Xattot xati — xalq baxti

Taqdir bitigining ham, qog’ozdagi bitikning ham yozg’uvchisi bor. Taqdir bitigi bu inson peshonasidagi yozig’, u haq taoloning ishi. Qog’oz yuzidagi bitik esa qilqalam xattotlarning ilmu amali. Birinchisini o’qishning imkoni yo’q, ikkinchisi esa o’qiladi, asrlardan-asrlarga, avlodlardan-avlodlarga yetkaziladi, o’tkaziladi. Yozuv kishilik dahosining muhim kashfiyotlaridan biri. Yusuf Xos Hojib tili bilan aytganda, “Bo’lmaganda agar xattot qalami, qorong’u qolardi moziy olami”.