9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

TABIAT VA JAMIYATNING IN’OMI

notiq.uz > Yangiliklar  > TABIAT VA JAMIYATNING IN’OMI

TABIAT VA JAMIYATNING IN’OMI

Tabiat bilan jamiyatning sirlashuvi va tillashuvini aynan Navro‘z ayyomida, bahor kelinchagi sepini yoygan kunlarda his etmaslik mumkin emas. Tabiat guli Navro‘zoy va jamiyat guli insonning tiynatida o‘zgacha ruh va shukuh hukmronlik qiladi ayni o‘sha onlarda. Tabiatdagi yangilanish jamiyatdagi jonlanish bilan uyg‘un kechganida inson navro‘ziy tansiq taomlarni tanovul qilib, o‘yin-kulgi va soz-u suhbatga oshna va tashna bo‘lishi ham zavqlidir. Bu esa jannatmonand diyorda, osuda osmon ostida yashayotgan mehrli va ahil xalqqa yarashadi, qut — baraka keltiradi.[/vc_column_text]

Ana shunday fayzli kunlarda Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning tashabbuslari va tashkilotchiliklari bilan bunyod etilgan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida Navro‘z sayli tashkil etilgani bois bayram tantanalarida bo‘ldik. Institutimiz jamoasi bilan ijod maktabi kollektivi o‘rtasida muloqot va kitoblar taqdim etish anchadan beri an’ana tusini olgan. Deyarlik institutimizda o‘tkaziladigan ma’rifiy tadbirlarda ularning o‘quvchi va o‘qituvchilari ishtirok etishsa, ular tomonidan tashkil etilgan ma’naviy tadbirlarida esa institutimiz talaba va professor-o‘qituvchilari muntazam ravishda qatnashishadi.

Bizni anvoyi gul va liboslar bilan burkangan o‘quvchi qizlar, ijod maktabining direktori YUldasheva Nilufar Abdullaevna mehr-u samimiyat bilan kutib olishdi. Institutimiz professori, pedagogika fanlari doktori Ismoilova Zuhra Karabaevna bilan ijod maktabi jamoasiga o‘z dil izhorlarimizni bildirdik.

Navro‘z bahorda kun va tunning baravar kelishidir. Ba’zi SHarq xalqlarida ushbu bayram dasturxoniga etti xil mevali daraxt novdasi qo‘yilgan. Bu bilan keyingi Navro‘zgacha shu daraxtlar mevalaridan tanovul qilish nasib etsin, deyilgan.

Navro‘zga doir kechagi kunlarni yodga olsak, u taqiqlandi, sumalaklar ariqqa to‘kildi. Bayram qiluvchilarga malomat toshlari otildi.. Ming bor shukrlar bo‘lsinki, Istiqlol tufayli, Prezidentimizning azmu shijoati sabab xalqimiz Navro‘zni yana bayram qilish baxtiga musharraf bo‘ldi.

Hazrat Alisher Navoiy yozadilar: “Jamshid husnu jamolda benazur erdi.  Faroyib ixtirolar qildi… “CHihil minor” qasrini qurdi. Unda oltin taxt ustida o‘tirib, adolat ovozasin va sadosini olamga yoydi. Ul kunning otini Navro‘z qo‘ydi…”

Darhaqiqat, Navro‘z mehr-oqibat tantanasidir. Bu kunda yoshlarning keksalar, xastalar holidan xabar olishi savob sanaladi.

Xayyomning “Navro‘znoma” asari bor, o‘zbek tiliga tarjima ham qilingan. Unda Navro‘z  kuy-qo‘shiqsiz, she’rsiz o‘tmaganligi ta’kidlanadi. SHoirning o‘zi ham bir ruboiysida aytganidek:

Navro‘z yarqiradi olam ufqida,

Dilimning dilrabo, navjavon fasli.

YAngicha jilolar fikru tuyg‘uda,

Navro‘z — ishqu izhor faslidir asli.

Navoiyning bir g‘azali tarkibidagi baytda zamondoshlariga, avlodlarga Navro‘ziy duosi bor. Unda har tunning qadr kechasidek ulug‘likka burkanishi, har kunning esa Navro‘zdek bayram qilinishi orzu-umidi ifoda etilgan:

Ey yuzing bog‘i nasimida havoyi Navro‘z,

La’liyi toming bo‘lub ul bog‘da bo‘ston Navro‘z.

Zulfu ruxsor ila komimg‘a meni etkuzsang,

Har tuning qadr o‘lubon, har kunung o‘lsun Navro‘z.

Ushbu istaklar azaliy va abadiy go‘zal bayramimiz, hamjihatlik hamda do‘stlik timsoli bo‘lgan Navro‘z yurtimizga hamisha baxt, farovonlik, to‘kin-sochinlik olib kelsin deya niyat bildiramiz.

[/vc_column][/vc_row]

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.