9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

ILM-FAN VA BADIYAT TAQDIRIDA

notiq.uz > TURLI MAVZUDA  > ILM-FAN VA BADIYAT TAQDIRIDA

ILM-FAN VA BADIYAT TAQDIRIDA

4 iyul — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktor oʻrinbosari, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadov tavallud topgan kun. Bu sana nafaqat bir olimning tavallud ayyomi, balki oʻzbek adabiyotshunosligi, xususan, navoiyshunoslik taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan yetuk tadqiqotchiga hurmat va ehtirom bildirish uchun ham ayni muddaodir.
Maqsud Asadov 1979 yil 4 iyul kuni Buxoro viloyati Shofirkon tumani Iskogare qishlogʻida ziyoli oilada dunyoga keldi. Ilmga mehr va kitobga muhabbat uni yoshligidanoq adabiyot olamiga yetakladi. U Buxoro davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetida bakalavriat va magistratura bosqichlarini muvaffaqiyatli tamomlab, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida aspirantura hamda doktoranturada tahsil oldi.
Olimning ilmiy faoliyati, avvalo, mumtoz adabiyot, tasavvuf poetikasi va navoiyshunoslik sohalaridagi chuqur tadqiqotlari bilan ajralib turadi. Uning “Oʻzbek mumtoz adabiyotida soqiynoma”, “Rindona maʼno va ruhiyat tasviri” kabi monografiyalari soha mutaxassislari tomonidan munosib baholandi. 2025 yilda esa “Navoiy ijodida soqiynoma” nomli monografiyasining ingliz tilida Amerikada nashr qilinishi oʻzbek adabiyotshunosligi yutuqlarining xalqaro maydonga chiqishi yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.
Professor Maqsud Asadovning ilmiy merosida toʻrt jildli “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ni nashrga tayyorlashdagi masʼul muharrirlik faoliyati alohida oʻrin tutadi. Bu ulkan loyiha buyuk mutafakkir merosini tizimli oʻrganish va keng kitobxonlar ommasiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Olimning yuzdan ortiq ilmiy maqolalari respublika va xorij ilmiy jurnallarida eʼlon qilingan. Uning tadqiqotlari nafaqat Alisher Navoiy, balki Bobur, Uvaysiy, Abdulla Oripov, Usmon Azim, Erkin Aʼzam kabi ijodkorlar merosini yangicha talqin qilishga xizmat qildi. Bu ishlar adabiyotshunoslikda yangi ilmiy qarashlar shakllanishiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.
Maqsud Asadov nafaqat olim, balki nozik hissiyotli shoir hamdir. Uning “Yonayotgan tosh” sheʼriy toʻplami ilmiy tafakkur bilan badiiy did uygʻunlashganda qanday yuksak natija yuzaga kelishini namoyon etadi.
Olimning ilmiy-publitsistik maqolalarida ham fikrning teranligi, tahlilning chuqurligi va badiiy tafakkurning yuksak namunalari koʻzga tashlanadi. Uning “Momaqaldiroq ostida sayr” romani haqidagi mulohazalarida asar obrazlarining hayotiyligi va inson ruhiyatining noyob qirralari yuksak baholanadi. Abdulla Oripov sheʼriyatiga bagʻishlangan tahlillarida esa lirik qahramon qalbidagi umid, ishonch va hayotbaxsh ruhni nozik kuzatishlar orqali ochib beradi. “Jazo jozibasi” maqolasida bildirilgan eʼtiqod haqidagi falsafiy fikrlar esa bugungi jamiyat uchun ham dolzarb maʼnaviy xulosalarni oʻrtaga qoʻyadi.
Professor Maqsud Asadovning yana bir muhim fazilati — ustozlikdir. Uning rahbarligida ilmiy izlanish olib borayotgan yosh tadqiqotchilarning yutuqlari ustozning bilim va tajribasi, ilmiy talabchanligi hamda samimiy qoʻllab-quvvatlashi samarasidir. Ilmiy maktab yaratish, milliy adabiyotshunoslikning yangi avlodini tarbiyalash har qanday olimga nasib etavermaydigan baxtdir.
Bugun ustoz olim oʻzining navbatdagi tavallud ayyomini qarshi olar ekan, uning serqirra ilmiy faoliyati, adabiyotga boʻlgan sadoqati va yuksak insoniy fazilatlari keng jamoatchilik tomonidan yuksak qadrlanmoqda.
Fursatdan foydalanib, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadovni muborak tavallud ayyomi bilan samimiy tabriklaymiz. Ustozga mustahkam sogʻliq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, ilmiy izlanishlarida yanada ulkan zafarlar, yangi kitoblar va bardavom ijod tilaymiz. Ilm ziyosi, qalam barakasi va ustozlik sharafi hamisha hamroh boʻlsin!

«Facebook»

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.