ISROIL TIV RAHBARI YEVROPA DIPLOMATIYASI RAHBARI KAYA KALLAS BILAN ALOQALARNI UZDI

Foto: Isroil TIV
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas bilan barcha aloqalarni to‘xtatganini ma’lum qildi. U 18 iyun kuni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida bu qarorini Kallasning matbuotda paydo bo‘lgan va go‘yoki Isroilni aparteid (Janubiy Afrikada 1948–1994 yillar oralig‘ida amal qilgan irqiy kamsitish siyosati — tahr.) davridagi Janubiy Afrika Respublikasi bilan taqqoslagan bayonoti bilan izohladi.
«Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili bir muncha vaqtdan buyon Isroil davlatiga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lib kelmoqda. Yaqinda uning Meksikaga tashrifi chog‘ida Isroilni Janubiy Afrikadagi irqiy ajratish rejimi bilan taqqoslagani ma’lum bo‘ldi», — dedi Saar.
Uning ta’kidlashicha, Kallas ushbu bayonotni rad etmagunicha yoki undan voz kechmagunicha, Isroil u bilan aloqalarni tiklamaydi.
Yevropaning «Euractiv» nashri 12 iyun kuni anonim amaldorlar va diplomatlar ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, Kallas o‘tgan oy Meksika hukumati vakillari bilan uchrashuvlar chog‘ida Isroilning G‘arbiy sohil va G‘azo sektoridagi falastinliklarga nisbatan siyosatini 1948–1994 yillarda Janubiy Afrikada amal qilgan aparteid siyosati bilan taqqoslagan.
Gideon Saarning bayonotiga javoban Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi Isroil bilan konstruktiv munosabatlarni saqlab qolishni istashini bildirdi.
«Men muloqot va hamkorligimizni qadrlayman hamda uni o‘zaro hurmat va konstruktiv ruhda davom ettirishga tayyorman. Ayniqsa kelishmovchiliklar yuzaga kelganda, muloqot diplomatiyaning asosidir», — deb yozdi u X tarmog‘ida.
Shu bilan birga, Kallas Yevropa Ittifoqining pozitsiyasiga ko‘ra, Falastin va Isroil uchun ikki davlatli yechim Yaqin Sharqda tinchlikka erishishning yagona yo‘li bo‘lib qolayotganini eslatdi.
Oradan bir necha daqiqa o‘tib, Saar yana munosabat bildirib, Kallas o‘z bayonotida aparteid haqidagi so‘zlarni na rad etgani, na qoralaganini ta’kidladi.
«Menga ma’lum bo‘lishicha, sizga nisbat berilayotgan aparteid haqidagi bayonotlar Yevropa Ittifoqining rasmiy pozitsiyasini aks ettirmaydi», — deb yozdi Isroil TIV rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, masalaga aniqlik kiritilmaguncha, Isroilning Kallas bilan aloqalarni to‘xtatish haqidagi qarori o‘z kuchida qoladi.
Ayni paytda Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilni aparteid davridagi Janubiy Afrika bilan taqqoslashni qat’iyan rad etdi.
«Men bunday so‘z tanloviga mutlaqo qo‘shilmayman va bu masalani batafsil muhokama qilishimiz kerak bo‘ladi», — dedi u Bryusseldagi Yevropa Ittifoqi sammitiga kelganida.
DPA agentligining xabar berishicha, Yevropa Ittifoqi yetakchilari ushbu masalani sammit doirasida muhokama qiladi.
(Xabar.uz)