9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

BAXTIYOR IXTIYOROV: SAN’AT HAM TARBIYA O‘CHOG‘I

notiq.uz > Suhbatlar  > BAXTIYOR IXTIYOROV: SAN’AT HAM TARBIYA O‘CHOG‘I

BAXTIYOR IXTIYOROV: SAN’AT HAM TARBIYA O‘CHOG‘I

Har bir davrning o‘z talabi va shunga yarasha muammolari  bo‘ladi. Unga javob izlash uchun inson umrguzaronlik qiladi. Ba’zan to‘g‘ri javob topadi, yoki topolmasdan adashadi. Bu unga berilgan ta’lim tarbiyaning samarasi va sifatiga bog‘liqligi ayon.  O‘z umri mobaynida ezgu xizmatlari, orttirgan tajribalari, xayru savobli ishlari bilan el e’tiboriga tushib doimiy e’zozda bo‘lib kelayotgan taniqli san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti, “Mehnat shuhrati” ordeni sovrindori Baxtiyor Ixtiyorov bilan suhbatimiz ham ana shu haqda.

  • Baxtiyor aka, har bir ota ona dunyoga kelgan farzandini o‘g‘ri bo‘lsin, jinoyatchi yoki badkirdor bo‘lsin deb niyat qilmaydi, balog‘atga ham etkazmaydi. Lekin taqdir taqozosimi yo boshqa, u ma’lum bir vaqtlardan keyin nojo‘ya qadam tashlab jinoyatga qo‘l uradi. Buning sabablarini nima bilan izohlaysiz?
  • Nazarimda, bunga javob bitta kishi ma’naviyatining etishmasligi yoxud kishining jaholat botqog‘iga botganligidir. To‘g‘ri, ma’naviyatni bu o‘rinda kengroq ma’noda tushunish kerak. Insonning o‘z o‘zini boshqara bilishi, xulq atvori jamiyatga, mulkka munosabati kabilarni ham shu o‘rinda e’tiborga olayapman. Har bir davlatning o‘z tuzumiga mos qonun — qoidalari bor, xalqi unga so‘zsiz amal qilsa, shubhasizki, yurt farovon yanada obod bo‘ladi. Sitseronning bir hikmati bor: inson erkin bo‘lishi kerak, buning uchun u qonunning quli bo‘lishi kerak. Qul deganda unga so‘zsiz itoat etish, qonunlarni hurmat qilish, insonning o‘z xulqini, nafsini jilovlay bilishi tushuniladi. O‘qish, mehnat qilish, dam olish bularning hammasi insonga xos huquqiy me’yoriylar. Kishi o‘z ehtiyoji va talabining me’yorini bilmagan taqdirda noxush hodisalar sodir bo‘ladi.
  • Baxtiyor aka, menimcha, o‘z o‘zini idora eta bilmaslik barcha illatlarning boshlanishi bo‘lsa kerak-a?
  • Juda to‘g‘ri aytdingiz. Inson, dastavval, o‘z — o‘zini yaxshi anglashi kerak. Bu uning aytgan so‘zi, bosgan qadamiga mas’ulligi va o‘z o‘rnini yaxshi bilishi demakdir. Har bir insonning ikkinchi “men”i bor. Biri shu ishni qil desa, ikkinchisi ogohlantiradi. Kim bilib o‘tiribdi deyishdan boshlanadi har bir jinoyatning boshi. Tasavvur qiling. Har bir rahbarning imzosi bilan go‘yo bitmaydigan narsa bitib ketadi. Xo‘sh, oqibati nima bo‘ladi? Idora yoki korxona rahbari bir narsaga qo‘l qo‘yishdan oldin mas’ullik tuyg‘usini tuyishi kerak. Buning ortida jamoatning mehnati, manfaati borligini yaxshi his etishi kerak. Bir imzo bilan davlat mulki talon — toroj bo‘lishi mumkin. O‘z jig‘ildoni emas, vijdoni oldida shu ishni to‘g‘ri qilayapmanmi deb qayta — qayta savol bersa xunuk voqealar ro‘y bermaydi.
  • Ikkinchi, uchinchi bor qilingan jinoyatlar haqida nima deysiz?
  • Bu tavbasiga tayanmaslik, aytish mumkinki, ruhan ojizlikdir. “Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi” degan naql bor. Bu tug‘ma ko‘r, nobinolar haqida. Jinoyat ikkinchi, uchinchi bor sodir etilsa, bu qalb ko‘zining so‘qirligidan dalolat. Ilojsizlikdan qildim, shayton yo‘ldan urdi degan gaplarga men qo‘shilmayman. Rudakiyni ushbu ruboiysini aytishdan o‘zga muddaom yo‘q.

Boriga qanoat qil, ozod yasha,

Ey Ro‘dakiy odil ham obod yasha.

O‘zingdan ortiqni ko‘rib g‘am ema,

Sendan ojizlar bor, ko‘rib shod yasha.

Jamiyatimizda qonunlarning adolatli, insonparvarlik tamoyillari bor. Birinchi bor jinoyat qilsa, oilasi, farzandlarini, mehnatga munosabatini inobatga olgan holda bir muncha jazoni engillashtiradi. Ikkinchi, uchinchi bor jinoyatga qo‘l urganlarni esa men hech tushunolmayman. Bir jinoyatchining qilmishi, qamalishi atrofidagilarni ham iztirobga soladi. Bular uning oilasi, farzandlari, qarindosh — urug‘, qo‘ni — qo‘shni, mahalla-ko‘y va hokazo.

Siz jiddiy va hajviy rollarning mohir ijrochisi sifatida xalqimizga yaxshi tanishsiz. Hajviy yo‘sindagi rollaringizda ham jiddiy, nimanidir aytishga harakat bor. Buning zamirida qanday ma’no yotadi?

Har qanday rol muallif maqsadi, asarning g‘oyasi bilan bog‘liq. Aks holda, u asarga kiritilmaydi. Xalq orasida ommalashgan filmlarni olaylik. “Ajoyib xayolparast” yoki “YOr-yor” filmlari. Sirtdan qaraganda, men ijro etgan rollar kulgili, hajviy mohiyatga egadek. Sarguzashtlar, qiziqarli, hajviy voqealardan iboratdek tuyuladi. Aslida, unday emas, unda bosh qahramon timsolida bosh g‘oya muhabbat tuyg‘usi o‘z ifodasini topgan. SHoir haqli e’tirof etganidek, achinma shoirga borligi uchun, yoki parcha nonga zorligi uchun, bilsang dunyoda yashaydi shoir, olamda muhabbat borligi uchun.   YAna aytishadiku, muhabbat o‘zi eski, lekin uni har bir qalb yangilaydi deb. YUqorida tilga olingan har ikkala filmda ham sof muhabbatning iztiroblari, tashvishlari ayni damda zavq – shavqlari jonli manzaralarda, real voqealarda gavdalantirilgan. “Layli va Majnun”ga e’tibor qiling. Qays, ya’ni Majnun Layli ishqida qanday kuylarga tushmaydi. Unga “sen u qora qizni nima qilasan deganlarida, sizlar unga mening ko‘zim bilan boqqanlaringizda uning tengsiz go‘zalligini bilib olardingizlar” — deb javob berishini eslaylik. “shohni gado qiluvchi” muhabbat tuyg‘usi keng ma’noda tushuniladi. YOrga, diyorga, kasbga va hokazo. “Ajoyib xayolparast” filmining yaratilganiga yarim asr bo‘libdiki, haligacha uni maroq bilan tomosha qilishadi. SHu filmda mening sevgilim rolini o‘ynagan san’atkor Aida YUnusovaning yana san’atga qaytib kelganini eshitib shod bo‘ldim. Televizorda ham shu haqda ko‘rsatuv bo‘ldi, balki ko‘rgandirsiz. Bu ham kasbga, san’atga bo‘lgan muhabbatning kuchi, inson qaerda bo‘lmasin unga tinchlik bermaydi, uni albatta san’atkorlar davrasiga chorlaydi. CHunki, san’at ham o‘ziga xos tarbiya olami. Uning ta’sirli, tarbiyaviy mohiyati hech qachon so‘nmaydi. Unga yaqin bo‘lgan insonni yaxshilik, ezgu ishlarga chorlaydi.

  • Suhbatingiz uchun tashakkur.
  • Sizlar ham sog‘ bo‘linglar. YUrt tinchligi va osoyishtaligini bebaho boylik deb bilib, og‘ir va mashaqqatli mehnatga kamarbasta bo‘lib kelayotgan JIEBB xodimlariga omadlar tilayman. O‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqargan mahkumlarning ham oilasi davrasiga etib borishlariga orzumandman.

(“Vaqt-vremya” gazetasi, 2012 y)  

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.