9:00 - 18:00

Dushanbadan - Shanbagacha

+(99890)994-60-90

Murojaat uchun

Facebook

Instagram

 

NAFOSAT VA NAZOKATNING NISHONI

notiq.uz > Yangiliklar  > NAFOSAT VA NAZOKATNING NISHONI

NAFOSAT VA NAZOKATNING NISHONI

Qalblarning quvonchi va ko‘ngil xotirjamligiga bois, nafosat, nazokat va go‘zallik timsoli ularning nomi bilan bog‘liq. 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ushbu so‘zlar, istaklar mag‘rur jaranglaydi. Negaki, ona, opa — singil va lobar qizlarimizdan tarkib topgan nasliy yaqinlikni ifoda etuvchi zoti sharifalar borligimiz va borlig‘imizga nishondir. Oilada, mahallada, ta’lim muassasasida, mehnat jamoasida ularning o‘rni alohida mohiyat kasb etadi.[/vc_column_text]

Hammamiz orziqib kutgan mana shu go‘zal bahor kunlarida, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida TIQXMMI ning madaniyat saroyida ana shu qutlug‘ sanaga bag‘ishlangan katta tantanali ma’naviy tadbir tashkil etildi. Unda institutimizning go‘zal talaba qizlari va ayol professor o‘qituvchilari bilan birgalikda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi, poytaxtdagi 527 va 142 — o‘rta maktabi o‘qituvchi va iqtidorli o‘quvchilari, shuningdek, Lashkarbegi, Hamid Olimjon, Darxon, Mirzakalon Ismoiliy, Asaka, Mustaqillik mahallalaridan tashrif buyurgan faol va faxriya ayollar ishtirok etishdi. Ushbu bayram bugun nafaqat yurtimizda, balki dunyoning barcha burchaklarida juda keng nishonlanmoqda.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti erta tongdan institutimiz yoshlar ittifoqi Boshlang‘ich tashkiloti tomonidan 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan institutimizning barcha ayol va dilbar qizlarimizni bayram tabrigi sifatida kutib olishdi. Ushbu bayramda taklif etilgan barcha ayollarimizni institumizning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori R.Choriyev bayram tadbiri sifatida ehtirom bilan kutib oldilar va gullar va sovg‘alar bilan muborakbod etdilar. SHundan sung ayollarimiz uchun tayorlangan videorolik barcha yig‘ilganlarni e’tiborini tortdi. So‘ngra doira childirmasi sadosida bayram tadbiri boshlanib ketdi.

Tadbir boshlovchilari dastavval, davrani ochish uchun institutimiz rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevichni mikrofon qarshisiga taklif etdilar. Rektorimiz barcha opa — singil va dilbar talaba qizlarni bayramlari bilan samimiy tabriklab, ularga hayotiy va ijodiy faoliyatlarida kuch-quvvat hamda omadlar yor bo‘lishini tiladilar. Ular o‘z tabrik nutqlarida bu qutlug‘ ayyomda hurmatli xotin-qizlarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo‘tabar Ona siymosiga ta’zim qilamiz, deya ta’kidlab, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida er yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib kelshi haqidagi mulohazalarini eslatib o‘tdilar. Ayniqsa, mehmon san’atkorlarimiz O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Turg‘un Beknazarov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Aleksandr Bekchanov, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Mexrixonim Bekchonova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Avazbek Olimov, «Sharq» guruhi, hamda «Nihol» davlat mukofoti sovrindori ajoyib xonanda Lobar Umarovalar ijrosida aytilgan qo‘shiqlar barcha ayollarimizni maftun etdi. SHuningdek, talaba-yoshlarimiz ijrosida sahnada ko‘rinishlari ham namoyish etildi. Nafaqat talaba-yoshlarimiz O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Odinaxonim G‘oziyeva hamda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqa teatri aktrisasi Dilnoza Saidova ijrosida sahnalashtirilgan “Jaydari kelin” spektakli barcha ayollarimizga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Ulug‘ donishmandlar Vatanga eng munosib ta’rif izlaganda, uni Ona siymosiga qiyos etganlarida katta ma’no bor. Dunyoda «muqaddas» degan so‘zga eng munosib zot ham – Onadir. Ushbu bayram tadbirida tashrif buyurgan el ardog‘idagi xalqimizning sevimli sa’atkorlari, munis onajonlarimiz haqida go‘zal qo‘shiqlar ijro etib, barcha ayollarimizni raqsga taklif etishdi

So‘ngra bayramona konsert dasturi ana shunday tempda davom etdi. Dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangani bejiz emas. Qo‘shiq va raqslarda ana shu ruh va shukuh hukm surdi. Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki hayotimizning go‘zalligi va mazmuni, xonadonlarimizning saranjom-sarishta, obod va nurafshonligi ularning mehri bois.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda turli soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilarning 45 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Jumladan, davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin opa-singillarimiz rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda.
Hatto, bu ko‘rsatkichni institutimiz misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Professorlar Ismoilova Zuhra Karabaevna, Gazieva Rano Teshabaevna, O‘ljaeva SHohista Mamajonovna, dotsentlar Sangirova Umida Ravshanovna, Kilicheva Feruza Beshimovnalarning kafedra mudirasi sifatidagi rahbarliklari va faoliyatlari tahsinga loyiq.
Ikramova Malika Raximberdievna, Durdona Mustafoeva, Zulfiya Mirxasilova, Jamila Xayitbaeva, Farida Yusupova, Tursunoy Apakxujayevalarning ilmiy unvon va darajalarga erishganliklari jamoamizning faxri va yutug‘idir.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan ta’sis etilgan “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bugun Toshkent shahridan munosib deb topilgan munis ayollarga tantanali ravishda topshirilganidan voqifmiz. Ushbu nishon bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi kafedrasi” professori Ismailova Zuxra Karabaevna ham taqdirlanganini rektorimiz alohida e’tirof etib bir guruh faol ayollarimizga esdalk sovg‘alari va pul yutuqlarini topshirdilar.
Respublikamiz miqyosida oladigan bo‘lsak, o‘nlab opa-singillarimiz “O‘zbekiston Qahramoni”, “O‘zbekiston fan arbobi”, “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston xalq shoiri”, “O‘zbekiston xalq artisti” singari davlatimizning yuksak faxriy unvonlariga, orden va medallariga sazovor bo‘lganidek, Gender tengligining amaldagi ifodasi o‘rnida Oliy Majlis va Qonunchilik palatasiga saylovlarda deputatlikka, senatorlikka xotin-qizlarimizning munosib ko‘rilganligi ham yuqoridagi mulohazalarimizning tasdig‘idir.

Prezidentimiz hududlarga borganlarida shahar va tumanlarimizda barpo etilayotgan yangi bog‘chalar, ulardagi sharoitlar bilan tanishishga alohida e’tibor berishlari, bunday ishlardan onalar, ayollarimiz, jajji farzandlarimiz mamnun bo‘layotganlarini his etishlari bejiz emas
Institut madaniyat saroyidagi bayramona musiqiy dastur barchada iliq taassurot qoldirgani aniq. Diltortar qo‘shiqlar, jozibador raqslar, sahna ko‘rinishlari hech kimni befarq qoldirmadi. Ayniqsa, dastur boshida chiqib 6 yoshli Amurshohimning juftlikda qo‘shiq ijro etishi barchani birdek shod etdi.

Institutimizda tahsil olayotgan talaba qizlarimizning aksariyati ta’lim, ma’naviyat, sport bo‘yicha respublika miqyosida katta yutuqlarga erishayotgani ham bizni xursand etmasdan qolmaydi. Bularning zamirida avvalo, davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, qolaversa, intilish, izlanuvchanlik va matonat mavjud.
Bayram tadbirini yuqori saviyada o‘tkazilishiga o‘z hissasini qo‘shgan barcha ishtirokchilarga, xususan, institut Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor R.CHoriev, «Er resurslarini boshqarish» fakulteti dekani Sh. Narbayev, fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova, fakultet professor-o‘qituvchilari Sarvar Abduraxmonov, Vaxobjon Axmadaliev, SHuxrat Lakaev, sahnalashtirivchi rejissor Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqa teatri aktyori Bozorbek Xolmuminovlarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Darhaqiqat, Onani ayollarni e’zozlash– bizning millatimiz, xalqimiz uchun oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan fazilat. Chunki ayollarni qancha ulug‘lasak, hayotimizning chirog‘i, umrimizning guli deb e’zozlasak, demakki, oilamizni Vatanimizni e’zozlagan bo‘lamiz.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ayollarimizning baxti – xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.

[/vc_column][/vc_row]

No Comments

Sorry, the comment form is closed at this time.