab, asabini ancha egovlashdi.
U o‘zi uchun muqaddas deb bilgan tuyg‘uni himoya qilish oriyatli o‘zbek o‘g‘lonining burchi bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.
Har qanday ig‘volarga uchmasdan dili tubidagini tiliga dadil chiqara oldi: «Milliy til ikkitadan bo‘lishi mumkin emas. Inson o‘zligini anglashi faqat ona tili orqali kechadi. Or-nomusli va pok vijdonli insonning ona tili kerak bo‘lsa, jonini berish uchun arziydigan milliy ramzidir. O‘zbek tilining noyob ohanggi, ajib jilosi, boy jaranggini hech narsa bilan alisha olmayman. Toki, kim qaysi tilda o‘ylasa, o‘sha xalqqa mansubdir. Taxayyul, tasavvur va tafakkur tarzi ona tilida bo‘lmasa, bu davlatuchun juda katta xatardir»
Bilishimcha bu o‘rinda gap uning rus tilini sevish sevmasligida yoki uni hurmat qilishi – hurmat qilmasligida emas, balki til niqobiga burkanib, boshqalardan o‘zini ustun qo‘yayotgan manfaatparastlarga qarshiligida, ona tiliga mehri cheksizligidadir. Vaholangki, u rus tiliga istisoslashgan maktabda tahsil olgan.
O‘tgan yili yoz mavsumida universitetda bo‘layotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirish va bir hormang deyish maqsadida borgan edim. Men unga 12 tomlik O‘zbekiston Milliy ensiklopedyasini tuhfa qildim. Bu kitoblarni mehr bilan olar ekan, ko‘zlari porlab ketdi.
«Ustoz, agar yoshlarimiz ana shu ensiklopetsiyalarni hech bo‘lmaganda bir marotabadan o‘qib chiqishganda edi, ularni vatanparvarlik qanday bo‘lishi haqida ortiqcha o‘qitishga hojat ham qolmas edi. Ensiklopediyamizning elektron variantini chiqariliishi maqsadga muvofiq. Bu internetdagi o‘zbekcha kontentni kengaytirishga imkon berishi aniq», deya mulohaza bildirdi.
O‘zi jurnalistika sohasida o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar va adabiyotlar etishmaydi, juda bosh og‘rig‘i. Shu sababli uning boshchiligida 3 tomlik «Jurnalistika ensiklopediyasi» nashrga tayyorlana boshlagani katta voqe’lik bo‘ldi. Bu fundamental izlanish sohaning ilmiy asoslarini mustahkamlashi, shubhasiz.
Sherzodxonning Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi o‘zi tahsil olgan 186-umumta’lim maktabiga borib kitoblar taqdim etganida ham chuqur ma’naviy yuksaklik va tafakkur shuuri, daxldorlik hissi yashirindir.
Men uning chiqishlarini diqqat bilan kuzatar va maroqli suhbatlaridan bahramand bo‘lar ekanman, bir fikri juda manzur va ma’qul keladi. U keyingi yillarda deyarli o‘lib bo‘lgan va endi-yendi qayta bosh ko‘tarayotgan siyosiy sharhlovchilarning milliy maktabini ya’niki, markazini tiklash niyatida yonayotganini anglab qoldim.
Qobilbek Karimbekov, Muqimjon Qirg‘izboyev, Amirqul Karimov, Ibrohim Normatov, Farhod Mahmudov, Anvar Boboyev, Sharofiddin To‘laganov, Abduvali Soibnazarov, Rustam Jabborov, Bobur Sobirov va Laziz Rahmatov kabi xalqaro mavzularda qalam tebratadigan mohir tahlilchilarning aqliy kuchini bir joyga jamlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini yoshlarga etkazish bugunning nihoyatda muhim vazifsi deb bilaman. Dunyo alg‘ov-dalg‘ov bo‘layotgan, geosiyosiy qarashlar va kuchlar hukmbardorlik qilishga urinayotgan, atrofda axborot xurujlari qamchisini bosayotgan bir paytda televideniyeda “Xalqaro sharh” ko‘rsatuvini tiklamaslik jinoyatdir. Sherzodxonning bunga hissa qo‘shishiga ishonaman.
So‘zimning nihoyasida yana bir fikrni aytmasam bo‘lmaydi. Yaqin moziyda bu jurnalistning oti avjiga chopayotganida hurmatli bosh vazirimiz bilan oralaridan qanday bir muammo o‘tdiki, ko‘p qatori biz ham anglolmay qolgandik. Ammo davlatning nufuzli ordenini Bosh vazir
Abdulla Negmatovichning shaxsan o‘zlari o‘z qo‘llari bilan,tantanali topshirishi, tantilik va ajib bir ehtirom bilan qulog‘iga nimanidir shipshishi chog‘ida shunga amin bo‘ldikki bu bir anglashilmovchilik ekan.
Toki, Prezident Shavkat Mirziyoyev bosh bo‘lgan yurtda jur’atli va jasoratli, erkin so‘z istakli jurnalistlarimizga hech qanday bosim o‘tkazilmaydi, aksincha ularning huquqlari kafolatlanmoqda.
So‘zim so‘nggida milliy jurnalistikamiz yo‘lbarslaridan biri bo‘lgan Sherzodxonga rafiqasi Mukarramxon bilan birga voyaga etib kelayotgan uch nafar farzandi kamolini ko‘rsin, bu yil xayrli va katta shiddat bilan boshlangan ulug‘ dovonlarga ko‘tarilishi bardavom bo‘lsin, deb niyat qilaman.
Rahimboy Jumaniyozov,
Filologiya fanlari nomzodi,
“Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasi rahbari