O‘ZBEKISTONNING YER OSTI BOYLIKLARI 3 TRLN DOLLAR DEB BAHOLANMOQDA– PREZIDENT

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. Davlat rahbari uchinchi muhim yo‘nalish sifatida yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini kengaytirish va sanoatga investitsiyalar jalb etish masalasiga alohida to‘xtaldi.
Prezident ta’kidlaganidek, bugun O‘zbekiston sanoatning barcha tarmoqlarida yangi texnologik bosqichga o‘tish va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirmoqda. Bu jarayonda mamlakatning boy mineral-xomashyo bazasi muhim o‘rin tutadi.
«Yaxshi xabardorsiz, O‘zbekiston boy tabiiy resurslar – oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa noyob zaxiralarga ega. Strategik xomashyo bo‘lgan yer osti boyliklarimizning umumiy qiymati 3 trillion dollar deb baholanmoqda», dedi Prezident.
Davlat rahbari mazkur sohadagi imkoniyatlarni xalqaro investorlarga kengroq taqdim etish uchun qator yangi choralar amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Jumladan, geologiya sohasida ochiq raqamli ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Bu orqali investorlar konlar va foydali qazilmalar haqidagi ma’lumotlarga erkinroq ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, auksionga chiqariladigan konlar soni to‘rt barobarga oshiriladi.
Qayd etilishicha, «qazib olishdan tayyor mahsulotgacha» bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini shakllantirish maqsadida Toshkent va Samarqand shaharlarida tashkil etilayotgan «Kelajak metallari» texnoparklariga ham xorijiy sarmoyalarni faol jalb qilish rejalashtirilgan.
Forumda iqtisodiyotning yuqori o‘sish salohiyatiga ega tarmoqlarida hamkorlikni kengaytirish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Prezident xorijiy investorlarga mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va farmatsevtika kabi drayver tarmoqlarda umumiy qiymati 20 milliard dollar bo‘lgan investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishni taklif qildi.
(Xabar.uz)