9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Twitter

 

Safardagi zafarlar

Safardagi zafarlar

Birinchi kun taassurotlari

Har qanday sayr-u sayohat va safar muayyan maqsadlarni, ro‘yobga chiqarish bobida imkoniyat. Qashqadaryo viloyatiga TIQXMMI prorektori Ruzimurot Choriyev boshchiligida institutimizning iqtidorli, faol yoshlari bilan uyushtirilgan ijodiy safar ana shu maqsadga yo‘naltirildi. Ular 9-aprel kuni soat 16.00da poytaxtning shimoliy vokzalidan jo‘naydigan Toshkent-Nasaf reysi bo‘yicha poyezdga chiqishdi. 50 dan ziyod talabaning xursandchiligi cheksiz, kayfiyati ko‘tarinki. Ular o‘z qobiliyati va qiziqishidan kelib chiqqan holda, vagonda o‘yin — kulgini boshlab yuborishdi. Kimdir gitara chalib qo‘shiq aytsa, kimdir doira jo‘rligida raqsga tushardi, boshqa birov esa ulug‘ shoir Abdulla Oripovning she’rlaridan o‘qib davraga fayz kiritardi. Xushchaqchaqlik, ayricha zavq — shavq bilan Qarshiga yetib kelganlarni ham sezmay qolishdi. Qarshi vokzalida jamoamizni tayanch institutimining Qarshi filiali direktori Muqimov Zafar Majlisovich pedagogik jamoasi va talabalari bilan karnay- surnay sadolari ostida kutib olishdi. Zum o‘tmay talabalarimiz turnaqator bo‘lib yengil avtomobillarda institutimizning Qarshi filialini yotoqxonasi tomon yo‘l olishdi. Shinam, ozoda va qulay yotoqxona jamoamizni o‘z bag‘riga oldi. Ertasiga ertalab nonushta qilish uchun talabalar oshxonasiga borildi. Abdulla Oripov ijodini ommalashtirish, asarlarini keng targ‘ib qilish vazifasi yuklatilgan, institutimiz jamoasining keng qamrovli faoliyati tahsinga loyiq. Safardan ko‘zlangan maqsad ham ulug‘ shoirimizning tug‘ilgan qishlog‘i, yashagan uyi va o‘qigan maktabini talabalarga ko‘rsatib ularda kengroq taassurot hosil qilishdan iborat. Navbatdagi kun taassurotlari bilan keyinroq tanishtiramiz.

Adib nomidagi ijod maktabida

10 aprel kuni ertalab soat millari 9:00 ni ko‘rsatganida delegatsiyamiz a’zolari ertalabki nonushtani qilib bo‘lgach, o‘zlari uchun ajratilgan ulkan avtobusga chiqishdi.  Adib nomidagi ijod maktabiga borildi. Bu ta’lim maskaniga kirib borishda maktab-internat jamoasi, o‘quvchi va o‘qituvchilari qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ygancha ochiq chehra bilan kutib olishdi. So‘ngra adib haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib shoir sharafi uchun ta’zim bajo keltirildi. Ijod maktabining hashamatli keng zaliga kirishdan oldin, jamoa ulug‘ shoirimizning serqirra ijodiyoti va shoirning keng ko‘lamli hayotiy faoliyatini aks ettiruvchi eksponatlar bilan bezangan muzeyni ko‘zdan kechirishdi.

Ijod maktabining matlabi

Intstitutimiz jamoasining maktab-internat bilan o‘zaro muloqoti va hamkorligi  yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa ancha ijobiy natijalarni berayotgani sir emas. Tomosha zaliga kirgach o‘zgacha bir manzaraning guvohi bo‘ldik. Go‘zal zalga monand muzayyan qilingan sahnaga ikkita yosh  boshlovchi chiqib keladi. Ular chiroyli va mazmundor so‘zlar bilan davrani ochgach, professor Abdurahim Erkayevga so‘z berishdi. Ustoz esa shoirning hayotiy va ijodiy faoliyatiga doir qimmatli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdilar.

Keyin esa ijod maktabining direktori Ubaydullo Oripov so‘z oldi. U tashrif buyurgan mehmonlarga samimiy minnatdorlik izhorlarni bildirib, shoir ijodiy faoliyatini o‘quvchilar onggiga singdirish bobidagi sa’yi harakatlari haqida so‘zladi. Keyin TIQXMMI prorektori Ruzimurot Choriyev so‘zga chiqdi. U o‘z so‘zida Abdulla Oripovga bag‘ishlangan ko‘plab onlayn va oflayn tarzida ta’lim muassasamizda o‘tkazilgan anjumanlardagi ikki tomonlama hamkorlikni ta’kidlay turib buning izchil va tizimli bo‘lishi zarurligini uqtirib o‘tdi.

Xuddi shunga monand holda shoirning rafiqasi Hanifa opa Mustafoyeva so‘zga chiqib shoirning umr saboqlari haqida so‘zladilar.

Keyin shoirning hayotiy va ijodiy faoliyati haqida videoro‘lik namoyish etildi. O‘quvchi yoshlarning ketma — ket badiiy chiqishlari tadbir qatnashchilarning ko‘nglini rom etdi. Ayniqsa, shoiring qalamiga mansub bo‘lgan “Jannatga yo‘l” asari asosidagi sahnaviy ko‘rinish o‘quvchi yoshlarning chinakam aktyorlarga xos ijrosi, ularning so‘zni his eta olish qobiliyati hayratlanarli edi.

Ijod maktabi jamoasining matlabi, ya’ni maqsadi ijodkor yoshlarning iste’dodini yanada yuksaltirish, ilm-fan cho‘qqilarni zabt etish yo‘lidagi g‘ayrat shijoatini oshirish ekani qayd etildi. Bu yo‘lda ularga omad va muvaffaqiyatlar tilandi. So‘ngra barcha jamuljam bo‘lib avtobusga chiqishdi va  Abdulla Oripovning tug‘ilgan ona qishlog‘i tomon yo‘l olishdi.

Iste’dod uchqunini alangalatgan manzil

Koson tumanidagi shoir tug‘ilgan Neko‘z qishlog‘i, kindik qon to‘kilgan makon. Ne ko‘z bilan ko‘raylikki “Neko‘z” mo‘jazgina qishloq bo‘lib, shoirning bolalik damlari kechgan, unga ilhom baxsh etgan so‘lim ma’vo bag‘ridagi uylardan biriga kirib bordik. Uy asl holatida saqlangan bo‘lib, shoirning bolalikdagi suratlari ilingan, oyoq ostiga tashlangan namat, sholcha ham beixtiyor adibning bolalik paytlariga xayolni olib ketadi. Biz bilan suhbatda bo‘lgan Abdurahim aka Erkayev yosh Abdullaning ko‘kragini yerga berib yostiqni quchoqlagancha kitob mutolaa etishi, o‘z tuyg‘ularini qog‘ozga tushirishi aynan shu xona bilan bo‘lganini uqtirdi, Rus klassiklaridan Pushkin, Lermontov, Yesenin asarlarini sevib mutolaa qilish, tarjima qilish havasi, aynan shu xonada tug‘ilgani aniq. So‘ngra suhbatga shoirning rafiqasi kelib qo‘shildilar. Hanifa opa o‘zi kelin bo‘lib tushgan xonani ko‘rsatib, o‘tmish xotiralarni eslab ko‘zlariga yosh oldilar. Bir kuni Abdulla aka jonajon o‘rtog‘ini to‘yiga bormoqchi bo‘ladi. Lekin otasi Ubaydulla aka ruxsat bermaydi. Qanday bo‘lmasin o‘rtog‘ining to‘yiga borisi kerak edi, so‘ngra uyning orqa derazadan oshib tushganini, Hanifa opa esa uning tuflisini olib deraza orqali unga uzatganini kulib gapirib berdi.

So‘ng bog‘dagi o‘rik daraxtining tagiga qo‘yilgan chorpoya atrofiga jam bo‘ldik. Mahalla imomi shoir ruhini shod etish ma’nosida qur’on tilovat qildi. Hammamiz duoga qo‘shildik. So‘ngra asli qishloq xo‘jaligi xodimi bo‘lgan 75 yoshni haqlagan va oqlagan Sobir ota Boymirov xotirotlarini eshitishga tutindik. Sobir ota o‘zining Neko‘z qishlog‘i nomining ta’rifi, u yerda yashagan oilalar haqidagi mulohazalar aks etgan “Unutish osonmas” nomli risolasini, yig‘ilganlarga tarqatdi. So‘ngra o‘zining Abdulla aka haqidagi xotirotlarini hikoya qilib berdi. O‘g‘li, viloyat hokimining o‘rinbosari Olloyor Boymirov ma’rifatparvar inson sifatida  qishloq tarixi va odamlari haqida kitob yozishni maslahat bergani, shu asosida ushbu kitob dunyo yuzini ko‘rgani borasida mamnuniyat bilan so‘zladi. Biz bir haqiqatni anglab yetdik.

Iste’dod sohibini dastavval, qishlog‘i mashhur qilsa u xalqqa manzur bo‘lgandan keyin, qishlog‘ini mashhur qiladi. Biz Neko‘zni izlab borganimizda Abdulla Oripovning qishlog‘i qayerda deb so‘rasak, yetti yoshdan yetmish yoshgacha darhol ko‘rsatishardi. Bu chinakam baxt emasmi? Neko‘z hayratimiz sababigina emas, balki u yerda Abdulla akaning ruhi go‘yo ne so‘z bilan, ne yuz bilan keldingiz deyayotgandek bo‘ladi.  Biz balki bu yerni nek ko‘zli, ya’ni yaxshi qarashli, ezgu niyatli, nekbin kayfiyatli insonlarning manzilgohidir degimiz keldi.

Jonajon maktab og‘ushida yoxud bag‘ishlov konsert dasturida

Ziyoli inson borki shunday holatga tushsa kerak. Uning o‘zi o‘qigan maktabni ko‘ziga cho‘g‘dek ko‘rinishiga va uni bolalik chog‘lari kechgan muqaddas manzilgohni entikish bilan eslashiga shubha yo‘q. Abdulla aka o‘qigan bir qavatli o‘rta maktab bog‘ to‘rida bo‘lib, uning bir muncha eskirgani yaqqol sezilib turibdi. Lekin u yerda yangi zamonaviy tarzda qurilgan ikki qavatli yangi maktab qad rostlagan. Maktabning ikkinchi qavatidagi muzey shoirning bolalik yillaridan tortib umrining oxirigacha bo‘lgan davrlardagi uchrashuv va muloqotlar, taniqli shaxslar bilan suhbat jarayonlari aks etgan rasm va polotnolardan, shuningdek, katta-kichik eksponatlardan tarkib topgan edi. Delegatsiyamiz a’zolari muzey bilan yaqindan tanisharkan shoir bilan ruhan, qalbdan gaplashgandek bo‘lishdi. Shoirning o‘zi va ovozi yozilgan audio va videodarsliklar yanada kuchliroq ta’sir kuchiga ega bo‘lib u hech kimni befarq qoldirmasligi aniq. Keyin maktab o‘quvchilari ishtirokida qo‘shiq, raqs guldastasidan tuzilgan she’rxonlik va xotirotlar bilan muzayyan etilgan konsert dasturi barchada iliq taassurot uyg‘otdi.

Tayanch institutimizning filialiga qaytib kelib tushlik qilingandan so‘ng keng bezatilgan katta sahnada har ikkala ta’lim muassasasining iqtidorli talabalari ishtirokida badiiy-adabiy dastur tashkil etildi. Dastavval, tayanch institutimiz, so‘ngra TIQXMMI talabalarining chiqishlari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ayniqsa, “TARG’IBOT” guruhining ichakuzdi hangomalari tomoshabinlarga huzur bag‘ishladi.

Tadbir avvalida Tayanch institutimiz filiali direktori Muqimov Zarifjon Majlisovich Qarshi shahrining 2700 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan yodgorlik albom-kitoblaridan bir nechtasini taqdim etib o‘zining samimiy istaklarini bildirdi.

Dastur tugagach, institutimizdan vakil bo‘lib borgan jamoa ichki turizmning amaldagi ifodasi o‘rnida “Sayf ul-haq” (Adolat qilichi) nomi bilan yuritilgan Abu Muin Nasafiy qadamjosiga borib ziyoratni bekamu ko‘st ado etishdi. Ertasiga tong mahali jamoamiz ko‘tarinki kayfiyat bilan “Nasaf-Toshkent” poyezdi orqali sog‘ — omon poytaxtga yetib kelishdi.

Institut matbuot xizmati

No Comments

Leave a Comment