9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Daraxt bir joyda ildiz otadi

notiq.uz > Arxiv  > Daraxt bir joyda ildiz otadi

Daraxt bir joyda ildiz otadi

Daraxt bir joyda ildiz otadi, deyishadi. Darhaqiqat, uning joyini almashtirsangiz oldingiday meva ham bermaydi, soya ham.  Daraxt baxtning ham, odamzot sulolasining ham timsoli. Odatda, daraxtning tomiri boboga, tanasi ota-onaga, shoxlari farzandlarga, novda-yu butoqlari nevara-yu chevaralarga qiyoslanadi.  Arabchadan o‘girilganda, “shajara” daraxt demakdir. SHuning uchun ham u sulolaning ma’nodoshi.

80 yoshni qoralagan, aniqrog‘i, oqlagan va haqlagan inson 45 yil bir maktabda direktorlik qilish, jamoaning ishonchini qozonish, hurmatiga sazovor bo‘lish fidoyi pedagoglarga xos. “Xalq maorifi a’lochisi”, “Mustaqillikning 20 yilligi” ko‘krak nishoni sohibi Mazbut aka Mahkamov ana shunday halol, pok, ta’lim va tarbiyaga sadoqatli va mas’uliyatli inson. “Keksalarni e’zozlash yili” munosabati bilan “Diydor shirin” deb nomlangan to‘y tadbiri CHinoz tumanidagi 40 sonli (sobiq G‘afur G‘ulom nomidagi) umumiy o‘rta ta’lim maktabining 50 yilligi va geografiya fanidan yoshlarga saboq berib, ayni paytda direktorlik qilgan Mazbut aka Mahkamovning ish faoliyatiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan “Navro‘z” restorani to‘y dasturxoniga CHinoz tumani ta’lim tizimida ishlagan va ishlayotgan xodimlar va yubilyarning qarindosh-urug‘lari jamuljam bo‘lishdi. Dastavval, 40-maktab jamoasi, aniqrog‘i, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Ra’noxon opa va shogirdlari tomonidan tayyorlangan maktabning tarixi, xotiraga aylangan o‘qituvchilarning suratlari, ta’lim jarayonlari bilan bog‘liq slaydlarning namoyish qilinishi, o‘z qismati maktab va maorif bilan tutash taqdirlarni yodga soluvchi rasmlar hammaning diqqatini o‘ziga tortdi. O‘qituvchining ta’limiy kuchi olam muammolarining echimi ekanini davra ahli his etishdi.

O‘z umri maktab, ma’rifat, ta’lim va tarbiya so‘zlari bilan kechgan insonga hurmat va ehtirom bog‘lagan kasbdoshlar va shogirdlarning davrasi o‘zgacha kechishiga yana bir bor imon keltirdim. CHunki, bir birini yaxshi bilgan va dildan hurmat qilgan insonlar davrasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Kasbiga, hamkasblariga mehr bog‘lagan rahbarning rizqi butun, umri uzun bo‘lishi haq. O‘zining mehnati faoliyati davomida izlanuvchan, tirishqoq pedagoglardan bir nechtasi ta’limning oliy mukofotlariga ega bo‘lishgani bejiz emas. “Do‘stlik” ordeni, “SHuhrat” medali, “Xalq maorifi a’lochisi” kabi qator rag‘bat nishonlari olgan o‘qituvchilar ham ular maktabga rahbarlik qilgan paytlarning yutug‘i, qolaversa hukumatimizning ta’lim va tarbiya masalasiga e’tiborning yuqori darajada ekanidandir.

CHinoz tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i sifatida bir paytlari  faoliyat ko‘rsatgan keksa pedagog Hamdam aka Nabiev viloyat boshqarmasiga rahbar bo‘lib ishlagan insonlarni sharaflab, jumladan sobiq boshqarma boshlig‘i Oleg Ahmedovichning nomlarini tilga oldilar. Men TVXTXQTMO institutimiz va Oleg Ahmedovich nomidan tabriklarni etkazganimda, gulduros qarsaklar bo‘lib ketdi.

So‘ng CHinoz tuman XTB rahbari Yo‘ldosh aka Musaevning tabriklari shogirdlarning ustozlarga samimiy tabrigi o‘rnida qabul qilindi. Ular fidoyilik va ishchanlik inson umrini bezashi, nomini sharaflashi mumkinligini Mazbut aka misolida aytib o‘tdilar va o‘z hurmatlarnini izhor qildilar.

Maktab direktorlarining tabriklari ham o‘zgacha bo‘ldi. “Zar qadrini zargar bilar” — deganlaridek, uzoq muddat direktorlik qilishning mas’uliyati va majburiyatini rahbar bo‘lib ishlaganlargina biladi. So‘zga chiqqan to‘rtala maktab direktorlari ham o‘z tabriklarida Mazbut akaning xizmati chinakam jasorat ekanligini uqtirib o‘tishdi. So‘ngra CHinoz tuman madaniyat bo‘limining rahbari Karimjon akaning tashabbusi bilan kelgan, Bahodir To‘ychiev boshchiligidagi ansambl o‘zlarining jozibador qo‘shiqlari bilan davraga fayz kiritishdi. Ayniqsa, yosh umidli san’atkorlardan Azamat Yo‘ldoshevning chiqishi xorazmcha yallalari barchani raqsga chorladi.

Keyinchalik tabrikka chiqqan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” Anora Rahimovaning nazmiy dil izhorlari, biologiya fani o‘qituvchisi Barnoxon Solievalarning istaklari, Mahbuba Nizomovaning ingliz tilidagi samimiy tabriklari ayricha bo‘lganini ta’kidlab o‘tish kerak. 26 – maktab pedagoglar jamoasining tabrigi va raqslari ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi. O‘zbekiston Respublikasi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining CHinoz tumani Kengashi raisi SHahboz Nizomiddinov, Nogironlar jamiyati mutasaddilaridan Tohir akaning tabriklari ham yubilyarning jo‘shqin kayfiyatiga kayfiyat qo‘shdi.

Mazbut akaning birinchi o‘quvchilari mikrofon qarshisiga chiqib kelishdi. Mazbut aka yozishga o‘rgatgani, ularning yoshligidagi qilgan qiliqlarini aytib berib hammasini kuldirdi va o‘z quvvai hofizasini namoyish etdi. SHogirdlari esa go‘yoki, yana bir bor o‘z bolalik choqlariga qaytgandek bo‘lishdi. Ularning har biri ustozlarini samimiy tabriklab, o‘sha paytda qanday bo‘lsalar hozir ham shunday turganlarini, vaqt ularga o‘z hukmini o‘tkaza olmaganini, sochlariga bironta ham oq oralamaganini aytib havas qilishdi.

Tasavvur qiling, 1970 yil 15 apreldan 2015 yil 2 sentyabrgacha o‘sha maktabga direktor bo‘lish chinakam ma’noda katta jasorat. Jamoaning yaxshi va yomon kunlarida birga bo‘lish, ular qalbu dardiga malhamlik, ta’lim jarayoni sifati va samarasini oshirish uchun kurashish, ma’rifat yo‘lidagi tinmay izlanishdek mashaqqatli dovonlardan oshib o‘tishning o‘zi bo‘lmaydi.

Tadbir nihoyasida 40-maktab muallimlar jamoasi Mazbut Mahkamovga xos bo‘lgan fazilatlarni bir-bir qayd etishdi. Maktab tarixini ularsiz tasavvur etish qiyin. Ular ta’limidan bahramand bo‘lgan ko‘plab yoshlar endilikda davlatimizning mas’ul vazifalarida ishlab, yurt istiqboli yo‘lida o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. YAxshi rahbarning o‘zi vazifasidan ketgandan keyin ham uning so‘zi boshqaraverishini aytib jamoa hurmat va ehtiromlarini bayon qilishdi. So‘ngra Mazbut aka jamoasi bilan umidli san’atkor Azamat Yo‘ldoshev ijrosidagi sho‘x va o‘ynoqi “Xorazm lazgisi”ga raqsga  tushib ketdi. Bunday shodu xurramlik o‘z ishiga sadoqatli, do‘stu yoronlariga muruvvatli va yurtiga muhabbatli insonlargagina yarashishini, barcha havas bilan qarashishini hamma chin dildan his etishdi.

Biz Mazbut aka Mahkamovga kelin ayajonimiz Fotimaxon onajonimiz bilan uzoq yillar to‘rtta farzand — SHahnoza, SHahloxon, SHuhratjon va Ilhomjonlar sabab nevara va chevaralarning baxtu saodatini, huzur-halovatini ko‘rib yurishlarini niyat qilib poytaxtga qaytarkanmiz, bizni taklif etgan 40-maktab pedagoglari nomidan Ra’noxon va Ilhomjonlarga minnatdorchilik bildira turib, chinakam ma’rifat va ma’naviyat egasi uyda ham, to‘yda ham, mahalla-ko‘yda ham qo‘yingki, bog‘da ham, tog‘da ham ma’rifat nurini yoyadi, ziyo tarqatadi, — deya o‘z minnatdorchiliklarini bildirib qolishdi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.