«ODAMLAR TURMUSHINI YAXSHILASHGA QARATILGAN O‘ZGARISHLAR O‘N YILLAB CHO‘ZILMASLIGI KERAK» — SAIDA MIRZIYOYEVA

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Andijon viloyatida zudlik bilan e’tibor qaratilib, yangilanishi talab etilayotgan bir nechta obyektda bo‘ldi.
Tashrif davomida u Oltinko‘l tumanidagi «Ko‘makay» oilaviy poliklinikasini ko‘zdan kechirdi. Ushbu binodan 1988 yildan buyon foydalanib kelinmoqda, u bugungi kun standartlaridan ancha orqada qolgan.
Shuningdek, 9-sonli bog‘cha va 36-sonli maktab holati bilan tanishildi. Bog‘cha 1970 yillarda qurilgan oromgoh o‘rnida joylashgan. Maktab binosi undan ham eski — 1960 yilda barpo etilgan bo‘lib, sig‘imi o‘quvchilar soniga mos kelmaydi. Har ikki obyekt yangidan quriladi.
«Gap tibbiyot va ta’lim haqida ketayotgan ekan, shifokor va o‘qituvchining ish joyi, yaratilgan sharoit, farzandini maktab yoki bog‘chaga kuzatayotgan ota-onaning ko‘ngli to‘q bo‘lishi — eng muhim, birinchi galdagi masaladir. Odamlar turmushini yaxshilashga qaratilgan o‘zgarishlar o‘n yillab cho‘zilmasligi kerak. Jarayonni tezlashtirish, aniq va sezilarli natija tez fursatda amalda ko‘rinishi lozim», — deya ta’kidladi Mirziyoyeva.
Shuningdek, Administratsiya rahbari viloyat va tuman hokimlari ishtirokida ishchi yig‘ilish o‘tkazdi.
«Aksariyat muammolarga respublika, viloyat, tuman va mahallalar miqyosida hamjihatlik bilan ish ko‘rilsagina yechim topiladi. Bugun qarorlarni tezkorlik bilan qabul qilish, ularning ijro muddatlari va vazifalarini aniq belgilash talab etilmoqda», — deydi Saida Mirziyoyeva.
Yig‘ilishda muhokama qilingan muhim masalalardan biri 1980-yillarda barpo etilgan magistral suv tarmog‘ini yangilash bo‘ldi. Aholi yashaydigan ko‘plab xonadonlar, mahalla va tashkilotlarning suv ta’minotiga bevosita daxldor bo‘lgan ushbu inshootni rekonstruksiya qilish jarayonini kechiktirib bo‘lmasligi ta’kidlandi.












(Xabar.uz)