9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Qumovulda madaniyat maskani

notiq.uz > Arxiv  > Qumovulda madaniyat maskani

Qumovulda madaniyat maskani

Tadbirlar ma’lum bir niyat, muayyan maqsad, zarurat nuqtai nazaridan tashkil etiladi. Ularning o‘tkazilish joyi har tomonlama qulay bo‘lsa nur ustiga nur. Go‘zallik va ma’naviyat dunyoni qutqarishini hammamiz yaxshi bilamiz. Inson, makon, zamon go‘zalligi azaliy orzu. Imorat uchun qo‘yilgan har bir g‘ishtning o‘z o‘rni bo‘lgani kabi tadbirlarning ham o‘z maqsadi, muhimi, ta’sir kuchi bo‘lgani maqbul. SHu ma’noda, ko‘plab ma’naviy- ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinadigan, Toshkent viloyatidagi Qumovulda joylashgan madaniyat markazi nihoyatda did bilan qurilgan, ichki hamda tashqi bezaklar bilan muzayyan etilgan. Ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Oldin go‘zal edi, yanada go‘zal bo‘lsin,- deya yashil tusdagi yumshoq o‘rindiqlar va gilamlar bilan ziynatlandi, almashtirildi. Endilikda esa, u chinakam ma’noda madaniyat manzilgohiga, ma’naviyat ko‘ngilgohiga aylantirildi.

Tadbir munosabati bilan ishtirok etib shunga amin bo‘ldim. YOshlar tarbiyasida ma’naviyatning o‘rni borasida o‘tkazilgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari institutining faollari, mahalla oqsoqollari, diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy masalalar bo‘yicha xalq maslahatchilari, kotiblar, posbonlar, uchastka inspektorlari, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, shuningdek, pedagog, shoir, olim va boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirok etishdi. Qizg‘in savol-javoblar tarzida o‘tkazilgan mazkur tadbirda ma’ruzachi sifatida men ham qatnashdim. Toshkent viloyat hokimining mas’ul xodimi SHuhrat Nasimov tadbirdan ko‘zlangan maqsad yoshlarning tarbiyasi masalasi, ularning har xil ta’sirlarga tushib qolmasligi, qandaydir yot va yov g‘oyalar, oqimlarga kirib ketmasligining oldini olish doimo dolzarb masala bo‘lib qolaverishini, buning uchun ta’sirchan amaliy tadbirlarni o‘tkazish zarurligini qayd etib o‘tdi. Buning uchun har birimiz sergak va ogoh bo‘lishimiz kerakligini qayta-qayta ta’kidladi. U erda kollej va maktablardan chaqirilgan faol o‘quvchilar ham taklif etilgandi. Ular giyohvandlikka, yot g‘oyalar ta’siriga tushib afsus chekkan kishining qismati borasidagi sahnaviy ko‘rinishlari bilan hammaning e’tiborini tortdi. So‘ngra men o‘quvchilar bilan intellektual-musobaqaviy o‘yin o‘tkazishimni iltimos qilishdi. Ma’ruzamni tugatgach, “Iqtidor” videostudiyasining sovg‘a salomlarini yutib olishi mumkin bo‘lgan bilimdon yoshlarni saralashga qaratilgan “G‘oyamiz-himoyamiz” nomli loyihani ko‘pchilikning e’tiboriga havola qildim. Zalda o‘tirgan ayrim o‘quvchilardan savollarga to‘g‘ri javob berganlari saralab olindi. Ular orasidan mutloq g‘olibni aniqlash qolgandi. Ularga milliy g‘oya va mustaqillik mafkurasi bo‘yicha savol berildi. Savollar videoproektor orqali ular diqqatiga havola qilinib bordi. Nihoyat, g‘olib aniqlandi. Ularga RMT markazi va “Iqtidor” videostudiyasi nomidan sovg‘alarni Toshkent viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazining rahbari Mahmudjon kamoli ehtirom bilan topshirdilar.

Tadbirni kuzatuvchilar “Siz o‘tkazgan bu loyihani barcha maktab, kollej va litseylarda joriy etish kerak ekan, bizni ham lol qoldirdi” – deya o‘z minnatdorchiliklarini izhor qilishdi. Ta’lim va tarbiyaning ta’sirchanligi ta’minlanmasa, barcha harakatlarimiz besamar qolishiga barcha ishtirokchilar yana bir karra amin bo‘lishdi. Bunday yo‘sindagi moddiy va ma’naviy rag‘bat, madad beruvchi loyiha-tadbirlarni tez-tez uyushtirib turish zaruriyatini his etishdi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.