9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Kitob — tafakkur qanoti

notiq.uz > Arxiv  > Kitob — tafakkur qanoti

Kitob — tafakkur qanoti

Rus adibi Pastеrnak bir paytlari shunday yozgan edi: kitob yonayotgan, o’rtanayotgan vijdonning to’rtburchak bo’lagidir”.  Shu ma’noda kitobga munosabat, insonga, uning ruhiyatiga, iymoniga murojaat dеmakdir. Odatda, insonlar o’z ehtiyojlarini qondirish ko’yida bo’lishadi. Bu moddiy va ma’naviy talabdir.

Odamzodning aksariyati ma’naviy ehtiyojidan ko’ra,  moddiy ehtiyojini qondirishga ko’proq mayl bildirishadi. Kamdan kam insonlargina ma’naviyat va ma’rifat tushunchalarini faqat tilidan emas, dilidan o’tkazishadi. Kitobni oftobga qiyos qilishadi. Quyosh yer yuziga o’z ziyosini sochib zamindan giyoh undiradi. O’z ziyosi ila yerga harorat va oziq baxsh etadi. Kitob ham inson ongu shuuriga jo bo’lib, uni ulug’vor maqsadlar, bunyodkorlik ishlari sari yetaklaydi. Shuning uchun ham u aql chirog’i, tafakkur qanoti, maqsadlar mayog’idir. Rivojlangan davlatlarning aksariyatida kiyim-kechakdan ko’ra, ma’naviy ehtiyoj manbai — kitoblar sotiladigan do’konlar ko’p bo’ladi. Har qanday jonzot, hatto nabotot olami, parranda-yu darranda suv va havosiz yashay olmagani kabi tirik banda ham ma’naviy ehtiyojini qondiruvchi — kitobsiz yashashi mushkul. Har qanday jamiyatning jon tomiri ham, qon tomiri ham ma’naviyatli kitobxon millati bilan ekani haq. Ma’naviyat beshigining tebranishi ham kitob bilan, o’qi degan xitob bilan. Qalb go’zalligi, botiniy go’zallik kitob bilan, kiyim-kechak esa tashqi bеzakdir. Kitob shitob, xitob so’zlariga g’ofiyadosh bo’lishidan tashqari ma’naviyatli insonning umri mazmunini ham anglatadi. Xitob o’qi dеgan fikrga asos bo’lsa, shitob o’tayotgan vaqtga, umrga ishoradir.

TVXTXQT va ularning malakasini oshirish institutida “kitob”, “kitobxon” va “kitobsevar” degan tushunchalar pedagoglarimizning til-u dilida, ilm-u amalida. Har oyda pedagog tinglovchilar uchun kitobxonlik soatlari, kitobsevarlar bayrami, kitoblar savdosining tashkil etilishi buning yorqin misolidir. Institutning ichki hovlisiga kuni kecha kеltirilgan 4 mingga yaqin turli mavzulardagi kitoblar bir zumda talash bo’lib ketdi desak, mubolag’a emas. “O’zbеkiston”, “Yangi asr avlodi”, G’afur G’ulom nomidagi nashriyot  matbaa uyida chop etilgan kitoblar savdosi har oyda muntazam ravishda tashkil etilishi rejalashtirildi. Institut ichki hovlisining 3 burchagida uchta nashriyotning xodimlari kitob savdosi bilan ovvora bo’layotganlari kishi diliga zavq baxsh etadi.

O’quv ishlari bo’yicha direktor o’rinbosarlari guruhiga “Muloqot madaniyati” fanidan dars berarkanman, ularning shu xususdagi fikrlari bilan ham qiziqdim. Ba’zilarining mulohazalarini keltirib o’tish maqsadga muvofiqdir.

Feruza Temirova (Yangiyo’l tumani, 18-maktab): 19-fevral kuni institut hovlisi har qachongidan ham gavjum bo’ldi. Bu yerda respublikamizning  eng nufuzli nashiryotlari xodimlari o’zlarining kitob yarmarkasini tashkil etishdi. Yarmarka chinakamiga ziyo bayramiga aylanib ketdi.               Kitob – insonning eng yaqin do’sti. Inson ma’naviyati, ruhiy dunyosining boyishida, umuman uning, shaxs sifatida shakllanishi, jamiyatida o’z o’rnini topishida kitobning ahamiyati beqiyosdir.

Biz bugungi kunda oily maqsad – “Farzandlarimizga ozod va obod Vatan qoldirish” istagi bilan yashamoqdamiz. Yurtboshimiz aytganlaridek: “Farzandlarimiz bizdan ko’ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo’lishlari shart”. Buning uchun esa, ularga ta’lim va tarbiya beradigan ustozlarning ham bilim salohiyati, ham ma’naviy dunyosi yuksak bo’lishi kerak. Bugungi tashkil etilgan kitob yarmarkasi ham shu yo’lda qilingan xayrli ishlardan biri bo’ldi. O’zim va farzandlarim uchun bir nechta kitoblarni xarid qildim. Bu kun kitobsevar ustozlar hayotida unutilmas kunlardan biri bo’lib qolsa, ajab emas.

  1. Mirsoatova (Piskent tumani): Kitob haqida so’z ketsa, beixtiyor ulug’larning fikrlarini eslagim keldi. “Kitob — bilim manbai”, “Beshikdan qabrgacha ilm izla”, “O’zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman” va hokazo. Buning qiymatini bugun institutda tashkil etilgan kitob savdosi orqali ham his etish qiyin emas edi. Pedagog sifatida hayotim mazmunini kitobsiz tasavvur etolmayman. O’ylaymanki, barcha kasbdoshlarim ham ana shunday ma’naviy ehtiyoj bilan yashashlariga shubham yo’q. Ta’lim-tarbiya jarayonida kitob bizning asosiy qurolimiz ekanini unutmasligimiz kerak. Kitob savdosining tashkil etilishi barcha qatori meni ham mamnun etdi. 10 ga yaqin kitoblarni sotib oldim. Dars jarayonida faol ishtirokim va berilgan savolga to’g’ri javob topganligim uchun ustoz Rahimboy Jumaniyozovdan o’zlarining qalamlariga mansub “Muomala madaniyati” nomli kitoblarini yutib olganim esa bir umrga unutilmas quvonchli voqea bo’ldi.

Kitob insonning aqlu tafakkurining shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qilar ekan, demak unga yaqin turgan inson aslo, xor bo’lmaydi. Ardoqli yozuvchimiz Muso Toshmuhammad o’g’li Oybek “Kitob – tafakkur qanoti” deya bejiz e’tirof etmaganlar.

 

Biloliddin Matkarimov tayyorladi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.