O‘ZBEKISTON ISLOMIY OBLIGATSIYALAR — SUKUK CHIQARISHNI BOSHLAYDI

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumida O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirish va muqobil moliya vositalarini keng joriy etish bo‘yicha rejalarni ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mamlakatda yangi avlod moliya texnologiyalari va investitsiya bozorlari jadal rivojlantirilmoqda. So‘nggi yillarda xalqaro bozorlarda 16 milliard dollardan ortiq obligatsiyalar joylashtirildi. Shu bilan birga, milliy valyutadagi korporativ yevroobligatsiyalar ham muomalaga chiqarildi.
Prezident ilk bor 13 ta strategik korxona aktivlarini birlashtirgan Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz aksiyalari Toshkent va London fond birjalarida joylashtirilganini qayd etdi. Bu London fond birjasida so‘nggi besh yildagi eng yirik IPO bo‘lgan.
Shuningdek, qator yirik kompaniyalarni ommaviy savdolarga chiqarish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.
Mazkur islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida «Kapital bozori to‘g‘risida»gi va «Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida»gi qonunlarni qabul qilish rejalashtirilgan.
Prezident O‘zbekistonda xalqaro kliring kompaniyalari faoliyati uchun ham keng imkoniyatlar yaratilishini bildirdi.
Bundan tashqari, investitsiya oqimlarini diversifikatsiya qilish maqsadida suveren islom obligatsiyalari — sukuk chiqarish dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu choralar mahalliy korxonalarga kamida 10 milliard dollar qo‘shimcha kapital jalb qilish imkonini beradi.
Shu bilan birga, xususiylashtirish dasturi doirasida joriy yilda 6 milliard dollarlik ko‘chmas mulk obyektlari, davlat ulushlari va yer uchastkalari auksionga chiqarilishi rejalashtirilgan.
(Xabar.uz)