MUALLIMLIK — VIJDON AMRI
Azimjonova Xurshidabonu Xolmamat qizi. 2006-yil 2-noyabrda Namangan viloyati Namangan tumanida tug’ilgan. Hozirda O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar unversiteti «Xxalqaro munosabatlar va ijtimoiy gumanitar fanlar» fakulteti filologiya va tillarni o’qitish ingliz tili 3-bosqich talabasi.
Bugungi kunda hayotda o‘z o‘rnini topish, ilm cho‘qqilarini zabt etish har bir yoshning ezgu maqsadlaridan biridir. Ayniqsa, xorijiy tillarni o‘rganish va dunyo eshiklarini ochishda bizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan ustozlarning o‘rni beqiyosdir. Men, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi sifatida, hayot yo‘limda ana shunday fidoyi, ilmga butun borlig‘ini baxsh etgan insonni uchratganimdan faxrlanaman. Bu inson men uchun doimo eng yuksak o‘rnak va ilhom manbai bo‘lib kelayotgan ustozim — Abdumutal Abdurashidovdir.
O‘n yillik mehnat va baxtli shogirdlik fasli.
Abdumutal ustoz 1995-yil 1-dekabrda Namangan viloyatida tavallud topganlar. Bugungi kunda ular Namangan viloyatining Uychi tumanida faoliyat yuritib, o‘zlarining o‘quv markazi orqali yuzlab yoshlarning kelajagiga ziyo ulashib kelmoqdalar.
Ustozning ta’lim sohasidagi o‘n yillik mehnati va tajribasi bugun o‘zining yorqin natijalarini bermoqda. U kishining qo‘lida tahsil olgan ko‘plab o‘quvchilar bugun ustozlarini cheksiz hurmat bilan tilga oladilar. Men esa o‘zimni ana shu baxtli shogirdlardan biri deb bilaman.
Uch yil davomida ustozdan nafaqat IELTS, balki Milliy sertifikat va DTM imtihonlariga tayyorgarlik bo‘yicha ham saboq oldim. Bu yillar menga shunchaki imtihon topshirishni emas, balki ilmning haqiqiy qadrini his qilishni o‘rgatdi.
“Darsni vijdonan o‘tsangiz, o‘zingiz ham o‘sasiz…”
Abdumutal ustozning eng ulug‘ fazilatlaridan biri — ularning halolligi va vijdonliligidir. U kishi har bir darsga, har bir o‘quvchining taqdiriga katta mas’uliyat bilan yondashadilar.
Bir kuni men ham bolalarga dars berishni boshlaganimni aytganimda, ustoz menga shunday degan edilar:
“Juda yaxshi. Lekin doimo yodingizda bo‘lsin: agar darsni vijdonan o‘tsangiz, o‘zingiz ham kuchayib, o‘sib borasiz.”
Bu oddiy, ammo teran ma’noga ega so‘zlar qalbimga chuqur muhrlanib qoldi. Har safar qo‘limga kitob olganimda yoki biror insonga bilim ulashishga harakat qilganimda, ustozning aynan shu nasihatlarini eslayman.
Talabchanlik ortidagi ulkan natijalar
Ustoz ilm masalasida nihoyatda talabchan va mas’uliyatli inson. U kishining darslarida yalqovlikka, beparvolikka va bekorchilikka o‘rin yo‘q. Ana shu qat’iyat va professional yondashuv tufayli ularning natijalari doimo yuqori bo‘ladi.
Ustozning o‘quv markazidan ko‘plab yoshlar xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, o‘z orzulari sari dadil qadam tashlamoqdalar. Bu esa ustozning o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqati va har bir o‘quvchining kelajagi uchun qayg‘urishining yorqin isbotidir.
Bilim bilan birga tarbiya va motivatsiya
Abdumutal ustoz bizga faqat ingliz tilini o‘rgatib qolmay, hayotiy tajribalari bilan ham yo‘l ko‘rsatadilar. U kishining nasihatlari, samimiy suhbatlari va hayotga bo‘lgan qarashlari biz, yoshlar uchun haqiqiy maktabdir.
Ba’zan inson o‘qishdan charchaydi, turli qiyinchiliklar sabab motivatsiyasi so‘nadi. Lekin men har safar ustozning darsiga kirganimda, u kishining ilmga bo‘lgan muhabbati va ishtiyoqini ko‘rib, o‘zimda yangi kuch va yangi maqsadlar topaman. Menda nafaqat o‘qishga, balki hayotga bo‘lgan ishonch va intilish yana qayta uyg‘onadi.
Shu bois, Abdumutal Abdurashidov nafaqat bilim beruvchi muallim, balki qalblarni tarbiyalovchi, yoshlarni ezgulikka undovchi haqiqiy murabbiydir.
Abdumutal Abdurashidov kabi halol, talabchan va mehribon ustozlar bor ekan, yurtimiz yoshlarining kelajagi doimo ishonchli qo‘llarda bo‘ladi. Men o‘z ustozim bilan faxrlanaman va u kishi o‘rgatgan vijdon darsini umrim davomida hayotiy shiorim qilib olishga va’da beraman.