YO‘L BEZORILIGI UCHUN AVTOMASHINANI MUSODARA QILISH TAKLIF ETILDI

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan haydovchilarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqildi. Bu haqda YHXX boshlig‘i Sherzod Ibragimov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, idoralararo ishchi guruh tomonidan tayyorlangan takliflar davlat rahbariga taqdim etilgan.
Takliflarga ko‘ra, besh turdagi qo‘pol qoidabuzarlik uchun transport vositasini vaqtincha olib qo‘yish, voyaga yetmaganlarga avtomobil boshqarishni topshirganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik joriy etish, noqonuniy poygalar uchun jazoni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, transport boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki bu huquqdan mahrum qilingan shaxs tomonidan sodir etilgan yo‘l bezorligi uchun avtomashinani musodara qilish yoki vaqtincha olib qo‘yish taklif qilinmoqda.
Yana bir muhim taklifga ko‘ra, mast holda transport boshqargan shaxslarga nisbatan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘llash, qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarni esa bir yil davomida jarimani chegirma bilan to‘lash huquqidan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, voyaga yetmagan shaxsga avtomobil boshqarishni topshirish oqibatida odamlar jarohatlansa yoki halok bo‘lsa, bu holatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Mazkur takliflar qabul qilinsa, yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi jazo choralari sezilarli darajada kuchaytiriladi.
(Xabar.uz)