9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Go‘zallik haqida talabalar

notiq.uz > Arxiv  > Go‘zallik haqida talabalar

Go‘zallik haqida talabalar

Har kimning o‘z qarashi, o‘z mulohazasi bor. Bu did bilan, estetik va etik me’yorlar bilan bog‘liq. Did bilan dillashish, aslo mumkin emas. Narsa-hodisani baholash aslida, o‘zingni baholashdir. Xo‘sh, go‘zallik deganda siz nimani tushunasiz? — degan savolga O‘zDSMI “Xalq ijodiyoti” fakultetining Folklor-etnografik jamoalariga rahbarlik yo‘nalishi 2 — bosqich talabalari har xil javob qaytarishdi.  Masalaga qaysi tomondan qanday fikriy rakurs bilan yondashish har kimning o‘ziga bog‘ilqligi ayon. “Dunyo go‘zallik qonuniyatlariga binoan quriladi” — degan fikrni hammamiz bilamiz. Demak, go‘zallik ma’naviyat u dunyoni qutqaruvchi engilmas kuch. Insonning o‘zi va so‘zi, ko‘rinishi va kiyinishi, yurish-turishi, nutqi va xulqi go‘zal bo‘lsa, u albatta ibrat namunasidir. Undan o‘rnak olishga intiluvchi, unga o‘zini o‘xshatishga harakat qilib ergashuvchilar ko‘payadi. YAxshilarga yondoshish hosili murod degani. Takrorlash, taqlid aslida, ta’sirlanishdan boshlanadi.

Dilshod  Atamurodov. Samarqand Qo‘shrabot tumanidan.

Go‘zallik insonga tangri tomonidan berilgan bebaho ne’mat.  Afsuski, ba’zan biz uni anglamaganimiz singari  u ham bizni tushunmaydi. SHuning uchun ular orasida sadoqat, mehr har doim ham hamroz emas. Xorazmiyning “Muhabbatnoma”sida o‘qiganim bor: Husnnikim huvaydo qildi Xoliq, Husn birla vafo kelmas muvofiq.  O‘zining tashqi ko‘rinishiga mahliyo bo‘lib, o‘zgalardan ayb izlash illat. Bir donishmanddan so‘rashadi: Nega odamlar o‘zgalarning aybini ko‘radi-yu o‘zining ayblarini ko‘rolmaydi?

U shunday javob beradi: CHunki inson o‘ziga oshiq. Oshiq esa ma’shuqaning aybini ko‘rolmaydi. Bu hikmat bejiz emas.

Zuhra Muhiddinova (Surxondaryo viloyati SHo‘rchi tumanidan)

Tashqi ko‘rinish bilan emas, inson qalb go‘zalligi bilan el ichra e’zoz va ehtirom topadi. Zohiran suluv bo‘lib, botinan go‘zal bo‘lmagan inson tili va dili, qalbi va qiyofati, shaklu shamoyili o‘zgacha bo‘lgan inson singaridir. U bamisoli bug‘doysiz boshoqqa yoki mag‘izsiz, puch yong‘oqqa o‘xshaydi. Uning ko‘rinishi bo‘lgan bilan qadr-qimmati bo‘lmaydi.

Abror Mamatov. Toshkent viloyati Angren shahridan. “Go‘zallik umri qisqa bo‘lgani uchun unga yukinib, ishonib yashash adashishdir. Kimga va nimaga ishonish muhim. Ishonchni yo‘qotishdan ortiq kulfat yo‘q. Go‘zallik bugun bor, ertaga yo‘q deganidir. O‘zaro munosabatlar faqat shunga qarab qurilmasligi kerak. Samimiyatgina insoniylik belgisidir.”

Davraga o‘z mulohazalari bilan institutning “Teatrshunoslik” va “Dramaturgiya” yo‘nalishi 4-bosqich talabalari ham kelib qo‘shilishdi.

Muzaffar Axmadjonov: mening nazdimda go‘zallik haqiqiy, tabiiy va sodda bo‘ladi. o‘zida nafosatning bir bo‘lagini, poklikning ham bir bo‘lagini aks ettiradi. Ruhiyatga iliqlik bag‘ishlovchi har bir narsada go‘zallik mavjud. U moviy osmon bag‘rida nur va yomg‘ir bilan chizilgan rangin kamalakka monandir.

Robiya Ismatullaeva:  go‘zallik ezgulik va yaxshilikka undovchi kuch. Insonning birinchi boyligi salomatlik bo‘lsa, ikkinchi boyligi go‘zalligidir. Go‘zallik dunyoni boshqaradi va qutqaradi.

Xurshida Xusenova: Go‘zallik o‘zi haqida unutishlariga yo‘l qo‘ymaydi. CHindan shundaymi?! Albatta, go‘zallik “biroz” takabbur. U o‘zini juda sevadi, sevdiradi. U doim o‘zini birinsi o‘rinda turishini istaydi. Hamma narsaga erishish uchun faqat va faqat o‘zini boqiy deb biladi. Lekin u aksariyat hollarda adashadi. Ha, ha aksariyat hollarda! Ko‘pincha u o‘z maqsadiga erishadi, lekin, ichki va tashqi go‘zallik uyg‘unlashsa, bormi! Beixtiyor nur paydo bo‘ladi. bu nur hammani o‘ziga chorlaydi.

Durdona Bonu O‘roqova: (Samarqand viloyati Oqdaryo tumani) Insonning qalbi Olloh bergan chinakam ezgu xislatlar bilan sug‘orilgan bo‘lsa, butun borliq jannatiy go‘zallikka loyiq topiladi. Atrofga boqing! Nuqsonlar bormi? Unda inson qalbida go‘zallik bilan birga uni yo‘q qilishga uringan tubanlik ham bor.

Inson chinakam go‘zallikni yaratish yo umuman yo‘q qilishga qodir.

Dilafro‘z Ismoilova: Go‘zallik bu pok qalb va nafis tuyg‘ularning insonga baxsh etayotgan iliq onlari, in’omlari.

Mohisadaf Ubaydullaeva(Toshkent sh.) sharq allomalarining asarlarida go‘zal xulq, go‘zal xislatlar, go‘zal asar kabi qator birikmalarga duch kelamiz. “Go‘zal” so‘zi “mukammallik” bilan ma’nodoshlik hosil qiladi. Demak, go‘zallik bu har tomonlama, garmonik shakldagi mukammallikdir.

Zarnigor Abduvohidova (Namangan viloyati) go‘zallik… kimningdir qarashida bahor faslining uyg‘onishi, kimningdir nigohida baxt uchqunlarining porlashi, kim uchundir esa murg‘ak go‘daklarning beg‘ubor jilmayishi. Men uchun esa qalblarda muhabbat va samimiyatning aks etishi bu go‘zallikdir.

YUlduz Vafo: mening nazarimda, go‘zallik mavhum bir tushuncha. Uning aniq ta’rifi va o‘lchami yo‘q. Uni har kim o‘zicha kashf etadi va o‘zicha talqin etadi. Go‘zallik insoniyatni tanazzuldan qutqarib qoluvchi vositalardan biri. Ichki va tashqi go‘zallik bir-birini inkor etadi. Tashqi go‘zallik o‘tkinchi, ichki go‘zallik umrboqiy.

Nurxon: go‘zallik nisbiy tushuncha emas. Uni ko‘rish va anglash mumkin. Ko‘z bilan ko‘riladigan go‘zallik zohiriy bo‘lib, anglangani esa botiniydir. Zohiriysi borgan sari o‘zining chiroyini yo‘qotishi, botiniysi esa tobora jilolanib borishi mumkin. SHu sifatlari bilan ham go‘zallik isbot talab qiladi. Bir aqlli qizning qanchalik aqlliligini isbotlashdan ko‘ra, bir chiroyli qizning go‘zalliligini e’tirof etish afzal.

D.Haydarov: Go‘zallik eng beshafqat mehmondir.

Adiba Umarova(Navoiy viloyati Xatirchi tumani) tabiatning mo‘‘jizalari inson qalbini shoirona xayollarga chorlaydi. Kuz faslining o‘ziga xos jozibasi taxayyul olamiga chorlaydi. Turfa ranglarda tovlanuvchi barglar yomg‘ir ostida yuvilib, daraxtning quchog‘idan xayrlashib erga gilam bo‘lib to‘kiladi. Mana shu manzaraning o‘zida ham tabiat go‘zalligini ko‘rsa bo‘ladi. xayoliy jimjimador tasvir ham go‘zallikdir.

Go‘zalxon Qayumova: shunday insonlar borki, hayotning g‘ar bir kunidan go‘zallikni topib, his etib yashaydilar. Ular uchun hayotning har lahzasi nafis, go‘zal. Bunday insonlar, oddiy, jo‘n narsalardan ham zavqlanib, jo‘shqinlanib yashaydilar. Ular uchun oilaviy baxt, mehru oqibat kabi tuyg‘ular muqaddas va go‘zaldir.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.