9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Go‘zal gurunglar

notiq.uz > Arxiv  > Go‘zal gurunglar

Go‘zal gurunglar

Tarix ilmiga qalb qo‘rini baxsh etib qator kitoblari bilan e’tiborga va ehtiromga sazovor bo‘lib kelayotgan Anbara opa Otamurodova va Ollanazar akamlar menga qo‘ng‘iroq qilib uylariga taklif etdilar. Sozu so‘zu suhbatdan fikr rang oladi, insonning bilim doirasi kengayadi degan mazmunda gurunglashadigan do‘stlar taklif etilgandi. Do‘stlar diydori aziz  diltortar suhbat qalbga huzur baxsh etadi.

Bu an’ana o‘tmishda muhim rol o‘ynagan. Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un nafois” tazkirasida ahli san’at, ahli ilm va ahli hunarlar haqida ma’lumot berarkan, ular ishtirokida o‘tkaziladigan nafis majlislar borasida so‘z boradi.

Ollanazar akamlarning fayzli va muborak xonadonlariga kirib borganimda, mustaqil O‘zbekistonimizda o‘z o‘rniga, obro‘ va hurmatiga ega bo‘lgan shoiru fuzalo, olimu san’atkorlar o‘tirishardi.

Maxtumquli aytganiday, “olimlar bilan o‘tirsang ochilar ko‘zing”. Jozibador qo‘shiqlar, mazmundor she’rlar, olimlarning tarixiy mavzudagi suhbatlari insonning ma’nan boyishiga xizmat qilishi, shubhasiz. Odamzot gulzorda tin olsa, unga gulning bo‘yi o‘tirib qolganidek, olimlar bilan suhbat jarayoni ham ko‘p bilimlardan xabardor bo‘lishga imkon yaratadi. O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjonning ona vatan, muqaddas ayol haqidagi she’rlari dilga qancha orom baxsh etgan bo‘lsa, ustazoda san’atkor SHermat Sobirov, Safarboy Alimbekov hamda Ikromjon O‘rozmetov va O‘ktamjonlarning mumtoz qo‘shiqlari ham g‘oyat maroqli bo‘ldi. 9 –sinf “Tarix” darsligining muallifi Jumaboy Rahimovning mulohazalari e’tiborli bo‘ldi.  Ular O‘zbekiston tarixining hali o‘rganilmagan sahifalari ko‘pligi, ularni tadqiq etishga qobil yosh olimlarning ko‘plab chiqishi fanimiz ravnaqida muhim o‘rin tutishi borasida qimmatli mulohazalarini bildirdilar.  Turli konsert dasturlarining mohir boshlovchisi bo‘lgan taniqli san’atkorimiz, ustozimiz Otamurod akaning davra to‘rida va qalb qo‘rida bo‘lishi, bergan maslahatlari gurungimizga ziynat baxsh etib turdi. Ushbu xursandchilik onlarini, mangulikka muhrlashdan zavq oluvchi taniqli san’atkor, mohir fotograf Erkaboy aka Jumagaldiev esa hammamizni rasmga tushirish bilan ovvora edilar. Ular kabi yaxshi, samimiy insonlar bor bo‘lgan davrada doimo fayz va shukuh hukmron bo‘lishi muqarrar. Dasturxon uzra yozilgan noz ne’matlardan, tortilgan taomlardan, ayniqsa, o‘choqda tayyorlangan palovxonto‘raning totliligidan ham barchamizni hayratga solgan va zavqlantirgan uy sohibi va sohibalarining tarix ilmiga bo‘lgan mehri va tarixiy hujjatlarni sinchiklab o‘rganishdan charchamasliklari bo‘ldi. Anbara opa va Ollanazar akamlar allaqachon Xorazm tarixiga doir bir necha kitoblarni chop ettirgan fidoyi insonlardir. Kasb nuqtai nazaridan birlari jurnalist, ikkinchilari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida ishlab, bugungi kunda nafaqada bo‘lsalarda,  tarixiy ma’lumotlarni to‘plash va o‘rganishda hamon davom etmoqdalar. Ulardagi jur’at, g‘ayrat-shijoat va ma’naviy jasorat hatto, yosh tadqiqotchi olimlarda ham kamdan-kam  topiladi. Biz ularga xayrli va ma’rifiy maqsadlarini amalga oshuvida kuch-qudrat va sihat-salomatlik tilab xayrlashdik. SHu bilan “Go‘zal gurunglar” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy suhbatimizning birinchi majlisi nihoyasiga etdi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.