ISROIL AQSHNI TRAMPGA QARSHI YANGI SUIQASD REJASI HAQIDA OGOHLANTIRDI

Isroil AQSh hukumatiga Eron tomonidan prezident Donald Trampga qarshi yangi suiqasd rejasi tayyorlanayotgani haqida razvedka ma’lumotlarini taqdim etdi. Bu haqda The Wall Street Journal va CNN o‘z manbalariga tayanib xabar qildi.
Manbalarga ko‘ra, Isroilning ogohlantirishi joriy haftada Vashingtonga yetkazilgan. AQSh razvedkasi so‘nggi haftalarda ham Trampga qarshi ehtimoliy tahdidlar haqida ma’lumotlar olib kelgan, ammo Isroil tomonidan berilgan ma’lumot aniq bir ehtimoliy suiqasd rejasiga oid yangi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan.
Hozircha mazkur rejaning tafsilotlari ochiqlanmagan. AQSh rasmiylari ham bu ma’lumotni hali mustaqil ravishda tasdiqlamagan. Shu bilan birga, ayrim amerikalik amaldorlar Isroilning bu ogohlantirishi Vashingtonni Eronga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirishga undash maqsadida berilgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Bu xabar AQSh va Isroil o‘rtasida Eron masalasida qarashlar farqlanayotgan bir paytda tarqaldi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronga qarshi harbiy bosimni saqlab qolish tarafdori bo‘lsa, Donald Tramp mojaroni diplomatik yo‘l bilan yakunlash istagini bildirib kelmoqda. Ikki davlat rahbari 9-iyul kuni telefon orqali mazkur vaziyatni muhokama qildi.
Eron rasmiylari esa yillar davomida 2020-yilda Islom inqilobi muhofizlari korpusi generali Qosim Sulaymoniy AQSh zarbasida o‘ldirilgani uchun Donald Trampdan qasos olish haqida bir necha bor bayonot berib kelgan. Trampning o‘zi ham Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO sammitida hayotiga Eron tomonidan tahdidlar saqlanib qolayotganini yaxshi bilishini aytgan.
(Xabar.uz)