9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Targ‘ibot guruhi Xorazmda

notiq.uz > Arxiv  > Targ‘ibot guruhi Xorazmda

Targ‘ibot guruhi Xorazmda

Joriy yilning 23 iyul kuni tonggi 6.45.da Toshkentdan ko‘kka o‘rlagan samolyot 2 soatdan keyin Urganch shahrining go‘zal va muhtasham aeroportiga qo‘ndi. Samolyot erdan oyog‘i uzilgunga qadar chinqirib, dirillab, kuchanib hammaning yuragiga g‘ulg‘ula soldi. Tepaga chiqib olgandan keyin rohatlanib bir maromda ucha boshladi. Go‘yoki, insonga chiqish va tushish iztirobli ekanini anglatayotganday.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat kengashi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining tashabbusi bilan Davlatimiz mustaqilligining 23 yilligi oldidan xalqimizga barcha sohalarda erishgan yutuq va egallagan marralarimizning mohiyatini tushuntirish va targ‘ib etish maqsadida omma bilan uchrashuvlar uyushtirish maqsadida tashrif buyurgan targ‘ibot guruhi olimlar, pedagog va aktyorlar tarkibidan iborat edi. Ular O‘zbekiston xalq artisti San’at Devonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Muhabbat Abdullaeva, Mirza Azizov, O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti professori Dilorom Bobojonova, O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya instituti falsafa kafedrasining mudiri Nurali Nazarov va kamina Rahimboy Jumaniyozovlardir. “YAgonasan, muqaddas vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” shiori ostidagi bu harakatimizning mezoni bir hayotiy haqiqat bilan bog‘liqdir. Bu “kim edig-u kim bo‘ldik?” talabidir. Mustaqilligimiz davridagi ulkan natijalarga xuddi shu savol asosida nazar tashlash, tahlil qilish va bularning zamiridagi mazmun-mohiyatni ommaga etkazish masalasi doimo dolzarbdir. Bizni Xorazm viloyat hokimining ma’naviy ishlar bo‘yicha muovini SHavkat YAxshiboev rahbarligidagi bir guruh mezbonlar tantanali ravishda kutib olishdi. Ma’naviyat targ‘ibot guruhi uchun ajratilgan va yasatilgan maxsus avtobusda jadval bo‘yicha tumanlarga chiqish masalasi kelishib olindi. Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan targ‘ibotchilar bilan birgalikda 6 ta guruhga bo‘linib Gurlan tumani bo‘ylab ilk qadamimizni boshladik. Biz beshinchi guruhga biriktirilgan bo‘lib unga O‘zbekiston YOzuvchilar uyushmasining a’zosi, shoira Muhabbat Safoeva boshlovchilik qildi. Dastavval, Bo‘zqal’a mahallasidagi 10 – o‘rta maktab hovlisida bir guruh o‘qituvchi va o‘quvchilar bizni kutib o‘tirishardi. Ikrom aka Yo‘ldoshev direktorlik qilayotgan maktab jamoasi bilan o‘tkazilgan tadbir qiziqarli ravishda, savol-javoblar bilan o‘tdi. Maktab o‘quvchilaridan beshtasi vatan va ota-ona mavzuidagi she’rlarini ifodali tarzda o‘qib berishdi. Muhabbatxon tadbir mohiyati haqida so‘z ochgandan keyin menga va so‘ngra Urganch Davlat universiteti Tarix fakultetining o‘qituvchisi Ulug‘bek Hojievga so‘z berdi. Ayniqsa, shu erning farzandi iqtidorli shoir Alisher Darveshning she’rlari ko‘pchilikda iliq taassurot qoldirdi. U ustozi Matnazar Abdulhakimning she’rlaridan ayrim namunalarni o‘qish asnosida shoir haqidagi xotirotlarini ham o‘rtoqlashdi. So‘ngra Dehqonobod mahallasidagi Mahmud Qurbonboev direktorlik qilayotgan 11 – o‘rta maktab jamoasi bilan uchrashuv borasida ham yuqoridagi mulohazalarni aytish mumkin. Ingliz tilida tor ohangida qo‘shiq aytgan o‘quvchilar o‘zlarini so‘z va soz uyg‘unligini his eta olish qobiliyatlarini ham namoyon etishdi. Ularga ustozlik qilayotgan Oybek aka torda ustozlaridan o‘rgangan “YOrim qaro ko‘zlaring na tilar mandan” qo‘shig‘ini joni tarzda ijro etib hammaning e’tiborini qozondi. Dehqonobod mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ozod Bobojonov bizlarni bir piyola choyga taklif etdi. So‘ngra soat 17.00.da Gurlan shahar parkida o‘tkaziladigan bayram dasturiga bizni taklif etishdi. U erda bir paytlari hokimlik qilgan mehnat faxriysi Aminboy Vafoev va O‘zbekiston Xalq Qahramoni Anora opa bilan suhbatlashdik. Aminboy aka mikrofon qarshisiga kelib, poytaxtdan tashrif buyurgan ma’naviyat targ‘ibotchilariga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi. O‘zbekiston xalq artisti San’at Devonov mustaqillik davridagi ijobiy evrilishlarni qayd eta turib, sobiq ittifoq davridagi fikr qaramligi, iqtisodiy tobelikning oqibatlari borasida to‘lqinlanib so‘zladi va bugungi kunning qadriga etish, tinchlik va osoyishtalik uchun kurashish kerakligini aytib o‘tdilar. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mirza Azizov va professor Dilorom Bobojonovalar har bir damning, har bir qadamning sharofati va xosiyati borligini, uni unutmaslik kerakligi haqida ibratli mulohazalarni e’tirof etishdi. O‘zbekiston xalq artisti Gulora Rahimovaning “Vayangan shahridan kelsin Avazim” degan qo‘shig‘i yuqori pardalarda aytilgani bilan e’tiborga molik bo‘ldi. Karate bo‘yicha uch karra jahon chempioni SHirinoy Rahimovaning dil so‘zlari va mashqiy chiqishlari esa hammani hayratga soldi. Umidli iqtidorli san’atkorlardan Dilshod Armon, Doniyor Bekturdiev, Jo‘shqin Jonibekov va SHohruh Rahimovlarning sho‘x, o‘ynoqi qo‘shiqlari davraga fayz kiritdi.

Har bir damning, har bir qadamning qo‘ldagi qalamga hisoboti borligini anglagan holda,  ijodiy xizmat safarimiz davomidagi faoliyatimiz bilan sizlarni tanishtirib borishni niyat qildik. Gurillagan Gurlandan dam ot surib, dam qanot qoqib, so‘zga suvdayin oqib ertaga Hazorasp manzilgohiga, ko‘ngilgohiga otlanamiz va shodlanamiz.

 

Hazorasp ming otdir, elining dili shoddir. Kayfiyati ko‘tarinki, ruhiyati tetik bo‘lgan xalqning ishida unum bo‘ladi, o‘z yurtida tinchlik qo‘nim bo‘ladi. Hazorasp tumani hokimiyatiga kirib kelganimizda karnay-surnaylar sadosi ostida bizni tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi Gulnora Matmurodova milliy liboslardagi suluv qizlar bilan dasturxon uzra nonlarni ko‘tarib qilib ochiq chehra va mayin tabassum bilan targ‘ibot guruhi a’zolariga peshvoz chiqishdi. Guruhlar boradigan tegishli hududlar belgilangandan so‘ng targ‘ibotchilar ish boshlashdi. Bizga, ya’ni 3-guruhga tuman “Kamolot” YOIH ning xodimasi Nodira Sa’dullaeva yo‘lboshchilik qildi. Tarkibimizda UrDU tarix fakulteti o‘qituvchisi Hakimboy Saidov va shoira Salimabonu hamda Maqsud SHermatovlardan iborat. Hazoraspdagi Pichoqchi qishlog‘ida joylashgan 23-umumta’lim maktabida zal ota-onalar va pedagoglar bilan gavjum edi. Maktab direktori SHarif Boltaev barcha tayyorgarliklarni ko‘rib qo‘yishgandi. Ovoz kuchaytirgichlar sozlangach, biz tadbirni boshladik. Dasturga Maqsud SHermatov boshlovchilik qildi. Savol-javoblar bilan qizg‘in ravishda o‘tgan tadbir barchaning qalbida uzoq yillar saqlanib qolishi tayindir. Bo‘ston qishlog‘i Qovunchi mahallasidagi 39 – o‘rta maktab jamoasini jamlab targ‘ibotchilarning mulohazalarini tinglashga shay qilib qo‘ygan maktab direktori Gulposhsha Abdukarimova xursandchilik bilan bizni kutib oldilar. Qovunchi qishlog‘ida yashayotgan fuqarolar o‘yin-kulgilarga moyilligi bilan alohida ajralib turdilar. Komron Sobirov va Murod Otajonovlarning sho‘x-o‘ynoqi qo‘shiqlari ularni tamomila o‘ziga rom etdi. Hazoraspdagi Engil sanoat kollejidagi uchrashuv ham o‘zining mazmunli va maroqli o‘tgani bilan xarakterlandi. SHermuhammad qori din ham tinchlikni, ta’lim va tarbiyani targ‘ib etuvchi ijtimoiy hodisa ekanini uqtirib yaqinlashib kelayotgan Iydi Ramazon bilan yig‘ilganlarni muborakbod etdi. YAngi qurilayotgan masjidi jomega bizlarni boshlab bordi. E’tiqod, iymon va diyonat manzilgohi bo‘lib xalqqa xizmat qilishini e’tirof etdi.

Uchinchi kun

Targ‘ibotchilarni karnay va surnay navosi bilan Honqa tuman hokimiyati oldida tuman hokimi Omonboy Jumanazarov rahbarligidagi xodimlar kutib olishdi. Odatdagidek, guruhlarga bo‘lindik va viloyatdagi targ‘ibotchilar bilan jadval asosida uchrashuv o‘tkaziladigan manzillarga yo‘l oldik. Sarapoyon qishlog‘ida joylashgan Iqtisodiyot kasb — hunar kollejining zalida tadbir boshlandi. Tadbirning yanada qiziqarli va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tishiga o‘zining chiqishlari bilan san’at olamiga endi qadam qo‘ygan, umidli san’atkorlar  Dilafro‘z Hayitmatova,  Sarvar Sopaev, Elyor Abdullaevlar o‘zlarining hissalarini qo‘shishdi. UrDU tarix fakultetining o‘qituvchisi Muborak Matyoqubova mustaqillik sharofati bilan erishgan yutuqlar mohiyati borasida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdilar. Direktor Omonboy SHaripov bilan kollejdagi ish vaziyati va o‘quv jarayoni haqida suhbatlashdik. Qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Azimboy Bekjonov tadbir ishtirokchilarini ochiq chehra bilan kuzatib qoldilar. So‘ngra 49-sonli ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim  maktabiga etib keldik. Hasanboy Rajabov direktorlik qilayotgan ushbu o‘quv muassasasida saranjom sarishtalik va orastalikni ko‘rib dillarimiz yayradi. Qishloq oqsoqoli Ahmadjon Quronboevning tashkilotchiligidan mamnun bo‘ldik. Ta’lim maskanining oldidagi yon atroflari gullar va sadalar bilan bezangan so‘lim bog‘da o‘tkazilgan tadbir tabiat qo‘ynida bo‘lganligi uchunmi ishtirokchilarning tadbir mehmonlari bilan muloqoti ancha jonli va maroqli bo‘ldi. Qoraqosh qishlog‘i fuqarolari bilan bayram oldi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Iqtdidorli shoirlariizdan Ismoil Ollaberganov o‘zining yangi she’rlaridan va hajvlaridan o‘qib berdi. So‘ngra Dilafro‘z Hayitmatova ijrosida o‘ynoq yallalar yangradi. Uning “Nurmamat” nomli qo‘shig‘i esa shunday ismli yigitlardan biriga ayniqsa, xush keldi. Maktabning talantli yoshlari ijrosidagi qo‘shiq va raqslar ham davraning fayziga sabab bo‘ldi. tadbir nihoyasida mehnat faxriysi Matmurod ota Davlatovning minnatdorlik istaklari barchamizning qalbimizga iliqlik baxsh etdi. Soat 19.00 da Hojixon Boltaev nomli istirohat bog‘da tuman hokimi Omonboy G‘oyibovich Jumanazarov ishtirokida katta konsert dasturi tashkil etildi.

To‘rtinchi kun.

YAngibozor tumaniga safarimiz ham mazmunli uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Guruh a’zolari har kuni 18 ta manzilda omma bilan uchrashuvlar o‘tkazib, xalqqa 23 yillikning zalvorli va davlatimizning jahon tan olishiga bois o‘zbek modelining shakllanish davri bo‘lganligini uqtirib o‘tdi. Oyoqdo‘rmon qishlog‘idagi umumta’lim maktabida bolalaru o‘spirinlar bilan gavjum boqqa to‘plandik. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olgan bolalarning xursandchiligi cheksiz edi. Zum o‘tmay tumandagi iqtisodiyot kollejiga etib keldik. Ma’naviyat targ‘ibotchilarining deyarlik barchasi o‘sha o‘quv maskanida hozir bo‘lishgandi. Ularning chiqishlari o‘quvchi va o‘qituvchilar jamoasi tomonidan olqishlab turildi. Umidli san’atkorlardan maftunkor Dilafro‘z Bekmetova va Ulug‘bek Sobirovlarning jozibador qo‘shiqlari barchaga xush kayfiyat baxsh etdi. Kollej direktorining samimiy minnatdorchiligidan so‘ng tadbir nihoyasiga etdi. SHu kuni soat 18.30.da istirohat bog‘ida tuman ahli uchun katta konsert dasturi namoyish etildi. Tuman hokimi Ozodbek Saidnazarovich targ‘ibot guruhi a’zolarini bir piyola choyga taklif etarkan, tumandagi ijobiy o‘zgarishlar va barcha bunyodkorlik ishlari zamirida hukumatimizning odilona va oqilona siyosati yotganligini qayd etib o‘tdi. Jonli ijrodagi konsert ayniqsa, o‘zgacha bo‘ldi. Mashhur raqqosalardan Mavluda va Nargizaning xirom aylashlari, xivalik taniqli san’atkor Karomat xalfaning xalfayona qo‘shiqlari davraga xushnudlik baxsh etdi.

Beshinchi kun

Xiva shahridagi yakuniy safar 20 sonli mehribonlik uyi jamoasi bilan uchrashuvdan boshlandi. Mehribonlik uyining rahbari Pak Vera Borisovna 30 yildirki, ushbu o‘quv maskanini “vatan ichra vatanim” deb ataydilar. SHu erda undim, o‘sdim, etim-esir bolalarga onalik va otalik mehrini berib kelmoqdaman, deydi ular o‘z nutqida. Karomat xalfaning qizlari YUlduz Jumaniyozovaning sho‘x qo‘shiqlari o‘quvchilarni raqsga taklif etdi. Bolalar bilan birgalikda pedagog va tarbiyachilar ham maroq bilan raqsga tushishdi. Tuman prokuraturasi xodimlarining muruvvati bois ular tomonidan mehribonlik uyi o‘quvchi va o‘qituvchilar jamoasiga yuborilgan, lazer gurunchidan tayyorlangan palovning ta’mi ma’naviyat ishtirokchilarining ham og‘zida qoldi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Mehribonlik uyining pedagoglar jamoasi targ‘ibot guruhi uchun ajratilgan avtobusgacha guruh a’zolarini kuzatib borishdi.

Xalqning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi va umidi mustahkam, kayfiyati ko‘tarinki va ruhiyati tetik. SHuning uchun ham bayramona kayfiyat ularning yuzu ko‘zlarida, qalbu qiyofatlarida, to‘yu ziyofatlarida aks etib turgani bejiz emas.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.