9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

Zullisonayn olimni olqishlab

notiq.uz > Arxiv  > Zullisonayn olimni olqishlab

Zullisonayn olimni olqishlab

O‘zbek hamda fors-tojik mumtoz adabiyotining yirik bilimdoni, filologiya fanlari doktori, professor Hamidjon Homidiy domlaning 80 yoshlik tavallud ayyomlari munosabati bilan qator o‘quv muassasalarida qutlov tadbirlari o‘tkazildi. Bugun TVXTXQTMOI da “Ona tili va adabiyoti” hamda “Qozoq tili va adabiyoti” guruhlarida ta’lim olayotgan pedagog-tinglovchilar ishtirokida ustoz bilan bo‘lgan ijodiy uchrashuv ham mohiyat e’tibori bilan ahamiyatli bo‘ldi.

“Til va adabiyot ta’limi” kafedrasining mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Umirov Ixtiyor Ergashevich tadbirni boshqarar ekan, uchrashuvga tashrif buyurgan ustozning shogirdlari bilan tanishtirib o‘tdi va ustozning hayotiy va ijodiy yo‘li borasida so‘zlab berishlari uchun filologiya fanlari nomzodi Nizomiy nomidagi TDPUning dotsenti Tohir SHermurodovga navbat berdilar. Tohir aka ustozning shogirdlar mehrini qozongan, fidoyi inson, ma’rifatparvar olim ekanliklarini misollar asosida izohlab o‘tdilar. Qator monografiya va o‘quv qo‘llanmalari filologiya fakultetlarida o‘qitilib kelinayotganligi, ikki tilda ijod qilish va shu asnoda tarjima bo‘yicha ham qator ishlarni amalga oshirib kelayotganlari ustozning serqirra iste’dodidan dalolatdir. Ustoz faoliyatida ilm va amalning uyg‘unligi ularning e’zoz va ehtiromga ega ekanligining asosiy omilidir. So‘ngra institut dotsenti Rahimboy Jumaniyozovga so‘z berildi. U Hamidjon Homidiyni ko‘p yillardan beri yaxshi tanishi, yoshlarga xos shijoatli va chaqqon ekanliklari, ilmiy ishlari mobaynida ustozning ko‘p jihatdan fikrlariga tayangani haqida so‘zladi. Ilm, olim, ta’lim, a’lam, muallim, ma’lum kabi so‘zlar bir o‘zakdan yasalgan arabiy so‘zlardir. Gap olimning ilmga munosabati haqida. Bu esa olim faoliyatining muhim mezonidir. Ustoz o‘zining xokisorligi, kamtarin va kamsuqumligi bilan jamoaning ishonchu e’tiborini qozondi. Jaloliddin Rumiyning bir hikmati bor. U shunday: Ilmro bar tan zane more buvad, ilmro bar dil zane yore buvad. Mazmuni: Ilm tanga kirsa ilonga aylanadi, dilga jo bo‘lsa yor(do‘st)ga aylanadi. Demak, ustoz ilmni qalbiga jo etib, shogirdlarining ongu shuuriga etkazishni niyat qilgan samimiy mudarrisdir. Ularning ta’limu tarbiyasida yosh avlodga, ilmu ma’rifatga, bunyodkor xalqimiz va ona vatanimizga mehr hissi ufurib turadi. SHuning uchun ham ustozni hamma hurmat qiladi va yaxshi ko‘radi. CHunki, ular hazrat Navoiyning ushbu hikmati mohiyatini talabalarga sinchkovlik bilan tushuntirib beradilar. “Ilmnikim vositai joh etar, o‘zini ham xalqini gumroh etar.” Ilmni mansab va martaba deb bilish asnosida uni suiiste’mol qilish o‘zini va xalqini to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishdir, — degan fikr bejiz emasligini qayta-qayta tushuntiradilar. “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir,” — degan hadisi sharifning mazmun va mohiyati kuchli. CHinakam olim ilmni qismat deb, umr mazmuni va o‘z taqdiri deb bilmasa hech narsaga erisholmasligini uqtiradilar. Muallimda kasbiga shaydoyilik, fidoyilik bo‘lishi kerak, zarur bo‘lsa, adoyilik va gadoyilik ham xos bo‘lishi muqarrarligini his etish olihimmatlikdir. Olimning baxti uning kerak bo‘lib yashashidadir. 80 yoshlarida ham shogirdlariga, jamoaga zarur ekanliklarining o‘zi ularning chinakam baxtiyor ekanligini anglatadi.

SHundan so‘ng Ixtiyor Umirov Homidiy domlaning o‘zlariga navbat berdilar. Ustoz jamoaga minnatdorchiligini izhor qilaturib, “O‘zim haqimda so‘zlagandan ko‘ra, meni shu darajaga etishimga bois bo‘lgan ustozlar haqida gapirishni afzal bilaman,” — dedilar xokisorlik bilan. Taniqli ma’rifatparvar olimlar Toshpo‘lat Abdullaev, Natan Mallaev, Aziz Qayumov, Davletshin kabi ustozlarning bergan yordam va qilgan muruvvatlarini ko‘zlariga yosh olib esladilar. O‘zlari tomonidan yaqin yillarda yozilgan qator kitoblarini “Til va adabiyot ta’limi”kafedrasi nomiga dastxatlari bilan taqdim etdilar.

Keyin esa pedagog-tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ustozga murojaat qilishdi. Ular orasida Zangiotalik o‘qituvchi Roza Ostonovaning sharofatli insonlarni sharaflab, taraflab so‘z aytish azaliy urfimiz ekanligini ta’kidlay turib, o‘zlari yozgan she’rni o‘qib berishi barchaga ma’qul keldi. Roza “Kerak bo‘lmay qolishingdan yomoni yo‘q” nomli she’rini o‘qib bo‘lganlaridan so‘ng davra ahli zavqu shavq bilan qarsak chalib uni olqishlashdi. Ustoz esa “farzandu nevaralarimga, oilamga, shogirdlarim va kasbdoshlarimga zarur bo‘lib yashashim mening chinakam baxtimdir”, — deya g‘ururlandilar.

So‘ngra Ixtiyor Umirov ustozning 80 yillik tavallud ayyomlari bilan yana bir bor samimiy tabrikladilar va institut jamoasi nomidan yozilgan qutlov xatini topshira turib, ustoz elkasiga to‘n yopdilar. “Pesar namuna – padar cheguna, duxtar namuna – modar cheguna, shogird namuna – ustod cheguna» degan fikr bejiz emas. SHunga monand holda aytish mumkinki, ustoz o‘zi, ham so‘zi ibrat bo‘lgan tabarruk zotdir. Ular Navoiyning ushbu iborasini keltira turib o‘z minnatdorchiliklarini izhor qildilar. “Umidim shul umidingga etgaysen!”

Biz Hamidjon Homidiy domlaga yanada kuch-qudrat va g‘ayrat-shijoat tilab qolamiz. Barcha yaqinlari baxtiga doim omon bo‘lsinlar.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.