9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

«TEBINBULOQ» KONI O‘ZBEKISTONDA PO‘LAT ISHLAB CHIQARISHNI 1 MLN TONNAGA OSHIRADI

notiq.uz > Yangiliklar  > «TEBINBULOQ» KONI O‘ZBEKISTONDA PO‘LAT ISHLAB CHIQARISHNI 1 MLN TONNAGA OSHIRADI

«TEBINBULOQ» KONI O‘ZBEKISTONDA PO‘LAT ISHLAB CHIQARISHNI 1 MLN TONNAGA OSHIRADI

«Tebinbuloq» koni O‘zbekistonda po‘lat ishlab chiqarishni 1 mln tonnaga oshiradi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilmoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 1,5 milliard tonna temir rudasi zaxirasi mavjud. «Surun-ota» konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosi olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan.

Yig‘ilishda ushbu kondan olinadigan temir konsentrati 2027-yildan boshlab metallurgiya kombinatiga yetkazib berilishi shartligi belgilandi.

Yig‘ilishda «Tebinbuloq» konini uch-to‘rt yil ichida ishga tushirish rejasi ham ko‘rib chiqildi. Bu orqali mamlakatda yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoniyati yaratilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosi xarid qilish bo‘yicha memorandum imzolangani ma’lum qilindi. Mas’ullarga tez fursatda tegishli shartnomani rasmiylashtirish va kelgusi yildan xomashyo yetkazib berishni boshlash vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilishda xomashyo ta’minotini barqarorlashtirish metallurgiya sanoatining raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Prezident yig‘ilishida metallurgiya sohasida faoliyat yuritayotgan yirik xususiy korxonalar ham geologiya-qidiruv ishlari, konlarni o‘zlashtirish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni tashkil etishga tayyor ekani bildirildi.

Jumladan, Samarqanddagi korxona temir koni ajratilsa, xomashyo qazib olishga 500 million dollargacha sarmoya kiritish tashabbusini ilgari surgan. «Bekobod metallurgiya kombinati» esa Forish tumanidagi 32 million tonna temir resursiga ega «Temirkon» konini o‘zlashtirish taklifini bildirgan.

Davlat rahbari mazkur tashabbuslarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

(Xabar.uz)

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.