9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

ERKIN KOMILOV: SHUKR QILISH QANOATLI BO’LISHDIR

notiq.uz > Suhbatlar  > ERKIN KOMILOV: SHUKR QILISH QANOATLI BO’LISHDIR

ERKIN KOMILOV: SHUKR QILISH QANOATLI BO’LISHDIR

O‘zini o‘zgaga ko‘chiruvchi qalb egasi o‘zgalar dilini yaxshi tushunadi. O‘zidan ham ko‘ra, boshqalarning talab-ehtiyojlarini his etish, ularning maqsad-intilishlarini idrok etish, ulardan samimiy va beminnat yordamini ayamaslik ilinjida bo‘ladi.  Bu xohish-istak unga hoh sahnada bo‘lsin, xoh hayotda bo‘lsin tinchlik bermaydi. O‘z umr mazmuni, qismati san’at bilan bog‘langan chinakam iste’dod egalari shu sohaning nurli yo‘llarini ham, o‘nqir-cho‘nqir so‘qmoqlarini ham teran idrok etishadi. Bu sohada u boyib ketmasligini ham, faqir bo‘lib qolmasligini ham biladi. Boriga ham yo‘g‘iga ham shukru qanoat qilib o‘z kasbidan zavq-shavq olib yuradi, tinimsiz mehnat qiladi. Lekin uning hech narsa bilan baholab bo‘lmaydigan katta boyligi bor, bu halq ishonchi va e’tibori, oilasining salomatligi, yurtining osoyishtaligi hamda xalqining farovonligidir. Bu shunchaki qog‘ozlarda bitiladigan, minbarlarda aytiladigan quruq nutq yoxud shablon shiorlar emas. Uni qalbdan his etganlargina to‘g‘ri tushunadi va to‘g‘ri yondoshadi. O‘zining izlanuvchanligi, tashabbuskor, fidoyi va mehnatsevarligi bilan doimo xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan taniqli teatr va kino aktyori O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov bilan suhbatlasharkanman, yuqoridagi mulohazalar xayolimdan kechadi.

Erkin aka, qanday sohada bo‘lmasin, bir kun shogird vaqt o‘tib, erta-indin ustoz bo‘ladi. Agar u o‘zi tanlagan yo‘lda sobitqadam va kamarbasta bo‘lsa, albatta.  Ana shu nisbat va sharaf sizga ham daxldor. Suhbatimizni ustozlaringizdan o‘rgangan va olgan saboqlaringizdan boshlasak.

— Teatrga kelib faoliyatimni boshlaganimga mana, 46 yil bo‘libdi. Achinarlisi shundaki,  ana shu muddat mobaynida 42 ta buyuk aktyordan judo bo‘libmiz. Ruhlari shod bo‘lsin, ularning har birining o‘z o‘rni, o‘z ijrosi bor edi. Nafaqat, Olim xo‘jaev, SHukur Burhonov, Nabi Rahimov,  Sora Eshonto‘raevalar, Amin Turdiev, G‘ani A’zamovlar ham bir dunyo edi. Qudrat Xo‘jaev bir akademik edi, Maxsum YUsupov ham xuddi shunday edilar, Zaynab Sadrieva, Zamira Hidoyatova va hokazo. Ijodimda asosiy rol o‘ynagan, chinakam ustozlik qilgan SHukur aka Burhonov edilar. Meni uylantirgan ham, harbiy xizmatdan olib qolib teatrga qismatimni bog‘lagan ham SHukur aka edi. O‘zi ham, so‘zi ham ibrat edi ularning. Qo‘ng‘iroq qilib zalvorli ovoz bilan salom-alikdan so‘ng “qaerdasan, uyga kel” — derdilar. Ishingiz bormi, yo‘qmi baribir albatta, aytilgan paytda uylarida hozir bo‘lardik. Oddiy suhbatlarida ham san’at, teatr, ijod va ijro bilan bog‘liq holda ibratomiz o‘gitlar bo‘lardi. Halol, pok odam edilar. O‘zining ishini qo‘yib bo‘lsada birovning ishini bitkazishga yordam berar, shundan lazzatlanardilar. SHukur akamning grimxonasida o‘tiribmiz mana, ulardan keyin Zikir aka Muhammadjonov bilan birga ishladik, ular ham rahmatlik bo‘lib ketdilar. Bu xonada bir o‘zim qoldim endi. (chuqur xo‘rsinadi.) SHukur aka tartib-intizomni shogirdlaridan ham talab etardilar. Spektakl odatda, etti yarimda boshlansa, soat uchda kelib grimxonada, yarim kiyingan holda o‘tirgan kezi ijro etadigan rolining so‘zlarini qayta-qayta takrorlab mashq qilardilar, grim qilardilar. O‘n beshta kam ettida ular to‘la tayyor bo‘lardilar. U o‘zi o‘ynaydigan qahramonning ruhiyatiga to‘la ko‘chib bo‘lardilar. Dahlizdan , sahna atrofidan ohista yurib aylanardilar. “SHoh Edip” bo‘ladimi, “Qiyomat qarz”mi keyingina sahnaga, tomoshabinlar nigohiga to‘g‘ri chiqib borardilar.

“YUragingni ishlat, yurak akkumulyatorga kuch beradi, — deb boshlarini ko‘rsatardi, — akkumulyator esa oyoq-qo‘llarni, g‘ildiraklarni yurgizadi. Yo‘qsa, sahnada oyoq-qo‘llaringni qaerga qo‘yishni bilmay qolasan. SHunday mahorat bilan o‘ynaginki, chiqqaningda tomoshabinni tizginlab ol! Har daqiqada yo‘talib turadigan sil kasalligiga mubtalo bo‘lgan bemorning sening mahoratingni ko‘rib yo‘tali yodidan chiqib ketsin. Qarg‘a yuz yil, uch yuz yil yashar, nimani titkilab o‘tishini bilasan, mayli o‘n-o‘n besh yil kamroq yasharsan, “zato” elga tanilasan, xalqning mehrini qozonasan. Bo‘lar-bo‘lmasga televizorga chiqmagin. Xalqni sog‘intirib rol o‘ynagin. Bir rolingdan ikkinchi rolingning farqi bo‘lsin. Xarakter yaratgin. Matnni quruq yod olmagin. Uning pauzalari bor, e’tibor ber, aqling bilan charxla. Pauzalarni to‘ldirgin holating bilan.”  Gapiraman desa gap ko‘p, ular mehri daryo, o‘zi bir dunyo olam edi rahmatlik. Ustozning maslahatlari, pandu o‘gitlarini hayot jarayonida qo‘llab kam bo‘layotganimiz yo‘q. Beadad shukur.

Erkin aka, jinoyatga yarasha jazo muqarrarligini bila turib shu ishga mayl bildirishni qanday izohlaysiz?

— Inson jinoyat ekanligini biladi. Davlat, hukumat tomonidan taqiqlanganligini, qonun bilan cheklab qo‘yilganligini ham yaxshi biladi. Lekin shu ishga nimagadir ishga xohish bildiradi. Bir marta qiladi, silliqqina ko‘chayapti, qo‘lga tushmaydi. Ikkinchi marta, uchinchi marta boringki, to‘rtinchi marta ham qiladi keyin lop etib qo‘lga tushadi. Keyingi nadomat haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Ko‘z ochligini tuproq to‘ldiradi, — degan gap behuda emas, ekanda. Xom sut emgan bandamizda. Balki, pishiq sut bo‘lganda, boshqacha bo‘larmidi, deb o‘ylayman. Kamchiliklarimiz ko‘p. Agar inson astoydil mehnat qilsa, peshona teri bilan halol pul topsa bundan zaqli, tinch hayoi bormi o‘zi. Biron narsani o‘margan bo‘lsa, eshik taqilladi deguncha, shoshma, oldin qaragin kim ekan, keyin eshik ochasan, — deb xavotirga tushadi. Aybi borning hadigi bor deganlaridek, “Meni yo‘q deb ayt”, deydi. Xullas, xotirjamligi  yo‘qoladi. Bezoatalik ofatiga uchraydi. Bu esa uning asabiga, yuragiga ta’sir qiladi. Natijada dard orttiradi. Topgan-tutgani ham sog‘ligini tiklashga ketadi, etsa unda ham.

Muhammad payg‘ambardan ummat bo‘lganingizda parvardigordan nima so‘rardingiz, deganlarida “tani sihatlik va xotirjamlik” deb javob qaytargani ham bejiz emas ekanda.

— Ana xolos. Haq gap. Qadimgi rivoyatlardan birida o‘qigandim. Olomon gavjum bo‘lgan bir joyda mashhur bir  donishmand shunday va’z qiladi:   Dunyodagi jamiki jonzotlar, butun nabotot olami-yu, parrandalar, darrandalar hammasi shukr keltiradi.

Hamma gapimga ishonadi deb gapiraverasizmi?  Mana, aytingchi,  mol shukr keltiradimi?  — debdi majlisda hozir bo‘lgan iymoni sustlardan biri donishmandning gapiga piching qilib.

  • Albatta, shukr qiladi. Odamlar mening sutimni ichadi, go‘shtimni eydi. Ularga manfaatim tegadi, it bo‘lmaganimga shukr, deydi.
  • Ana, it bor ekan-u shukr keltirmaydigan, yana nima deysiz?
  • Yo‘q, u ham shukr keltiradi. Odamlar meni peshonamni silaydi, mendan jirkanmaydi, ularning uyida qo‘riqchilik qilaman, o‘g‘ri va kazzobdan saqlayman, evaziga suyak, non, go‘sht berishadi, to‘ng‘iz bo‘lmaganimga shukr, — debdi.
  • Ana, to‘ng‘iz shukr keltirmas ekan-u, — debdi yana.
  • Yo‘q, u ham shukr keltiradi. Men odamlarga ziyon-zahmat etkazadigan, zarar qiladigan munofiq, razil, ichi qora, hasadgo‘y, riyokor bo‘lib gunohlar orttiradigan, u dunyoda azob tortadiganlardan hazar qilaman. Ana shu toifadagilardan bo‘lmaganim uchun shukr qilaman. Bundan ko‘ra, shu loyga, balchiqqa bulg‘anib yotib shu qora tuproqqa qorishib o‘lib ketganim durust, debdi.

U esa donishmandning bu gaplaridan mulzam bo‘lib,  to‘g‘ri xulosa chiqazgan ekan.

Har bir ota-ona farzandini unib o‘ssin, oilasiga, el-yurtiga xizmat qilsin, tan-joni omon bo‘lsin, bola chaqalarining huzur-halovatini, rohat-farog‘atini ko‘rsin deb, duo qiladi. Lekin ayrim farzandlarning noqobil bo‘lib chiqishiga nima deysiz?

— Qaysi ota-ona farzandiga yomonlik tilaydi, yomonlikni ravo ko‘radi. Hech bir ota-ona bunday qilmaydi. Lekin ba’zi paytlarda farzandlar noqobil bo‘lib o‘sadi. SHuning uchun ham qarilikning va o‘limning eshigini Allohdan boshqa hech kim yopa olmaydi, deyishadi. Noqobil farzandga ham ollohning o‘zi insof bermasa, bandasi uni to‘g‘ri yo‘lga solishga qiynaladi. Ota-onasi qancha yalinib yolborgani bilan mudhish ishlarni qilaveradi. Qizig‘i, el-yurtda obro‘li, katta vazifalarda ishlaydigan insonlarning bolalari ba’zi qilmishlari bilan ota-onasining yuzini shuvit qilib qo‘yishi haqida o‘ylasam shoirmizning ushbu to‘rtligi yodimga kelaveradi:

Afsuski, jahonda xiradmandlarning,

Farzandlari boru emas xiradmand,

Otada odob-u bilim bo‘lsa ham,

Undan nasibasiz qolibdi farzand.

 

Noshukurchilik ko‘payib ketayotgandek, nazarimda. Biz endi urushdan keyingi avlodmiz. O‘sha paytlardagi ocharchilik, qahatchilikni ko‘rmaganmiz. Ota-bobolarimiz o‘sha paytlarda ham noshukurlik qilishmagan. Dadam rahmatlik, juda bilimli odam bo‘lganlar. Diniy va dunyoviy ilmga ham ega bo‘lganlar. Qur’onni to‘liq yod olgan qori bo‘lganlar. “Komil qori” deb hurmat bilan tilga olishgan. Dunyodan o‘tganlarida dodlab yig‘laganman. Odamlar “qorining o‘g‘lisan, bunday yig‘lamagin, yaxshi bo‘lmaydi, deb tanbeh berganlarida, “ota-onaga o‘lmoq meros, yig‘layotganimning boisi shuncha ilm tuproqqa qorishib ketaveradimi, deb kuyunib yig‘layapman,” — deganman. Ferma mudiri bo‘lganlarini elas-elas eslayman. Lekin omborchi bo‘lib ishlaganlarini bilaman. SHunda onam “qori, bolalarga bir atala qilib bermoqchiydim, ombordan biroz un olib chiqib bermaysizmi” deb iltimos qilganlarida, taajjub bilan “nima deyapsan, axir, uydan atala hidi chiqsa, hidi qo‘shnimizning bolalarini bezovta qilsa, menga yuqadimi shu, birovning haqini bolalarga edirmayman, deganlar. Otam haromdan qo‘rqqan inson bo‘lganlar. Poklik bilan, halol mehnat bilan, peshona teri bilan oila boqqan. Halol egan bola yuzingizni erga qaratmaydi. Harom edirilsa, bolalarga ham uradi. Undan yaxshilik kutib bo‘lmaydi. Masalan, ona homiladorlik paytida birovning haqini keltirib qozonga tashlasangiz ona undan esa, farzand ham undan oziqlanadimi axir. Ana o‘sha erda bir xatolik ketgan bo‘ladi. Imom A’zamning otalari Sobit ismlik kishi bo‘lgan. Imom a’zam to‘rt-besh yoshlarida volidayi muhtaramasining yoniga chopqillab kelib, “Onajon, men kalomi sharifni yod oldim”, deb xursand bo‘lganlarida, onasi esa “agar otang bog‘bondan so‘ramasdan, roziligini olmasdan ariqda oqib kelayotgan olmani tishlab qo‘ymaganlarida sen bundan ham qisqa fursatda qur’onni yod olishing mumkin edi,” – deb javob beradilar.

Dublyaj san’atida ham o‘z o‘rningiz bor. SHu haqda ham so‘z yuritsangiz.

— To‘g‘ri, bir necha filmlarda asosiy qahramonlarga ovoz berganman. Qunduz amaki qissalariga Frans uchga ovoz berdim. Ikki oydan keyin meni  Ukrainaga, Kievga olib ketishdi. Payg‘ambarlar tarixi bilan bog‘langan bir filmga ovoz berdim. O‘zbek tiliga tarjima qilishgan ekan. Muhammad payg‘ambargacha bo‘lgan payg‘ambarlar hayoti, faoliyatiga doir lavhalar unda aks etgan. SHundagi bir epizod mening e’tiborimni  tortdi. Muso Alloh bilan gaplashgan payg‘ambar ekan. — Ey yaratgan egam, qanday bandalaringni xush ko‘rasan, — deb so‘raydi Muso. — Bergan umrimga shukur keltirgan, bergan rizqimga qanoat qilgan bandalarimni xush ko‘raman. SHukr qilgan inson hech qachon jinoyat qilmaydi. Hozir kim oshdi usuli bo‘layapti. Birov ikki qavatli imorat qursa, qo‘shnisi uch qavatli qilib qurayapti. To‘y beradigan bo‘lsa ham, o‘zini ko‘rsatish bobida biri-biridan qolishmaydi. Dabdabalik dabdalalik ekanini tushunishni istashmaydi. Halol yo‘l bilan peshona terisi bilan topilgan pul huda-behudaga sovurilmaydi.  Xudo deymiz-u, lekin o‘z bilgimizcha ish tutamiz. Qachonki, inson boshi yostiqqa etib kasal bo‘lib, iztirob tortib shiftga tikilib yotsa, sog‘-u omon yurgan kunlari eng baxtli onlari ekanini anglab etadi. Qachonki, qo‘lga tushib qamalganimizdan keyin baxtli onlarimiz o‘sha ozodlikda ekan deymiz.  SHu o‘rinda bir narsani aytib o‘tishim joiz, singlim qirq yil avval O‘shga kelin bo‘lib tushgan. Bola-chaqalik bo‘lib, nevara-chevaralik bo‘lib ketgan. O‘shdagi  mudhish voqealar paytida singlim o‘n kun ko‘cha yuzini ko‘rmay erto‘lada yotganlardan biri bo‘lgan. YAqinda uning sog‘ligini tiklash uchun bir amallab uyga olib keldim. Bir necha kun dam olib o‘ziga kelgach, “aka, bu er jannat ekan-ku, xohlasangiz ko‘chaga chiqasiz, teatrga, kinoga borasiz, xohlasangiz parklarga borib hordiq chiqazasiz, orom olasiz.  Bundan ortiq baxt bormi o‘zi, dunyoda. Bizning O‘shda qorong‘u tushgan zahoti hamma uyiga kirib ketadi. O‘zbek qirg‘izdan, qirg‘iz o‘zbekdan  qo‘rqadi. Ko‘chaga chiqishni xayoliga ham keltirmaydi. Bamisoli do‘zaxga aylangan.” SHukrona keltirib yashashdan ulug‘ ne’mat yo‘q. Odamzot uchta narsaning qadriga kechikib etadi, sog‘lik, yoshlik va tinchlik. Bularning qadri ularni yo‘qotganimizdan  keyingina bilinadi. Ozodlik uchovini ham qadrini uyg‘unlashtiradi. Vaqt o‘taveradi, ruhiy xotirjamlik bo‘lmaydi, inson sog‘ligi emirilaveradi.

Keyingi paytlarda ham teatr sahnasida bo‘lsin, kinoda bo‘lsin jiddiy va hajviy rollarning mohir ijrochisi sifatida yanada tanildingiz. O‘zingiz maromiga etkazib, maroq bilan ijro etgan rollaringizni ayta olasizmi?

— Bizning fojiamiz savodsizligimizda emas, balki faoliyatsizligimizda, — deydi amerikalik ruhshunos Deyl Karnegi. Inson doimo harakatda bo‘lishi kerak, Alloh jismu tanimizni butun qilib qo‘ygan ekan, el-yurtga xizmatimiz va himmatimiz bilan doimo harakatda bo‘lishimiz kerak, deb hisoblayman. Eshik zulfi, zanjiri nega zanglamaydi, sababi u doim qimirlab turadi. Hozirgi kunda Qo‘chqor Norqobilning “Taqdir sinovlari” asarida Jayron bobo rolini o‘ynadim. Maza qilib o‘ynaganman. Kinoda psixologik bir obraz yaratishni istab yurardim. Erkin A’zamovning “Suv yoqalab” asaridagi Bolta Mardonni o‘ynadim. Sobir Nazarmuhammedovning “Sog‘inch sohili” degan asari asosida ishlangan ikki seriyalik filmda nogironlar pansionatining bosh shifokori  rolini o‘ynadim. Komik rollarga kelsak, xabaringiz bor “Oltin devor”da Qilichbekni, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”da muxbir rolini o‘zim yozib, o‘zim o‘ynaganman va hokazo. Menga xarakterli rollar bo‘lsa dramatik, tragik va komik rollarni ham ijro qilib ketaveraman. Ba’zi san’atkorlar faqat bir xil rollarni ijro etishadi. “Taqdir sinovlari” asarida suhbatimizga  mos, ibratomiz jihatlar bo‘lgani uchun biroz gapirsam, cho‘ponlik qilib kun kechiruvchi Jayron bobo ko‘p yillar farzand ko‘rmay, nihoyat tangrining inoyati bilan farzandlik bo‘ladi. Uning nomini ham shuning uchun Tilovoldi deb qo‘yadi. Bir qo‘shnisining o‘g‘li afg‘on urushiga borib, yaralanib, kontuziyaga yo‘liqib, tili tutuq bo‘lib qaytadi. Uning ota-onalari o‘lib ketgani uchun o‘ziga asrandi o‘g‘il qilib oladi. O‘zining o‘g‘li esa chet elga o‘qishga ketgan bo‘ladi. Rayonning kattalari ahyon-ahyonda kelib “Jayron bobo, yana bir katta kelayapti, zo‘ridan bir qo‘y so‘ying.”  Ertasiga, indiniga yana shu gap takrorlanaveradi. Bir oyda ellikta-yuzta qo‘y so‘yilib ketaveradi.  Axiri yutoqib deydi: “Buning so‘rovi bordir, axir, har kuni so‘yaversam.” “Siz xavotir olmang, hammasini o‘zimiz to‘g‘rilaymiz, nima g‘amingiz bor? Kampirga bering, mana bu go‘shtni mazza qilib eyishsin, — deb “muruvvat” ham qiladi. Bir kuni rayonning kattalaridan biri bir qiz bilan o‘ynashib o‘tirgan bo‘ladi. CHol buni ko‘rib hayron bo‘ladi va kampiriga yoriladi. “Mening yuragim muzlab bo‘ldi, kampir. Bu erga tog‘-u toshlarni ko‘rsatgani qizini olib kelibdi desam, jazmanini olib kelib o‘ynashib o‘tirgan ekan. Bu erning o‘tlari ham, suvlari ham, tog‘u toshlari ham endi harom bo‘ldi” kel, kampir, bu erdan ketaylik”,- deb ko‘zida yosh qalqiydi. O‘g‘li o‘qishdan qaytib keladi va “o‘sha qizni menga olib berasiz,” — deydi. CHol esankirab qoladi, rozi bo‘lmaydi. O‘g‘il esa “shundan boshqasiga uylanmayman” — deb turib oladi va deydi: “uning tog‘asi shu qizga uylansang, menga joy, mashina va boshqa ko‘p narsalar olib berishni va’da qilgan. CHol hech narsa deya olmay, aytishga botinolmay, ojiz qoladi. Qulmirzalarning odamlaridan biri kelib cho‘ponga “mana bu hujjatlarga qo‘l qo‘yib bering” — deydi. Jayron bobo “yo‘q, men bunday haromga qo‘l qo‘ya olmayman” – deb turib oladi. Axiyri, bu ishlarga, emishlarga cho‘ponning o‘zini ham sherik bo‘lganini eslatib, “haloldan so‘z ochasiz, uyingizga haromni opkelib qo‘yibsizku,” — deb o‘sha “qiz”ga ishora qiladi. Buni kampiri ham eshitib qoladi. SHu erda cholning bir qalb nidosi yangraydi: “To‘g‘ri, adashdim, ularga sherik bo‘ldim, harom eganimizning oqibati farzandimdan qaytdi, bu taqdir sinovi ekan”, — deb oh chekadi.

Qaerdadir o‘qiganim, eshitganim bor edi. Qo‘ni-qo‘shnilardan biri o‘zining diliga ozor va uyiga ziyon etkazgani haqida otaga farzandini yomonlab keladi. Qo‘shnining arz-dodini eshitgan ota bir ayoliga, bir qo‘shnisiga qarab hang-mang bo‘ladi. Qo‘shni ketgach, ota xotinini chaqirib deydi, “Bu ne hol bo‘ldi, nega farzandimiz noqobillik qilibdi, yo biron bir harom-harish eganing bormidi?” Onasi “yo‘q,” — deydi-yu birdan yodiga tushib “O‘g‘limiz qornimdaligida, homiladorlik paytimda qo‘shnining uyiga mehmonga borgandim. O‘shanda po‘rtaxolga boshqorong‘i edim.  Ne ko‘z bilan ko‘rayki, dasturxonda hil-hil pishgan po‘rtaxollar turardi. Qo‘l cho‘zib olib eyishga istihola qildim. Mezbon choy keltirish uchun chiqqanida to‘g‘nog‘ichim bilan po‘rtaxolni teshib suvini so‘rib, yana joyiga qo‘yib qo‘ygandim, — dedi.

  • Ana, ko‘rdingmi, xotin, homilalik paytingdayoq, bolamizni halol oziqlantirmay, aybdor qilib qo‘ygan ekanmiz, — deb kuyunibdi ota.

—  Ayni kunlarda qanday rollar bilan bandsiz?

— O‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining do‘stligi tarixi haqida  Murod Nizomov ssenariysi asosida “Bahor qaldirg‘ochi” degan badiiy film suratga olingan yaqinda premerasi bo‘ladi. O‘shanda ota rolini ijro etdim. Kinoda o‘g‘lim qoraqalpoq qizini sevib qoladi, ular orasidagi samimiy muhabbat tarixi har ikkala xalqqa xos bo‘lgan urf-odatlar zamirida o‘z aksini topgan. Millat tanlamas qadrulabad tuyg‘u sanalgan muhabbat ushbu filmda yana bir bor tarannum etilgan. Rustam Sa’dievning “O‘gay ona” filmida ota rolini ijro etdim. Tomoshabinlar yaxshi qabul qilishdi. Afg‘on urushi haqida bir filmni rejalashtirib yuribman, qaniydi, mablag‘ bo‘lsa, shuni suratga olsam.  Qo‘shning tinch — sen tinch degan naql behuda emas. Bir kun janjal bo‘lgan joydan qirq kun baraka ko‘tariladi deb bejiz aytishmaydi. Urushning oqibatlari va asoratlarini ota-bobolarimiz ko‘rishgan. Biz mana shu tinchligimizning, xalqimiz osoyishtaligining qadriga etib shukrini qilishimiz kerak.

—  Tilaklaringiz?

— Men jazo muddatini o‘tayotganlarga sabr-toqat tilayman. Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, deyishadi. YOrug‘ kunlar ham kelar, ularning ota-onalari kutayotgandir, farzandlari kutayotgandir, oilasi kutayotgandir. Eson-omon qaytib kelib, qizlarini bokiralik bilan kuyovga uzatsin, o‘g‘illarini imonli, e’tiqodli qilib tarbiyalab uylantirsin. Ularning rohat – farog‘atini ko‘rsin, deb tilak bildiraman.

(“Vaqt-vremya” gazetasi, 2012 yil)

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.