9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

SAODATGA ELTUVCHI YO‘L, NAJOT ESHIGI VA KAMOLOT MEZONI

notiq.uz > IJODIYOT  > SAODATGA ELTUVCHI YO‘L, NAJOT ESHIGI VA KAMOLOT MEZONI

SAODATGA ELTUVCHI YO‘L, NAJOT ESHIGI VA KAMOLOT MEZONI

Ilmning kuchi

Buyuk soʻfiy shoir Jaloliddin Rumiyning munosib vorisi, farzandi Sulton Valad (1226–1312) qalamiga mansub “Maorif” asarida tasavvufning orifona gʻoyalari yuksak badiiy mahorat bilan bayon etilgan. Asarda shunday hikmatli fikr keltiriladi: “Joriy etilgan tartib-qoida, surat va rusumlarning oʻzi amal emas. Amal insonning holdan holga oʻtishi, muttasil poklanib borishidir”. Bu fikrdan anglashiladiki, ilmning haqiqiy samarasi amal bilan namoyon boʻladi. Ilm amaldan ajralgan zahoti oʻz qimmati va foydasini yoʻqotadi.

Dunyoda oʻqish va oʻrganishdan ham sharafli, ham lazzatli mashgʻulot kam topiladi. Qurʼoni karimning ilk nozil boʻlgan amri — “Oʻqi!” ekani ham bejiz emas. Bu amr insonni ilmga, maʼrifatga chorlaydi. Shu bilan birga, Qurʼonda ilmli bilan ilmsizning teng emasligi taʼkidlanib, ilm ahlining darajalari yuksak ekani bashorat qilinadi. Insonning qadri uning bilimi bilan oʻlchanadi. Hazrati Odam alayhissalomning farishtalardan ulugʻ maqomga koʻtarilishiga ham ilm sabab boʻlgan. Qurʼonda yozish vositasi — qalam alohida ulugʻlanadi, hatto Alloh taolo qalam va uning bitgan satrlari bilan qasam ichadi. Bu esa qalamning inson hayoti va taraqqiyotidagi beqiyos ahamiyatini koʻrsatadi.

Rivoyat qilinishicha, bir kuni Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom Hilol ismli sahobadan:

  • Qalaming bormi? — deb soʻradilar.

U kishi “yoʻq”, deb javob bergach, Rasululloh:

  • Qalamsiz yurma, ey Hilol. Chunki ezgulik qalam bilandir. Qiyomatgacha unga vafodor insonlar topiladi. Inson qalam bilan yuksaladi. Olimning qalami siyohi shahidning qoni bilan tengdir, — dedilar.

Turk mutafakkiri Zubayr Kuduzalp: “Bilimli inson quyoshga oʻxshaydi — qayerga kirsa, oʻsha joyni yoritadi”, degan. Darhaqiqat, ilm — zulmatni yorituvchi mashʼaladir. Qorongʻulikda qolgan har bir inson unga muhtoj. Yuksaklik sari koʻtarilishning eng mustahkam narvoni ham ilmdir.

Hazrati Ali karramallohu vajhahu shunday deganlar: “Ilm pastdagilarni yuqori darajaga koʻtaradi, johillik esa yuqoridagilarni ham quyiga tushiradi. Ilm mol-dunyodan afzaldir. Chunki boylikni sen qoʻriqlaysan, ilm esa seni qoʻriqlaydi”. Bu hikmat zamirida ulkan hayotiy haqiqat mujassam.

Tavbaning kuchi

Buyuk mutafakkir Farididdin Attorning “Shayx Sanʼon” qissasi tavbaning qudratini yorqin ifodalovchi eng ibratli asarlardan biridir. Bu hikoyat har bir oʻquvchiga chuqur maʼnaviy saboq beradi, insonni nafs, muhabbat, imon va tavba haqida jiddiy mushohadaga chorlaydi. Quyida asar mazmuniga murojaat qilib, undan chiqadigan ibratli xulosalar haqida soʻz yuritamiz.

Zamonasining mashhur piri murshidi boʻlgan Shayx Sanʼon Makkada ellik yil shayxlik qildi. Shu muddat ichida uning toʻrt yuz nafar muridi tariqatning yetuk namoyandasi darajasiga yetdi. Ellik marta haj ibodatini ado etgan shayxning obroʻsi shu qadar yuksak ediki, zamona ulamolari ham uni yuksak ehtirom bilan tilga olar edilar.

Bir kecha Shayx tushida Rum diyorida bir butga sajda qilayotganini koʻrdi. Bu tushning maʼnosini anglash uchun muridlarini yigʻib, Rum tomon yoʻl oldi. U yerda tushida koʻrgan butning timsoli goʻzal bir nasroniy qiz ekanini angladi. Qizni koʻrgan zahoti qalbi muhabbat oʻtida yondi. Afsuski, bu muhabbat uni aql va irodasidan ayirib, imon-eʼtiqodini izdan chiqardi.

Bu holni koʻrgan muridlar qattiq iztirobga tushdilar. Nasihat ham, iltimos ham shayxga taʼsir qilmadi. Nihoyat, u qizning huzuriga kelib:

  • Ey nigor, qachongacha hijron azobida qolaman? Eshigingni och, bir lahza boʻlsa ham suhbatingga musharraf et. Men sening ixtiyoringdaman. Nima desang, bajaraman. Qullik halqasini qulogʻimga, zulfing zanjirini boʻynimga sol, — dedi.

Qiz esa xotirjam javob qildi:

  • Agar muhabbating chin boʻlsa, toʻrt shartimni bajarasan: butga sajda qilasan, Qurʼonni yoqasan, sharob ichasan va imoningdan qaytasan.

Shayx ogʻir sukutdan keyin:

  • Mayli, sharob ichaman. Ammo qolgan uch shartni hech qachon bajara olmayman, — dedi.

Qiz unga sharob tutdi. Shayx uni qabul qildi. Bir qadah may uning aqlini tumanga chulgʻadi. Din ilmining buyuk bilimdoni, Qurʼonni yod bilgan zot bir lahzada oʻzini yoʻqotdi. Uni ibodatxonaga olib kirib, beliga zunnor bogʻladilar. Shu tariqa shayx Kaʼbani ham, shayxlik maqomini ham, oʻtmishini ham unutdi. Bor davlatini mahbubasi yoʻliga sarf qildi.

Keyin qiz yana bir shart qoʻydi:

  • Qalin oʻrniga bir yil choʻchqalarimni boqasan. Shundan keyin murodingga yetasan.

Shayx bu shartga ham rozi boʻlib, choʻchqaboqarlik qilishga tushdi.

Bu ahvolni koʻrgan muridlar iztirob bilan Makkaga qaytdilar. Faqat birgina sodiq murid ustozi yonida qoldi. Bir kecha u tushida Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomni koʻrdi va zorlanib:

  • Yo Rasulalloh, shayximiz yoʻldan ozdi. Uni haq yoʻlga boshlang, — deb iltijo qildi.

Rasululloh alayhissalom marhamat qildilar:

  • Borgin, shayxingni Allohning marhamati qamrab oldi. Uning qalbidagi gʻubor ketkazildi. Rahmat eshigi ochildi. Bilinglarki, insonning gunohi qanchalik ulkan boʻlmasin, chin tavba uni poklaydi.

Bu soʻzlardan ruhlangan murid hushiga kelgach, shayx huzuriga oshiqdi. Barcha muridlar ham u yerga yetib bordilar. Ular Shayx Sanʼonni avvalgidek choʻchqaboqar holda, lekin behad zaiflashgan ahvolda koʻrdilar.

Sodiq muridini koʻrgan zahoti shayxning qalbida tavba nuri chaqnadi. Imoni uygʻondi. U zunnorni yechib tashladi. Qurʼon oyatlari yana xotirasiga qaytdi. Jaholat pardasi koʻtarildi va Allohning rahmati bilan haq yoʻlga qayta oldi.

Tahorat qilib, namoz oʻqidi, hirqasini kiydi va Makka sari yoʻlga chiqdi.

Shayx ketgach, nasroniy qiz ham ajoyib tush koʻrdi. Tushida nurli bir oftob unga:

  • Endi sen ham shayxning ortidan bor. Avval u sen uchun sinovdan oʻtdi, endi esa sen haq yoʻlga kirishing lozim, — dedi.

Uygʻongach, qiz qalbiga ilohiy nur tushganini his qildi. Barcha dunyoviy havoyu havaslardan kechib, shayx ortidan yoʻlga tushdi.

U shayxni topgach:

  • Sening muhabbating qalbimni butunlay oʻzgartirdi. Meni haqiqat yoʻliga boshla, — dedi.

Shayx unga shahodat kalimasini oʻrgatdi. Qiz islomni qabul qildi. Koʻp oʻtmay:

  • Ey shayx, bu dunyo bilan vidolashish vaqti keldi. Men endi haqiqiy mahbub sari ketmoqdaman. Alvido, — dedi.

Shu soʻzlarni aytib, ruhini Yaratganiga topshirdi.

Qizning vafoti Shayx Sanʼonga qattiq taʼsir qildi. U ham:

  • Ey doʻstlar, oshiqlarning qismatiga qarang. Qushimni qanotim ostiga oldim, ammo u mangulik sari uchib ketdi. Endi mening ham bu dunyoda qolishimga hojat yoʻq, — dedi.

Rivoyat qilishlaricha, qiz tongda, Shayx esa shu kuni peshin paytida vafot etdi. Ularni yonma-yon dafn qildilar. Ikki qabr ustida ikki sarv daraxti unib chiqdi. Bu sarvlar pok muhabbat, tavba va ilohiy rahmatning ramziga aylandi.

Farididdin Attor bu qissani faqat ikki oshiq taqdiri haqida emas, balki insonning maʼnaviy kamoloti, nafs bilan kurashi va tavbaning buyuk qudrati haqida yozgan. Asar har bir insonni imon-eʼtiqodga sodiq boʻlishga, havoi nafsga berilmaslikka, Allohning rahmatidan hech qachon umid uzmaslikka chorlaydi.

Zero, Allohning rahmati keng. Chin dildan qilingan tavba insonni eng ogʻir gunohlardan ham poklaydi, uni yana haq yoʻlga qaytarib, maʼnaviy yuksalish sari yetaklaydi. Ana shuning uchun ham maʼrifat, imon va tavba insonning eng buyuk boyligidir.

Ruhning kuchi

Keyingi yillarda ijodiy davralar va ilmiy anjumanlarda inson ruhining mohiyati, uning cheksiz imkoniyatlari hamda noyob xislatlari haqidagi bahs-munozaralarga tez-tez duch kelmoqdamiz. Bu mavzu shu qadar keng va serqirraki, baʼzan turli qarashlar ichida qaysi biri haqiqatga yaqin ekanini aniqlash oson kechmaydi. Ayrimlar ruh va jismni bir-biri bilan chambarchas bogʻliq tushuncha sifatida talqin qilsa, boshqalar ruhni mistik tasavvurlar yoki gʻayritabiiy hodisalar bilan bogʻlashga moyil.

Taniqli sharqshunos olim Najmiddin Komilov: “Ruh — latif javhar, biologik quvvat, Rahmoniy nafas”, deb taʼrif beradi. Darhaqiqat, inson hayoti jism va ruh uygʻunligidan vujudga kelgan. Alloh taolo insonni farishta bilan hayvon orasidagi mukammal mavjudot sifatida yaratdi. Shu bois insonning kamoloti ham uning jismoniy emas, avvalo maʼnaviy va ruhiy tarbiyasiga bogʻliq.

Movarounnahr zaminida yashab ijod qilgan avliyolar, soʻfiy shayxlar va mutafakkir shoirlar insonning hayotdagi maqsadi, ruhiy kamoloti va maʼnaviy yuksalishi haqida bebaho asarlar meros qoldirganlar.

Mavlono Jaloliddin Rumiy inson maʼrifat orqali nafaqat farishtalar maqomiga, balki ilohiy saodatga ham erishishi mumkinligini taʼkidlaydi. Buning uchun inson oʻlimdan qoʻrqmasligi lozim. Chunki tan foniy boʻlsa-da, ruhning parvozi abadiydir.

Mavlononing quyidagi hikmatlari bu haqiqatni yanada teranroq anglatadi:

“Ichingni tashingdan ham koʻra koʻproq pokla va obod qil. Chunki tashingni xalq koʻradi, ichingni esa Xoliq koʻradi”.

Yana bir hikmatida u:

“Johil kishi gulning goʻzalligini emas, uning tikonini koʻradi”, —

deydi.

Boshqa bir hikmatda esa inson tabiatiga chuqur taʼrif beradi:

“Inson daryoga oʻxshaydi. Uning sathi sokin koʻrinadi, ammo tubida ne-ne toʻlqinlar, boʻronlar va poʻrtanalar yashiringan boʻladi”.

Bu hikmatlar insonning ichki olami tashqi koʻrinishidan ancha keng va murakkab ekanini anglatadi.

XIII asrning yirik mutafakkiri Shayx Aziziddin Nasafiy ham ruh masalasiga alohida eʼtibor qaratgan. Uning “Zubdat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar qaymogʻi”) risolasida ruhning darajalari, uning nuzul (tushish) va uruj (koʻtarilish) bosqichlari ilmiy-falsafiy asosda izohlangan.

Bu qimmatli asar 1990-yillarda sharqshunos olim Najmiddin Komilov tarjimasida oʻzbek kitobxonlariga taqdim etildi.

Aziziddin Nasafiy mashhur shayx Najmiddin Kubroning xalifalaridan biri boʻlib, Nasaf, Buxoro, keyinchalik Eronning Bahrobod, Isfahon, Sheroz va Abrkoʻh shaharlarida yashab ijod qildi. U tasavvuf va falsafaga bagʻishlangan oʻnlab asarlar yozdi. Ular orasida “Kashf ul-haqoyiq”, “Maqsadi aqso”, “Insoni komil”, “Manozil as-soirin”, “Usul va furuʼ”, “Bayon at-tanzil”, “Mabdaʼ va maod” kabi risolalar alohida oʻrin tutadi. “Zubdat ul-haqoyiq” esa ana shu merosning eng nodir namunalaridan sanaladi.

Asar “Muqaddima” va “Xotima”dan tashqari ikki katta qism hamda olti asosiy bobdan tashkil topgan boʻlib, har bir bob yana fasllarga ajratiladi. Muallif borliqni ikki qismga — olami kubro (katta olam) va olami sugʻro (kichik olam)ga boʻladi. Katta olam oʻz navbatida olami gʻayb va olami shuhudga ajraladi.

Nasafiyning taʼlimotiga koʻra, inson koinotning kichraytirilgan timsoli hisoblanadi. Unda moddiy va ilohiy olamning barcha xususiyatlari mujassam. Shuning uchun insonning asosiy vazifasi oʻzini anglash, ruhini poklash va ilohiy javharni kamolga yetkazishdan iborat.

Muallif risolada yana shunday yozadi:

“Alloh ilk bor Ruhi avval — Nafsi avvalni yaratdi. Ruhi avval bir javhardir. Alloh unga nazar qildi. U eriy boshladi va koʻpirdi. Uning qaymogʻidan ruhlar, quyqasidan esa jismlar yaratildi. Ruh javhardir; u jismga hayot bagʻishlaydi, uni harakatga keltiradi va takomillashtiradi”.

Bu qarashlar tasavvuf falsafasida insonning maʼnaviy kamolotini anglashga xizmat qiluvchi muhim nazariy asoslardan biri hisoblanadi. Demak, insonning haqiqiy qudrati uning jismoniy imkoniyatlarida emas, balki poklangan ruhi, yuksak maʼnaviyati va ezgu amallarida namoyon boʻladi.

Baxtiyor OMON,

professor.

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.