9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

MUNOSABAT: EL-YURTGA E’TIBOR TILDAN BOSHLANADI

notiq.uz > TIL TARAQQIYOT  > MUNOSABAT: EL-YURTGA E’TIBOR TILDAN BOSHLANADI

MUNOSABAT: EL-YURTGA E’TIBOR TILDAN BOSHLANADI

Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida alohida ta’kidlaganidek, o‘zbek tili xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan va davlatimiz rahbari tomonidan kecha imzolangan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun ona tilimizning mavqeini yanada oshirishda mustahkam poydevor bo‘ladi. Qolaversa, davlat tilining hayotimizdagi o‘rni, nufuzi tobora ortishi hamda xorijiy mamlakatlarda tilimizga e’tibor, uni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchayishiga xizmat qiladi.

 

O‘zbek tili bayrami nishonlanishi, eng avvalo, shu zaminda istiqomat qilayotgan millionlab yurtdoshlarimiz hamda dunyoning turli hududlaridagi tildoshlarimizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

 

Endilikda 21 oktyabr kunida o‘zbek tili bayramini nishonlash bilangina cheklanmasdan, bir yil davomida tilimiz rivoji yo‘lida amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy tahlil qilish, turli ilmiy anjumanlar, aksiyalar o‘tkazish, soha fidoyilarini munosib taqdirlash kabi ishlarni ham amalga oshirishimiz talab etiladi.

Shu o‘rinda Konstitutsiyamizda mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat vakillarining tillari, urf-odatlari, an’analari hurmat qilinishi rasman mustahkamlangan, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish belgilangan va bu amalda to‘liq o‘z ifodasini topganini ham ta’kidlash joiz.

 

Ushbu qonun har birimizning oldimizga davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish, o‘zbek tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, o‘zbek tilida kompyuter dasturlarini yaratish kabi o‘ta dolzarb vazifalarni ham qo‘yadi.

 

Baxtiyor SAYFULLAEV, 

Oliy Majlis Senati 

qo‘mita raisi.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.