O‘ZBEKISTON KASPIY DENGIZIDA QO‘SHMA FLOT TASHKIL ETISHNI REJALASHTIRYAPTI

O‘zbekiston va Ozarbayjon Kaspiy dengizida qo‘shma flot tashkil etish hamda «O‘ztemiryo‘lkargo» AJ bilan «Ozarbayjon Kaspiy dengiz transporti kompaniyasi» YoAJ o‘rtasida qo‘shma korxona tuzishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Hurram Teshabayev Report agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mazkur tashabbuslar multimodal tashuvlar samaradorligini oshirish, logistika zanjirlarining barqarorligini mustahkamlash hamda eksportchilarning transport xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Hurram Teshabayevning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi – O‘rta koridorning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirmoqda. Bu doirada o‘zbekistonlik eksportchilar uchun yuklarni qayta yuklash xizmatlariga chegirmalar berish, yagona tarif yechimlarini joriy qilish, logistika jarayonlarini soddalashtirish hamda konteyner va eksport yuklariga ustuvor xizmat ko‘rsatish masalalari muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari Boku xalqaro dengiz savdo porti bugungi kunda O‘zbekiston mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazishda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Uning aytishicha, so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalish orqali yuk tashish hajmi barqaror o‘sib bormoqda, eksport qilinayotgan mahsulotlar turi kengaymoqda hamda ikki mamlakatning transport-logistika operatorlari o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda.
(Xabar.uz)