9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Talabchan talabalar talabi

notiq.uz > Arxiv  > Talabchan talabalar talabi

Talabchan talabalar talabi

Zahiriddin Muhammad Bobur va Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqatning hayotiy faoliyati, qismatlaridagi  firoq, yurtdan ayro yashash taqdiri, vatan sog‘inchi, hijron motivi  uyg‘un bo‘lgani singari ularning ayrim narsa hodisalarga munosabatida ham o‘xshashlik borligini anglaymiz.

Bobur yozadi: Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak,

O‘rgangali ilm tolibi ilm kerak,

Men bormen ilmi tolibi ilmi yo‘q,

Men bormen ilm tolibi ilm kerak.

Furqat yozadi: Deyin so‘z ilmning xosiyatidin

Bayon aylab aning mohiyatidin.

Bu so‘zni gushi bor odam eshitsun,

Eshitganlar hama maqsudg‘a etsun…

Ko‘rar ko‘zlarning nuri ilmdandur

Ko‘ngullarning sururi ilmdandur.

Darhaqiqat, qur’oni karim oyatlari, hadisi sharif hikmatlaridan o‘ziga va so‘ziga ruh olgan, dilidagi alamini qo‘lidagi qalamiga ko‘chirgan Bobur va Furqat “Olimlar payg‘ambarlarning vorislaridur” — degan hadisni chuqur his etgan. Oqibatda ilmga talpinish xayrlik va ma’rifatlik insonlarning amali ekanini ta’kidlagan. Talaba – lug‘aviy ma’nosi bilan ilm talab etuvchidir.  Demak, u tolibi ilmdir. Ilm sirlarini egallash orqali vatan va fan taraqqiyotiga hissa qo‘shish, madaniyat va san’at ravnaqi uchun xizmat qilish muqaddas burch va oliy saodat ekanligini O‘zDSMI dramaturgiya va teatrshunoslik bo‘limining 4 — bosqich talabalari ham yaxshi idrok etishadi. G‘azzoliy “Ilmning avvali sukut, so‘ng eshitish, so‘ng yod olish, so‘ng amal qilish, so‘ng amal qilish, so‘ng uni tarqatish” — degan bo‘lsa, biz esa ilmning ro‘yobini ta’min etuvchi – “Notiqlikning avvali sukut, so‘ng tinglash, yod olish, aql chig‘irig‘idan o‘tkazish, amal qilish va da’vat etishdir” – degan bo‘lardik.

“Hamma qobiliyatlardan eng yaxshisi nutq qobiliyatidir”. Kaykovusning bu fikrini talabalar ta’lim jarayonida his etib borishmoqda. Sahna madaniyati va nutq mahoratini o‘zlashtirmagan xoh aktyor, xoh notiq, xoh teatrshunos bo‘lsin, u o‘z kasbini chinakam ustasi bo‘lolmaydi, mahorat ham qozona olmaydi. Videolavha yoki suvrat, tasvirga qarab matn tuza olish, uni hajonlanmasdan erkin gapira olish, tushuntira olish iqtidori ayrim talabalarni zavqlantiribgina qolmay, balki ularda notiqlik san’atiga bo‘lgan mehrni yanada kuchaytirayotgani mohiyatlidir. O‘zlari tumov bo‘lsada, darsni qoldirmasdan ishtirok etishi Irodaning orada, orqada qolib ketmasligi uchun emas, balki fanga qiziqishi va mehri ustuvor ekanligini bildiradi.

Inson kimga, nimani, qachon, qaerda, qanday, qay holatda va qancha gapirishni bilishi chinakam donolik ekanini o‘z javobida Nurxon ismli talaba juda o‘rinli ayta oldi. Xurshida esa, Deyl Karnegining “Qalb harorati bilan sug‘orilmagan, ehtirossiz nutq hech nima, notiq esa hech kimdir” mazmunidagi fikrlari bilan e’tiborga loyiq bo‘ldi.  Xullas, talabalar dars jarayonida o‘z talablarini ta’minlashning muhim omili – ta’lim va tarbiyaning ta’sirchanligini e’tirof etishdi. Ular shu boradagi ushbu tavzi’(alliteratsiya) usulidagi tez aytishni bilish va amal qilish kerakligini uqib olishdi: Ta’lim-tarbiyaning, targ‘ibotu tashviqotning ta’sirchanligiga taalluqli talablar, tegishli tavsiyanomalar tafakkur tarhi, taraqqiyot tarzi, tinchligimiz tayanchidir.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.